Pavel Mamaev 2 oyga hibsga olindi
Oct. 12, 2018, 12:05 a.m. 3215

Moskva shahrining Tverskoy sudi «Krasnodar» yarimhimoyachisi Pavel Mamaevni 8 dekabrga qadar hibsda qoldirdi.

Eslatib o'tamiz, 8 oktabr kuni «Zenit» hujumchisi Aleksandr Kokorin va uning ukasi Kirill, shuningdek, «Krasnodar» yarimhimoyachisi Pavel Mamaev Moskvadagi qahvaxonalardan birida Minpromtorg mulozimi Denis Pak va «NAMI» tashkiloti rahbari Sergey Gaysinni do'pposlashgan edi. Bu mojarodan biroz oldin esa «Perviy kanal» boshlovchisi Olga Ushakovaning haydovchisiga hujum qilishgan. Jabrlanganlar turli tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Bu ish yuzasidan Moskva poliTsiyasi JKning 213-moddasi (Bezorilik) bo'yicha jinoyat ishi ochdi va ishtirokchilarni hibsga oldi. Aybdorlarga 7 yillik qamoq jazosi tahdid solmoqda.

Bu ish bo'yicha o'tkazilgan dastlabki sudda Pavel Mamaev mushtlashuvda ishtirok etmaganini, mojaroni aka-uka Kokorinlar boshlaganini aytib, o'zini ozodlikda qoldirishni so'radi. Ayblovchi esa uning puli va tanishlari tufayli, odil suddan yashirinish ehtimoli borligi sababli, hibsda qoldirishni so'radi. Sud ayblovchining talabini qondirdi.

Avvalroq, Moskva shahrining Tverskoy sudi «Zenit» hujumchisi Aleksandr Kokorin va uning ukasi Kirillni ham 8 dekabrga qadar hibsda qoldirgan edi.