O'zbekiston terma jamoasi mashg'ulotlaridan reportaj. Tarkibda o'zgarishlar bor
Oct. 10, 2018, 10:27 p.m. 10665

O'zbekiston terma jamoasi 6 oktabrdan buyon boshlab Toshkentda navbatdagi yig'iniga kirishgan. Ektor Kuper boshchiligidagi ikkinchi yig'in 17 oktabrga qadar davom etadi. Tarkib «City Palace» mehmonxonasida istiqomat qilmoqda, maydondagi mashg'ulotlar Toshkent temir yo'l muhandislari instituti stadionida o'tkazilyapti.

10 oktabr kuni terma jamoa to'liq tarkibda tayyorgarlik olib bordi. Kecha oxirgi bo'lib jamoa sardori Odil Ahmedov etib kelgan.

Bugun yig'inga, shuningdek, Islom To'xtaxo'jaev ham qo'shildi. «Lokomotiv» himoyachisi birinchi kungi mashg'ulotlarda jarohat olgan «Paxtakor» sardori Sherzod Azamov o'rniga tarkibga jalb etilgan.

Azamovdan tashqari, 6-9 oktabr kunlari darvozabonlar Eldor Suyunov va Botirali Ergashev ham jarohatlangan va yig'inni tark etgan. Ular o'rniga OGMK posboni Roman Abdulov tarkibga jalb etilgan.

Bulardan tashqari, xujumchi Husniddin G'ofurovda ham engil shikastlanish bor, u hozir tiklanish bosqichini o'tamoqda.

Eslatib o'tamiz, 13 oktabr kuni KXDR, 16 oktabrda Qatar terma jamoalari Toshkentda mehmon bo'ladi. Har ikkala o'rtoqlik o'yini ham «Milliy» stadion mezbonlik qiladi.