Azardan dadil bayonot: «Real» - dunyodagi eng yaxshi klub. U – mening orzum»
Oct. 9, 2018, 10:10 a.m. 7450

«Chelsi» yarimhimoyachisi Eden Azar «Real»ga o'tishni istayotganini, shu bilan birga hozirgi klubi bilan shartnomani uzaytirishga ikkilanayotganini takidlab o'tdi. U bilan intervyuni Goal portali taqdim etgan.

«Real» - dunyodagi eng yaxshi klub. Yolg'on gapirishni istamayman. Bu bolaligimdan buyon mening orzum bo'lib kelgan. Ko'ramiz. Bu haqda har kuni gapirishni istamayman. Menimcha, kelajagim haqida tez orada gaplashib olamiz. Orzung bor ekan, uni amalga oshirishni istar ekansan», - deya takidlab o'tgan Azar.

«Ketsam, xursand bo'lishim haqida ko'p gapirgan bo'lib ko'rinyapman. Ammo «Chelsi»da qolsam ham baxtli bo'lishimni bilaman», - deya qo'shimcha qilgan belgiyalik xavbek.

«O'zim uchun yaxshiroq qarorga kelishni istayman, ammo klubga zarar etishini xohlamayman, chunki «Chelsi» menga hamma narsani berdi. «Ha, yangi shartnoma imzolayman», deya olmayman. Shunday ekan, nima bo'lishini ko'ramiz.

Xayolimda, bazan o'ylarimda ertalab uyg'onib, ketishni istashim haqida o'ylab qolaman. Bazida esa qolishni xohlayman. Bu – qiyin qaror. Bu – mening kelajagim. Men 27 yoshdaman, yanvarda 28 ga to'laman», - dedi Eden.

Azar uni Londonda qolishga nima ko'ndira olishi mumkinligi haqidagi savolga: «Bilmayman. Hozir baxtliman, hech narsa kerak emas. [Qolishga unday olishi mumkin bo'lgan narsa] sovrinlar emas. Albatta, maydonga tushganingda g'alaba qozonishni istaysan, ammo men faqatgina o'yindan rohat olishni istayapman. Hozir ham shunday va men bundan baxtliman», deya javob berdi.

Eslatib o'tamiz, xavbekning «ko'klar» bilan bitimi 2020 yil yoziga qadar amalda bo'ladi.