Turan o'z jabrdiydasiga to'pponcha tutqazib, qasos olishni taklif qildi
Oct. 11, 2018, 12:31 p.m. 7119

Dam olish kunlari turkiyalik qo'shiqchi Berkay Shahin va uning rafiqasi O'zlem Ade Shahin Istanbulning nufuzli tumani bo'lmish Emirganda joylashgan tungi klublardan biriga hordiq chiqarish uchun borishgandi. Bu klubga «Istanbul» jamoasida to'p surayotgan taniqli futbolchi Arda Turan ham do'stlari bilan tashrif buyurgandi.

Ular bir-birlari bilan tanish bo'lishmagan. Hordiq davomida Turan Berkayning rafiqasiga qiziqib qolgan. «Agar men uylanmagan bo'lganimda, sening yoningdan jim o'tmasdim», degan Turan.

Futbolchining bu shilqimligi Berkayning g'azabini qo'zitgan. U futbolchi bilan bahslasha boshlagan, futbolchi esa unga musht tushirib, burnini sindirgan. Shahinni zudlik bilan shifoxonaga olib ketishgan va operaTsiya qilishgan.

Turan shu kuni shifoxonaga to'pponcha bilan borib, Berkaydan uzr so'ragan. U jabrdiydasiga to'pponchani tutqazib, istasa o'zini otib tashlashi mumkinligini bildirgan. «Men u sening xotining ekanini bilmagandim. Kechir. Istasang, meni o'ldirishing mumkin», – degan u. Shahin esa bu taklifdan foydalanmagan.

Malumot uchun, Arda Turan shu yilning 11 martida Aslixon Do'g'anga uylangandi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'an va rafiqasi nikoh marosimida guvoh sifatida ishtirok etishgan. Ayni vaqtda uning rafiqasi homiladorlikning sakkizinchi oyida.

Berkay – taniqli pop-qo'shiqchi, rafiqasi esa – model

2010 yilda Shahinning ilk relizi Ele Inat chiqqandi, o'shanda uni Turkiyada yil qo'shiqchisi deya etirof etishgan. Shundan keyin u yana ikkita albom chiqargan.

O'zlem – mashhur model, instagramda uning 182 ming obunachisi bor. U ayni vaqtda universitetda tahsil olmoqda. 

2016 yilda ushbu juftlik turmush qurgan, ularning bir farzandi bor – kichik Arya ayni vaqtda 10 oylik.

Turkiyada Turanni muhokama qilishmoqda

10 oktabr kuni Turan instagramda voqea haqida yozdi. U qo'shiqchining xotiniga shilqimlik qilganini tan olmagan.

«Ha, men o'sha erda bahslashib qoldim. U erga do'stlarim bilan borgandim. Ammo bahsning sababi or va nomus emasdi. OAVda voqeani bo'rttirib yuborishdi», degan u.

Uzr so'raganiga qaramasdan, tvitterda Turanga keskin tanqid qilishmoqda. Unga qaratilgan postlar #arda #turan heshtegi bilan yozilmoqda. 

11: «Arda Turan kim o'zi? Avvaliga u yosh istedod va millat faxri edi. Keyin pullar uni o'zgartirdi, u o'z xarakteri bilan bizni sharmanda qilmoqda» 

Yasemin: «Kimdir rafiqasi borligini unutgan ko'rinadi…»

Pelin KILIÇ: «Mamlakat inqirozga yuz tutmoqda, uchinchi jahon urushi boshlanishi arafasidamiz, bizning kun tartibimizda esa –  istedodsiz futbolchi Arda Turanmi?» 

Turanning uzr so'rashi Berkayni qanoatlantirmagan. Ayni vaqtda shifoxonadan chiqqan qo'shiqchi futbolchini sudga berishga hozirlik ko'rmoqda.

«Turan mening xotinimni tanimasligi mumkin emas. Biz hamisha birga yuramiz, buni hamma biladi. Biz o'z huquqlarimizni himoya qilish uchun barcha vositalardan foydalanamiz».

Shahinning rafiqasi ham shunday poziTsiyada. «Agar jarohat tufayli uning ovoziga nimadir bo'lgan bo'lsachi? Berkay ovozi bilan pul ishlaydi», – deya norozilik bildirgan u. O'zlem Turan o'ziga shilqimlik qilganini, doktor Berkayning burniga 25ta chok tikkanini tasdiqlagan.

Turan Turkiyada doimiy ravishda mojarolar girdobida

2017 yilning yozida Turkiya terma jamoasi ustozi Fotih Terim Arda Turanni o'zi bilan bir samolyotda uchgan jurnalistni bo'g'ganidan keyin terma jamoadan chetlatgandi. Terma jamoaning yangi bosh murabbiyi Mircha Luchesku uni terma jamoaga qaytarmasligini malum qilgan. Shundan so'ng futbolchi terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini elon qilgan.

2018 yilning martida u rafiqasi haqida so'ragan boshqa bir turkiyalik jurnalistga uning boshini olib tashlash bilan tahdid qilgandi.

Shu yilning mayida esa futbolchi chempionatning o'tgan mavsumi 32-turi doirasida «Sivasspor»ga qarshi o'yinda hakamga folni qayd etmagani uchun tashlangandi. Keyinroq u 16 o'yinga diskvalifikaTsiya qilindi.

«Istanbul» Turanni shu yilning yanvarida «Barselona»dan ijaraga olgan, Arda istanbulliklar safida 11 o'yinda maydonga tushgan, uning Turkiyadagi statistika kamtargina: u bu o'yinlarda 2 gol urib, bir golga uzatma bergan. Uning ijara muddati 2020 yilgacha tuzilgan, turklar jamoasi futbolchini muddatidan oldin ortga qaytarib yubora olmaydi. Nazariy jihatdan, kataloniyaliklar jamoasi futbolchisini istalgan mahalda qaytarib olishi mumkin, ammo klubda hozircha unga zarurat yo'q.