O'zbekiston terma jamoasi futbolchisi 6 oyga diskvalifikaTsiya qilindi
Oct. 10, 2018, 6:03 p.m. 12369

O'zbekiston terma jamoasi va «Paxtakor» klubi yarimhimoyachisi Jaloliddin Masharipov OFK tomonidan jazolandi. Bu haqda Championat.asia xabar berdi.

OFKning 8 oktabr kuni chiqargan qaroriga ko'ra, Osiyo o'yinlari chorakfinali doirasidagi O'zbekiston U23 - Janubiy Koreya U23 (3:4) o'yinidan keyin hakamga qarata suv idishini otgan Jaloliddin Masharipov o'rtoqlik o'yinlaridan 6 oy muddatga diskvalifikaTsiya qilindi. Qo'shimchasiga, futbolchi 5 ming AQSh dollari miqdorida jarimaga tortildi. Bu jarima 30 kun ichida to'lab berilishi shart, deyiladi OFK qarorida.

Endi futbolchi O'zbekiston terma jamoasi safida aprel oyiga qadar o'rtoqlik o'yinlarida ishtirok etolmaydi. Ayni paytda terma jamoa yig'inida shug'ullanayotgan Masharipov yaqinda bo'ladigan KXDR va Qatarga qarshi bahslarni ham o'tkazib yuboradi.