Video: Kavani Neymarga qo'pollik qildi, Neymar uning uzrini qabul qilmadi
Nov. 18, 2018, 2:01 p.m. 18849

Braziliya va Urugvay terma jamoalari o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvi vaqtida «PSJ»ning urugvaylik hujumchisi Edinson Kavani va braziliyalik hujumchisi Neymar o'rtasida to'qnashuv sodir bo'ldi.

Braziliyaliklar uchrashuvda 1:0 hisobida g'alaba qozondi, o'yin oxirida vaziyatlardan birida Kavani Neymarga qo'pollik ishlatib, uni gazonga yiqitdi va sariq kartochka bilan jazolandi. Shundan keyin u Neymarning qo'lidan tortib turg'azib qo'ymoqchi bo'lganida, braziliyalik futbolchi ochiqchasiga norozilik bildirdi.

O'yindan keyin Kavani ushbu hodisaga munosabat bildirib o'tgan.

«Hamisha kuchli raqiblarga qarshi o'yinlar o'tkazish foydali bo'ladi. Braziliyaga qarshi o'ynash ajoyib. Ayniqsa Neymarga qarshi. Biz hech qaysi o'yinda yutqazishni istamaymiz. O'rtoqlik o'yinlarida ham. Ayrim futbolchilar natijadan qattiq xafa bo'lishdi. Maydonda jang ketdi, ammo final hushtagi chalinganidan keyin barcha tinchlanib oldi», — deya Kavanining so'zlarini keltirgan L’Equipe. 

Qayd etish kerakki, Neymar Parijga kelganidan keyin jamoaning asosiy hujumchisi maqomini Edinson Kavanidan tortib olgandi. O'tgan mavsumda ikki hujumchi penaltini kim tepishi masalasida jiddiy tortishib qolishgandi. Hozirgacha futbolchilarning munosabatida sovuqlik saqlanib qolmoqda.

Xuddi shu vaqtda «Napoli» Kavaniga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Klub prezidenti Aurelio de Laurentis urugvayli hujumchini Italiyaga qaytarishga jiddiy kirishgan.

Ayni vaqtda 31 yoshda bo'lgan Kavani «Napoli» safida 2010 yildan 2013 yilga qadar to'p surgan, u jamoa bilan Italiya Kubogi sohibi bo'lgan. 

OAV xabariga ko'ra, Kavani ham Neapolga qaytishni istamoqda. U buning uchun maoshi kamayishiga ham rozi. 

FranTsiya chempionatining joriy mavsumida Kavani 12 uchrashuvda 9 gol urishga erishdi.