Raqib maydonni tashlab ketishni istadi - «Andijon» Superligaga qanday chiqqani haqida
Nov. 15, 2018, 3:37 p.m. 18098

«Andijon» klubi ikki yillik tanaffusdan so'ng yana O'zbekiston chempionatining yuqori divizioniga - Superligaga qaytdi. Ko'p yillar davomida Birinchi Liga deb atalib kelingan quyi divizion esa endi Pro-liga deb atalmoqda. Yani, Professional Liga.

Malumot uchun aytish kerakki, bu ligada shunchalik «professional jamoalar» borki, bunday jamoalar avtobusda joy yo'qligi uchun shifokor va etarlicha zaxira futbolchilarini mehmondagi o'yinlarga olib ketolmaydi. Yana bazi jamoalar zaxirada bittagina darvozabon bilan o'ynasa, boshqalari zaxira darvozaboni bo'lmagani uchun posbonlikni maydondagi o'yinchilardan biriga «ishonib topshirish»ga majbur bo'ladi. Ana shunday ajoyib liganing 2018 yilgi g'olibi aniqlandi. Juda g'alati tarzda aniqlandi.

Shaxsan menda bu yilgi Pro-liga jamoalaridan ikkitasi yaxshi taassurot qoldirdi: «Sho'rtan» va «Istiqlol». Har ikkisida ham o'zbek futbolida dong'i ketgan futbolchilar bo'lmasa-da, sifatli futbol namoyish etishdi. Ana shu jamoalardan biri «Istiqlol» Pro-liganing 35-turida «Andijon» mehmoni bo'ldi. Bu o'yindan oldin andijonliklar jamoasi 60 ochko bilan chempionatda etakchilik qilayotgandi. «Istiqlol» hisobida esa 54 ochko bor edi. 36-turda «Andijon» va «Mashal» Muborakda o'zaro o'ynashini inobatga olsak, «Istiqlol»da chempionlik uchun imkoniyat yo'q edi. Biroq Sergey Lebedev shogirdlari «Andijon» ularni engib chempion bo'lishini xohlamagani aniq.

Esingizda bo'lsa, o'tgan yil «Manchester Siti» o'z maydonida «Yunayted»ni engib chempion bo'lishi mumkin edi, biroq Joze Mourino shogirdlari hamshaharlarini safar o'yinida mag'lub etib, ularning bayramini ortga surishdi. Jozedan tanaffusda yigitlaringizga nima dedingizki, ular Gvardiola va jamoasining bayramini buzishga kuch topishdi deyishganida «Special One» shunday javob bergandi: «Anavilarning bayram qilayotganini masxarabozga o'xshab tomosha qilishni xohlaysizmi, dedim».

Yaqin o'tmishdagi futbolimizning ajoyib vakillaridan biri bo'lmish Sergey Lebedev ham shogirdlari bilan «Andijon»ning bayramiga tomoshabin bo'lishni istamagani aniq.

«Istiqlol» Andijondagi o'yinda birinchi bo'lib hisobni ochdi. Shu kuni «Sog'lom avlod» stadioniga ko'plab farg'onalik muxlislar ham tashrif buyurgandi. Ularning qo'llab-quvvatlashlari ostida «Istiqlol» futbolchisi 41-daqiqada uzoq masofadan zarba yo'llab, mezbonlar darvozasini ishg'ol etdi. Birinchi bo'lim Lebedev jamoasining g'alabasi bilan yakunlandi. Ikkinchi bo'lim boshlarida muxlislar bir necha daqiqaga 2005 yilga qaytib qolgandek bo'lishdi… Yaponiyalik hakam ToshimiTsu Yoshida boshqargan O'zbekiston – Bahrayn o'yinini nazarda tutyapmiz. 50-daqiqada andijonliklar hisobni tenglashtirishadi. Biroq durang natija «Andijon»ga etarli emasdi. Chunki, 36-turda jamoa Muborakda ikkinchi o'rinda borayotgan «Mashal»ga qarshi o'ynashi kerak. Agar qashqadaryoliklar bu «oltin o'yin»da g'olib bo'lishsa, chempionlikni ilib ketishlari mumkin edi. O'z maydonidagi «Istiqlol» ustidan qozonilgan g'alaba esa andijonliklarga muddatidan oldin chempionlikni hadya etardi.

Hisob tenglashganidan ko'p o'tmay o'yinni boshqargan hakam Sherzod Qosimov «Istiqlol» darvozasiga penalti belgiladi.  O'zi Pro-liga o'yinlarida juda ko'p penalti belgilanadi. Bu o'yin ham mustasno bo'lmadi. Xullas, shu hakamning penalti belgilashi farg'onalik futbolchilarning noroziligiga sabab bo'ldi. Qosimov ularni bir amallab tinchitgach, zarbaga ruxsat berdi. «Andijon» futbolchisining penaltidan bergan zarbasini «Istiqlol» darvozaboni Nodir Ashurmatov qaytardi. Biroq to'p qaytarilishi bilan Sherzod Qosimov qo'llarini yuqoriga ko'tarib, penalti qaytadan tepilishi kerakligini aytdi. Raqibning penaltisini qaytargani uchun xursandchilikdan sakragan «Istiqlol» darvozaboniga esa ikkinchi sariq kartochka ko'rsatib, uni maydondan chetlashtirdi.

Shu o'rinda savol paydo bo'ladi. Balki hakam darvozabon zarba berilishidan oldin oldinroqqa tashlanib, qoidani buzib to'pni qaytargan, deb topgan va penalti qayta tepilishini ko'rsatgandir. Lekin unga nega ikkinchi sariq ko'rsatilgan? Barcha darvozabonlar ham penalti vaqtida raqib futbolchisi to'pni tepayotganida o'z inerTsiyasiga bo'ysunib oldinga tashlanadi. Harholda darvozabon chiziqdan sal oldinga chiqqani uchun unga ikkinchi sariq kartochka berilmaydi. Hakam o'yin protokolida ko'plab noroziliklarni keltirib chiqargan bu qarorini qanday izohlagani bizga qorong'i. Lekin vaziyat videosida darvozabonning o'ta jiddiy ayblari borligi ko'rinmaydi.

Katta ehtimol bilan Qosimov darvozabonning keyingi harakatlarini (yani, o'z seyvidan keyingi xursandchiligini) agressiv harakat deb baholagan. Nima, penalti qaytarib xursandchilik qilish mumkin emasmi?

Tajribali hakamlar kuchli referilar oddiylaridan hal qiluvchi pallada inson omilini inobatga olib qaror chiqarishi bilan farqlanadi, deyishadi. Robot kabi faqat qoida bilan ishlaydigan hakamlar odatda o'yinlarni buzib qo'yishadi. O'zbekiston iftixori Ravshan Ermatov 2014 yilgi mundialda ShveyTsariya hamda Ekvador jamoalari o'rtasidagi o'yinda aynan hakam bo'lib emas, inson bo'lib chiqargan qarori sabab ko'pchilikning olqishiga sabab bo'lgandi. Balki, Sherzod Qosimov shuning uchun ham Ravshan Ermatov darajasiga ko'tarila olmas…

Bu voqeadan keyin farg'onalik futbolchilar hakamning qaroriga norozilik bildirgan holda butun jamoa bo'lib darvozabon bilan birga maydonni tark etishmoqchi bo'lgan, ammo murabbiy ulardan oxirigacha o'ynashga ko'ndirgan.

Xullas, «Andijon» ikkinchi urinishda penaltidan gol urdi. O'yinning qolgan qismida ham Qosimov ko'p marta mezbonlar foydasiga qarorlar chiqardi va «Andijon» juda xunuk g'alaba bilan Superliga yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Quyida hakam mezbonlarga ochiqchasiga yon bosgan vaziyatlardan ikkitasi keltiriladi.

Biz hakamlarning «Andijon»ga yordam bergani haqida ortiqcha gapirmoqchi emasmiz. Chunki buning foydasi ham yo'q. Bunga bir necha o'n marotaba guvoh bo'lganmiz. O'zbek futboli muxlislarini boshqa narsa ranjitdi…

«Andijon»ning zaxira futbolchilari darvoza ortida turib, penaltini qaytargan darvozabonni maydondan chetlashtirishni talab qilishlari, o'sha penaltidan urilgan golni xuddi Pushkash sovriniga davogar bo'lganidek nishonlaganliklari… Umuman, andijonlik futbolchilar mana shunday nomunosib tarzda Superligaga chiqqanidan bu qadar quvonishlari har qanday vijdoni uyg'oq muxlislarni ranjitadi. Ijtimoiy tarmoqlarda «Andijon»ning ko'plab muxlislari «Bizga bunday g'alabaning keragi yo'q», qabilida munosabat bildirganliklarini ko'rdik. Chindan ham vijdoni bor inson noto'g'ri yo'l bilan qo'lga kiritilgan har qanday narsani qabul qila olmaydi.

Internetda «Andijon» klubi muxlislari ham o'z noroziliklarini quyidagicha bildirishdi.

Eng yomoni, mana shu «Tsirk» PFL rahbari Omon G'ofurovning ko'z o'ngida sodir bo'ldi. U mana shu sharmandalikni jimgina tomosha qildi va o'yindan keyin kubokni andijonliklarga tantanali tarzda topshirib keldi.

Darvoqe, kubok haqida. PFL «Andijon»ning 35-turdayoq chempionlikni naqd qilishini tushida ko'rganmidiki, kubokni o'yindan oldin stadionga olib borib qo'yadi? Demak, «Mashal»ning chempion bo'lmasligi aniq bo'lgan ekanda? Vaholangki, Andijondagi o'yinda mezbonlar ochko yo'qotishsa, 35-turda «Norin»ni mag'lub etgan «Mashal» oxirgi turda «Andijon»ni o'z maydonida mag'lub etib, chempionlikni ilib ketishi ham mumkin edi. Agar «Andijon» - «Istiqlol» o'yinida durang qayd etilsa, yoki farg'onaliklar g'olib bo'lishsa, oxirgi turda «Mashal» va «Andijon» jamoalari o'rtasidagi chempionlik «jangi» qanday o'tgan bo'lishini tasavvur qilyapsizmi?

Lekin PFL kubokni hali chempion bo'lishi aniq bo'lmagan «Andijon» stadioniga olib bordi. Bunaqa qarorlar bilan futbolni rivojlantirmoqchi bo'layotganlar qattiq adashishadi. O'tgan mavsumda «Mashal»ni stadionidagi yoritkichi talab darajasida emas deb yuqori diviziondan chetlashtirgan tashkilot bu mavsumda nechta jamoaga maydoni va stadionidagi sharoiti talab darajasida bo'lmasa ham (!) o'yinlarni o'tkazishga ruxsat berganini ko'rdik. PFL yo'q joydan jamoalarni yuqori divizionga olib chiqaversa, toza futbol o'ynayotgan jamoalarning xo'rlanayotganiga jim qarab tursa, bu tashkilot o'z nomidan professional degan so'zni sekingina oldirib tashlagani maqul.

Futbol bu hayot-mamot masalasi hal bo'ladigan narsa emaski, unda har xil qing'irliklar qilishga zarurat bo'lsa. Axir bu o'yin. Odamlarni ovuntiradigan shunchaki o'yin, azizlar. Birgina o'yin sabab boshqalarning ko'ziga baloday ko'rinishning nima keragi bor? Tartib o'rnating va qing'irliklarga yo'l qo'ymang. Qolgan ishlar hammasi o'z-o'zidan iziga tushib ketaveradi.

Muxlislarga esa yaxshigina maslahatimiz bor. Uyingizga yaxshi televizor oling. Har xil tyunerlar va antennalarni o'rnatib, Evropa chempionatlarini ko'rsatadigan kanallarni o'rnating. Ishdan kelgach, «kuchli beshlik» o'yinlarini maza qilib tomosha qiling. O'zimizning o'yinlarga bir daqiqa ko'z tashlab, hali ham hech narsa o'zgarmaganini ko'rgach, asabiylashmang. Miyig'ingizda kulib qo'ying va yana «kuchli beshlik»ka qayting. Chunki o'zbek futboli bebaho asabingiz buzilishiga arzimaydi.

O'tkir Jalolxonov