Qirolsiz taxt: «Real»ga nimalar bo'lyapti?
Oct. 8, 2018, 5:46 p.m. 10774

22 sentabr kuni Asensio tomonidan «Espanol» darvozasiga urilgan gol VAR yordamida hisobga olindi. O'yinning 41-daqiqasi edi va shu gol o'yinda yagonaligicha qolib, «Real»ga navbatdagi uch ochkoni olib keldi. Shundan keyin La Liga doirasida o'tkazilgan 3 o'yinda «Real» atigi bir ochko oldi, ikki marta mag'lub bo'ldi va bitta ham gol ura olmadi. Evropa Chempionlar Ligasidagi Moskvaga tashrif ham golsiz yakunlanib, bu o'yinda ham madridliklar 0:1 hisobida mag'lubiyatga uchrashdi. Hammasini juda yaxshi boshlagan «Qirollik klubi»ga nima bo'ldi?

Transfer bozoridagi passivlik

21 asrda «Oltin to'p» olgan har qanday futbolchi borki, «Real»da o'ynagan yoki madridliklar uni sotib olishga urinib ko'rgan. Ouen, Zidan, Figu, Kaka, Ronaldu, Kannavaro... «Qirollik klubi» futbol osmonida eng yorqin porlagan yulduzni o'z safiga qo'shib olish bilan mashhur edi. Bu avvalo, mana shu qirollik maqomini namoyish qilishga qaratilgan harakat edi – eng yaxshi futbolchilar doim «Real» tomon talpinadi.

Krishtianu Ronalduning Madriddagi eng yorqin yillari ortda qolgandi, uning Turinga transferi narx nuqtai nazaridan eng maqbul paytda sotilgan bo'lishi ham mumkin. «Real»ni bu transfer uchun hech kim ayblamadi, hatto jamoa muxlislari ham bu holatni to'g'ri tushunib, yangi davrning boshlanishi deb tushunishdi.

Ammo bilasizmi, buning uchun jamoa ichidan Ronaldu kabi ambiTsiyalarga ega bo'lgan yulduzning chaqnab chiqishi (xuddi «Barselona»da Messi Ronaldinoning o'rnini bosganidek) yoki boshqa bir yosh yulduz sotib olinishi shart edi. Modrich, Kross, Beyl yoki Isko – juda kuchli futbolchilar, «Real» tarkibi hali-hamon Evropada eng kuchlilardan biri bo'lib qolmoqda, lekin bu futbolchilar o'tgan mavsumda ham bor edilar-ku?

Go'yoki, chiroyli  bir tortning eng tepasidagi yarashib turgan naqshini olib tashlab, baribir bu tort o'shanday chiroyliligacha qoldi, deyish xato bo'lardi, menimcha. Davrlar o'zgarishi ko'proq ruhiyat bilan ham bog'liq, futbolchilarda, muxlislarda, umuman jamoatchilikda Ronalduning bir yilda 50ga yaqin uradigan gollari aynan nimaning hisobiga to'ldirilishi kerakligini hamma his qilishi kerak.

Eden Azar, Kilian Mbappe, Harri Keyn, Muhammad Saloh – kimdur ko'proq, kimdir kamroq, bu yulduzlarning ismi «Real» bilan birga tilga olindi so'nggi yillarda. Ayniqsa, Ronalduning ketishidan so'ng, Peres shubhasiz biror yirik transferni amalga oshirishiga hamma ishonib turgandi. Ammo kutilmaganda, Peres o'zini ancha sokin tutmoqda. Har yili bittadan yuz millionlik transferni amalga oshirayotgan «Barselona» va Asensio, Sabalos, Vaskes kabi yoshlarga tayanayotgan «Real» almashib qolgandek...

Etakchining yo'qligi

Boshqa tomondan Peresni tushunish mumkin. Garet Beyl, Asensio yoki Benzema kabi futbolchilar go'yoki Ronalduning soyasida qolayotgan, aslida har qanday jamoani yuqori maqsadlar sari etaklay oladigan salohiyat sohibi ekanliklari haqida ham ko'p gapirildi. «Real» avgustni juda kuchli o'tkazganida, bunday fikrlar asosga egadek ko'rindi. Futbolchilarning o'zi ham Ronalduning ketishi hech qanday tasir ko'rsatmasligi haqida intervyular bera boshlashdi. Hali biroz erta edi.

Birinchidan, etakchining roli jamoa yaxshi o'yin ko'rsatayotganda emas, aksincha, o'yin chiqmay, burchakka qisilib qolganda bilinadi. Ronalduning juda ko'p mana shunday o'yinlarda yo'q joydan gol urib, «men shu erdaman» deb ishora qilganini ko'rganmiz. Dastlab Lopetegining falsafasi ham, taktik tayyorgarliklar ham maydonda o'z aksini topayotgandi, hammasi joyida edi. Bunday holatda har qanday futbolchi o'zini ko'rsata oladi. Raqib qattiqroq qarshilik qilib, havo etmay qolganda esa, «Real»da etakchi ko'rinmay qoldi.

Ikkinchidan, aynan mana shunday salbiy pallalarda Ronalduning yana bir tomondan foydasi tegardi. Butun matbuot va muxlislar omadsizliklarni Ronalduning yomon o'yini bilan bog'lashar, asosiy tarqidlar unga qaratilar,  bu pallada bemalol Modrich o'z formasiga qaytar, Beyl jarohatidan tiklanar, Benzema gol urishni o'rganish bilan shug'ullanardi. Endi hamma tanqid qilinmoqda. Endi etakchi futbolchilar maydonda amalga oshira olmayotgan ishlaridan tashqari, «Ronaldu bo'la olmaslik» bilan ham ayblanyaptilar. 

Isko va boshqalar

Jamoa o'yinida muhim ahamiyat kasb etgan bir qator futbolchilarning yaxshi sport formada emasliklari yoki kutilmaganda jarohat olishlari, yani, vaziyatning obektiv sabablari ham bor. Yangi bosh murabbiy Lopetegi Madridga kelishidan avval Ispaniya terma jamoasini boshqarganini yaxshi bilasiz. O'sha jamoada taktik jihatdan asosiy rol Iskoga topshirilgandi. Uning yarim himoya va himoya o'rtasidagi bog'lovchilik vazifasi Lopetegining asosiy qurollaridan biri edi.

Murabbiy «Real»da ham xuddi shu yo'ldan borishini taxmin qilish qiyin emasdi, shunday bo'ldi ham. Ammo kutilmaganda Iskoning kasal bo'lib qolishi jamoa o'yiniga ham, natijalariga ham salbiy tasir qildi.

«Real» Isko maydonga tushgan o'yinlarda: 5 o'yinda 4 g'alaba va 1 durang. To'plar nisbati 15-3. Bu o'yinlardan uchtasida Isko asosiy tarkibda to'liq harakat qilgan va «Real» har uchala o'yinda g'alaba qozongan.

Iskoning safdan chiqishidan keyingi o'yinlar: 4 o'yin, bir durang, 3 mag'lubiyat. To'plar nisbati 0:6.

Shuningdek, Karvaxal, Marselo, Beyl kabi futbolchilar ham so'nggi to'rt o'yinda jarohat tufayli navbati bilan tarkibdan chetda qolishdi. Moskvadagi o'yinga Serxio Ramos olib ketilmadi. Jahon chempionati finalchisi Luka Modrich esa, tatildan biroz kech qaytgani tufayli, hali yuqori sport formasiga chiqib olmadi va bahordagi Modrichdan ancha uzoq. Aslida esa, aynan mana shu futbolchilar jamoadagi Ronalduning ahamiyatini o'z elkalariga bo'lishib olishlari kerak edi.

Yangi murabbiy

So'nggi yillarda, umuman «Real»ning mana shu yig'ilgan tarkibini shug'ullantirgan murabbiylar Joze Mourino, Karlo Anchelotti va Zinedin Zidanning umumiy jihati bor. Uchala murabbiy ham taktik sifatida nom qozonishmagan. Bu murabbiylar asosan tarkibni boshqarish, futbolchilarga maydonda vazifalar taqsimlash, futbolchilarning salohiyatidan maksimal foydalanish borasida ish olib borishadi. Bu murabbiylarning jamoalarida alohida o'yin chizgilarini payqash qiyin.

Xulen Lopetegi ish uslubi jihatidan ham, o'yin falsafasi jihatidan ham avvalgilarga o'xshamagan murabbiy. U avvalo taktik. U avvalo, o'z falsafasidagi o'yinni tashkil qilishga harakat  qiladi va agar mana shu o'yin qurilsa, jamoaga alohida yulduzlarning ham, zarur yulduzning ham keragi yo'q bo'lib qolar balki. Shuning uchun bazida Modrich o'rniga Sebalos maydonga tushsa, ilgari tasavvur qilish qiyin bo'lgan Kroos tarkibdan chetda qolsa, hech kim tushunmaydigan tarzda qaysidir futbolchiga yuqori ishonch bildirilsa, hayron qolmaslik kerak.

Bu qarorlar ilojsizlikdan yoki aqlsizlikdan emas, Lopetegining taktik yo'nalishlaridan kelib chiqadi va tarkibni tanlashda belgilanayotgan vazifalarninng qay darajada to'g'ri bajarilishi muhim o'ringa chiqadi – futbolchining statusi yoki yulduzligi emas.

Madridda hozir tushunmovchilik hukm surmoqda. Murabbiyning qarashlari va bazi qarorlari jamoa uchun ham, Madrid uchun ham odatiy emas. Yuqoridagi turli sabablar tufayli sodir bo'layotgan natijalar esa, bu tushunmovchilikni avj oldirmoqda. Hatto Lopetegining kursisi qimirlab qolgani va uning o'rniga Antonio Konte varianti o'ylab ko'rilayotgani haqida xabarlar paydo bo'ldi.

Xulosa

Aslida hali ko'p narsa yo'qotilgani yo'q. Odatiy mavsumda, jamoa allaqachon «Barselona»dan 10 ochko ortda borayotgan va La Ligani yutish haqidlagi orzularidan mosuvo bo'lgan bo'lardi. Ammo bu safar kataloniyaliklar ham ochko ulashishda asosiy raqibdan qolishmayapti. Natijada, «Real» hozirda «Barselona»dan atigi 1 ochko, peshqadam «Sevilya»dan esa 2 ochko ortda xolos. Madridliklar «Atletiko» va «Sevilya» bilan o'z o'yinini o'tkazib ulgurgani va oktabrda bu jamoalar «Barselona»ni sinovdan o'tkazishini hisobga olsak, «Real» hatto bu oyni peshqadam sifatida yakunlashi ham hech gap emas.

El Klassikodan oldin «Real» o'z maydonida «Levante» va «Viktoriya» (EChL) bilan o'ynaydi. O'yinni yaxshilab olish uchun uchun qulay va oson raqiblar. Shuningdek, Isko ham tarkibga qaytadi.

Chempionlar Ligasida «Real»ning guruhi qiyin emas. «Roma» ustidan yirik g'alabaga erishildi. «Viktoriya» bilan o'yinlarda olti ochko olinsa, pley-off masalasi deyarli hal bo'ladi. Bu tomondan xavotirga o'rin yo'q.

«Real» rahbariyati vaziyatni o'z oqimiga qo'yib beradimi yoki aralashish pallasi kelgan deb hisoblaydimi, hozircha nomalum. Menimcha, Lopetegiga kamida mavsum oxirigacha imkoniyat berilishi kerak. Yuqorida aytilganidek, u taktik, uning uslublari meva berishni boshlashi biroz vaqt talab qiladi. Pep Gvardiolaning Angliyadagi birinchi mavsumini eslang. Lopetegi Madridga eng nozik davrda tashrif buyurgani, yuzaga kelgan aksariyat salbiy holatlarda uning aybi yo'qligi etiborga olinishi kerak.

 So'nggi besh yilda to'rt marta Evropaning eng nufuzli sovrinini yutgan «Real» etarlicha sabr qilish bonusiga ega.

Qahramon Aslanov