Drogba 40 yoshida faoliyatiga yakun yasadi
Nov. 9, 2018, 2:10 p.m. 3837

«Chelsi»ning sobiq hujumchisi Dide Drogba faoliyatidagi so'nggi o'yinini o'tkazdi. U 2017 yil bahoridan buyon Amerikaning ikkinchi divizioni – USL vakili «Finiks Rayzing» sharafini himoya qilib kelayotgan edi.

Finiks shahri jamoasi bugun USL finalida «Luisvill Siti» klubiga qarshi maydonga tushib, 0:1 hisobida mag'lubiyatga uchradi. Ushbu bahsdan so'ng Drogba butsalarini mixga ildi. Qayd etish joiz, u «Finiks Rayzing» klubi xo'jayinlaridan biri sanaladi.

Dide asosan «Chelsi»dagi faoliyati bilan yaxshi tanilgan. U London klubi tarixida eng ko'p gol urgan xorijlik futbolchi hisoblanadi. 2004-2012 va 2014-2015 yillardagi faoliyati davomida «ko'klar» libosida 164 ta to'p kiritgan hujumchi klubning umumiy to'purarlar ro'yxatida 4-o'rinda turadi.

Drogba 2002-2014 yillar oralig'ida Kot-dIvuar terma jamoasining 104 o'yinida qatnashib, 65 ta gol kiritgan va bu natija bilan terma jamoaning eng yaxshi to'purari hisoblanadi. U 2006 va 2009 yillarda Afrikaning eng yaxshi o'yinchisi deb etirof etilgan.