O'zbekiston terma jamoasi o'rtoqlik o'yinida Qatarni engdi
Oct. 16, 2018, 9 p.m. 8623

O'zbekiston terma jamoasi Toshkentda Qatar bilan o'rtoqlik bahsini o'tkazdi va 2:0 hisobida g'alaba qozondi.

O'yin mezbonlarning ustunligi ostida o'tdi. O'zbekiston terma jamoasi har ikkala bo'limda bir qancha xavfli vaziyatlarni vujudga keltirdi va raqibni ikki marta jazolashga muvaffaq bo'ldi. 

72-daqiqada Akmal Shorahmedov o'ng qanotdan jarima maydoniga uzatgan to'pni himoyachilar etiboridan chetda qolgan Odil Ahmedov yaqin masofadan boshi bilan darvozaga yo'lladi.

85-daqiqada Odil Ahmedovning ajoyib pasidan so'ng, Marat Bikmaev darvozabon bilan yuzma-yuz chiqib, to'pni uning ustidan oshirib, darvozaga yo'lladi.

Qatar terma jamoasida hisobni qisqartirish uchun imkoniyatlar bo'ldi. Ammo O'zbekiston terma jamoasi himoyachilari xatoga yo'l qo'ymasdan, o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolishdi.

Qayd etish kerakki, bu O'zbekiston milliy terma jamoasi Ektor Kuper boshchiligidagi qatorasiga ikkinchi g'alaba bo'ldi. O'zbekiston terma jamoasi 13 oktabr kuni Toshkentda Shimoliy Koreya termasini Marat Bikmaevning dubli evaziga 2:0 hisobida mag'lubiyatga uchratgandi. Sentabr oyi boshida Suriya va Eronga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlarida bir durang va bir mag'lubiyat qayd etilgan (Suriya bilan 1:1, Eron bilan 0:1).

Kuper shogirdlari navbatdagi o'rtoqlik uchrashuvini noyabr oyida Livan termasiga qarshi o'tkazadi.

O'rtoqlik o'yini
16 oktabr, Toshkent, «Milliy» stadioni, 12155 tomoshabin
O'zbekiston - Qatar 2:0 (0:0, 2:0)
Gollar:
Odil Ahmedov (72), Marat Bikmaev (85)
O'zbekiston: O'tkir Yusupov, Akmal Shorahmedov, Egor KrimeTs (Dostonbek Tursunov, 64), Anzur Ismoilov, Oleg Zoteev, Odil Hamrobekov, Odil Ahmedov ( Islom To'xtaxo'jaev, 90), Husniddin G'ofurov (Dostonbek Hamdamov, 46), Javohir Sidiqov, Ikrom Aliboev (Vladimir Kozak, 83), Eldor Shomurodov (Marat Bikmaev, 76).
Qatar: Yusuf Hassan, Abdulaziz Hatim Muhammad, Hassan Al Haydos, Karim Budiaf, Sulton Hussayn, Bassam Husam Ar-Raviy, Muhammad Musa, Abdulkarim Salim, Al Maoz Ali, Toriq Salmon, Assim Umar.