Angliyada uchhokimlik. APLda tur yakunlari
Oct. 8, 2018, 4:05 p.m. 5799

Angliya chempionati turnir jadvalida 8 tur o'yinlaridan keyin birato'la uch jamoa 20tadan ochko to'plagan holda yuqori uchlikni band etgan. «Arsenal» esa nihoyat to'rtinchi o'ringa qaytgan. «Tribuna» Angliya chempionatida tur yakunlarini sarhisob qiladi.

Mourino Fergyusondan o'zib ketdi

«Manchester Yunayted» – «Nyukasl» 3:2 (0:2, 3:0)
Gollar: 0:1 – 7 Kenedi, 0:2 – 10 Muto, 1:2 – 70 Mata, 2:2 – 76 Marsiyal, 3:2 – 90 Sanches.
«Manchester Yunayted» – De Xea, Yang, Bayi (Mata, 19), Smolling, Shou, Maktomini (Fellayni, 46), Matich, Pogba, Reshford (Sanches, 67), Lukaku, Marsiyal.
«Nyukasl» – Dubravka, Yedlin, Lassels, Fernandes, Mankilo, Ritchi, Shelvi, Diame, Kenedi (Merfi, 68), Peres (Xoselu, 88), Muto (Atsu, 78).
Ogohlantirishlar: Shou (45), Ritchi (58), Pogba (63), Diame (69).

Instagramda tasodifan «layk» bosib qo'yish ham hayfsanga olib keladi. Joze Mourinoning istefosi haqidagi xabarga bilmasdan «layk» bosgan Antonio Valensiya keyinchalik uzr so'ragan bo'lsada, murabbiy uni kechirmadi va shanba oqshomidagi o'yinda maydonga tushirmadi. Ekvadorlik futbolchi hatto o'yin zayavkasiga kiritilmagan. Ammo u maydonga tushganida jamoa yaxshi o'ynab qolarmidi? «Qizil iblislar» himoyasida o'yinning dastlabki daqiqalaridanoq parokandalik kuzatildi. O'yinning 10-daqiqasiga kelib «qarg'alar» 2ta gol urib ulgurishgandi. Bunday sarosima «Old Trafford»da hech qachon ro'y bermagandi.

O'yindan oldin fanatlar Mourinoning haydalishi haqida qo'shiq kuylashayotganida Mourino telekameraga qarab qo'lidagi idishdan suv sepdi. U xushchaqchaq edi.

Ammo u tanaffus uchun hushtak yangraganida kiyim almashtirish xonasi tomon xavotir bilan chopib borardi. Kiyim almashtirish xonasida nimalar ro'y bergan, qanday gaplar aytilgan, biz bilmaymiz, ammo ikkinchi bo'limga boshqa jamoa chiqib keldi. Ikkinchi bo'limda «qizil iblislar» qafasdan qutulib chiqqandek o'ynashdi. Futbolchilar jon-jahdi bilan g'alabaga intilishdi va 3 ochkoni raqib qo'lidan yulqib olishdi. Jamoadagi har bir futbolchi gol urishni istardi. Nihoyat, buni Mata uddaladi.

Ikkinchi golni esa murabbiy bilan ixtilofdagi futbolchilar urishdi. Pol Pogba Marsiyalga to'pni tovoni bilan qaytarib berdi, yanvar oyidan buyon gol urmay qo'ygan Marsiyal hisobni tenglashtirdi.

O'yindagi hal qiluvchi golni esa oxirgi daqiqada, «Manchester Yunayted»ga kelib yo'qolib qolgani, qishda sotib yuborilishi aytilayotgan Aleksis Sanches o'ziga xos bo'lmagan tarzda boshi bilan urdi. 

Endi Mourino «Manchester Yunayted»ning foizlar bo'yicha eng yaxshi natijaga ega murabbiyi - u o'zi boshchiligidagi o'yinlarning 60,3 foizida g'alaba qozongan va afsonaviy ser Aleks Fergyusonni (60,1) ortda qoldirgan. Bundan tashqari, bu g'alaba portugaliyalik mutaxassis uchun murabbiylik faoliyatidagi yubiley - 400-g'alaba bo'ldi.

«Tottenhem» – «Kardiff» 1:0 (1:0, 0:0)
Gol: 1:0 – 8 Dayer.
«Tottenhem» – Loris, Tripper, Sanches, Alderveyreld, Rouz (Devis, 88), Sissoko (Vanyama, 85), Uinks, Dayer, Son Xin Min (Lamela, 72), Lukas Moura, Keyn.
«Kardiff» – Eteridj, Manga, Morrison, Bamba, Bennett, Rolls, Hoylett (Harris, 78), Kamarasa, Arter, Merfi, Paterson (Uord, 78; Rid, 85).
Ogohlantirishlar: Sanches (51), Keyn (59), Alderveyreld (68), Arter (90).
Chetlatish: Rolls (58).

EChL guruh bosqichida «Barselona»ga qarshi og'ir o'yindan keyin (2:4), «Tottenhem» autsayder ustidan kamtar hisobdagi g'alabaga erishdi. Bu g'alabani tayanch yarimhimoyachisi Erik Dayer 8-daqiqada burchak zarbasi amalga oshirilgan vaqtda urgan gol taminladi. Dayer 18 oy ichida ilk marta gol urishga muvaffaq bo'ldi. Bu g'alaba evaziga «shporlar» 18 ochko bilan beshinchi o'rinda joylashgan.

Emeri qatorasiga 9-g'alabaga erishdi

«Fulhem» – «Arsenal» 1:5 (1:1, 0:4)
Gollar: 0:1 – 29 Lyakazett, 1:1 – 44 Shyurrle, 1:2 – 49 Lyakazett, 1:3 – 67 Remzi, 1:4 – 79 Obameyang, 1:5 – 90 Obameyang.
«Fulhem» – Bettinelli, Odoi, Rim (Kamara, 54), Le Marshan, Kristi, Zambo-Angissa (Makdonald, 62), Seri, Sessenon, Vetto (Yuxansen, 83), Mitrovich, Shyurrle.
«Arsenal» – Leno, Bellerin, Mustafi, Holding, Monreal, Torreyra, Chaka, Mxitaryan, Uelbek (Obameyang, 62), Ivobi (Remzi, 67), Lyakazett (Genduzi, 80).
Ogohlantirishlar: Vetto (57), Shyurrle (70).

«Kreyven Kotteyj»da mehmon bo'lgan Unai Emeri jamoasi mavsumdagi ilk yirik g'alabasi bilan g'alabali seriyasini davom ettirdi, «Arsenal» barcha turnirlarni qo'shib hisoblaganda to'qqizinchi g'alabasini nishonladi. Murabbiy boshlang'ich tarkibda rotaTsiyalar amalga oshirdi, Obameyang zaxirada qoldirilib, hujumda Aleksandr Lyakazett va Denni Uelbek juftligi harakatlandi. Shuningdek, O'zil o'yin qaydnomasiga ham kiritildi, Aaron Remzi o'yinni zaxira o'rindig'ida boshladi.

Bu rotaTsiyalar jamoa o'yin suratiga tasir qilmadi, 29-daqiqada Lyakazett raqib jarima maydonida ajoyib harakatlanib, hisobni ochdi.

Tanaffus arafasida Monreal orqaga to'pni uzatganida raqib to'pga ega chiqib, Shyurrle hisobni tenglashtirdi. Ammo ikkinchi bo'lim boshida Lyakazett yana aniq harakat qildi va jamoani oldinga boshladi. U anchadan buyon ilk marta «Lion»dagi paytlarni eslab jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba bilan hisobni 2:1 ko'rinishiga keltirdi (nima uchun Arsen Venger uning bu qobiliyatidan foydalanmagani jumboq). Keyinchalik Emeri Obameyangni ham maydonga tashladi va u ham dubl qayd etib, hisobni yirik ko'rinishga keltirdi.

 

Lekin ungacha nafaqat o'yinning, balki turning bezagiga aylangan golni Aaron Remzi urib bo'lgandi. U 67-daqiqada zaxiradan o'yinga qo'shildi va to'pga ilk teginishi bilan qarshi hujum boshladi. U o'zi boshlagan hujum davomida ishtirok etib, unga chiroyli nuqta qo'ydi.

Remzi maydonga tushganiga 39 soniya bo'lganida golni nishonlayotgandi. Agar «Arsenal» bosslari bu benazir futbolchi bilan yangi shartnoma bo'yicha kelisha olmay, uni sotib yuborishsa, katta jinoyatga qo'l urgan bo'lishadi.

«Chelsi» «Liverpul» va «Manchester Siti»ga etib oldi

«Sauthempton» – «Chelsi» 0:3 (0:1, 0:2)
Gollar: 0:1 – 30 Azar, 0:2 – 57 Barkli, 0:3 – 90 Morata.
«Sauthempton» – Makkarti, Bednarek (Romeu, 46), Yosida, Xudt, Soaresh, Lemina, Xeyberg, Bertran, Gabbyadini (Long, 78), Redmond, Ingz.
«Chelsi» – Arrisabalaga, Aspilikueta, Ryudiger, David Luiz, Alonso, Kante, Jorjino, Barkli (Kovachich, 81), Villian (Pedro, 75), Jiru (Morata, 68), Azar.
Ogohlantirishlar: Bertran (45), Lemina (54), Soaresh (59), Romeu (61), Xeyberg (66), Ingz (90).

«Avliyolar» uchun «Chelsi» eng noqulay mehmon hisoblanadi va bu anana bu o'yindan keyin ham saqlanib qoldi. Mark Hyuz jamoasi birinchi bo'limda ko'plab imkoniyatlarni ko'kka sovurishdi, Azar esa raqibning ilk xatosidanoq unumli foydalandi.

Belgiyalik futbolchi hamisha qilib yurgan ishini takrorladi, ammo uni pas bilan taminlagan Ross Barkli uchun bu keyingi yarim yildagi ilk samarali harakat bo'ldi. U «Chelsi»dagi ilk golli pasni o'z hisobiga yozib qo'ydi. Angliyalik futbolchi xuddi shu o'yinda jamoadagi ilk golini ham urishga muvaffaq bo'ldi. Qayd etish kerakki, u 2013 yildan buyon «Chelsi» safida bir o'yinda «gol+pas» qilgan ilk futbolchi bo'ldi. 5 yil muqaddam bunday ko'rsatkich Frenk Lempard tomonidan qayd etilgan.

Unga Olive Jiru «qaychi uslubi»da pas etkazib bergandi. Bu franTsiyalik hujumchi uchun APLdagi 200-uchrashuv edi. Ammo u o'zining yubiley uchrashuvida gol ura olmadi, uchinchi gol Alvaro Morata hisobiga yozildi. Ispaniyalik yosh hujumchi yana o'ziga bo'lgan ishonchni tiklamoqda.

Bu g'alaba evaziga Maurisio Sarri jamoasi bir muddat turnir jadvali peshqadami bo'lib turdi. Ammo bu o'yindan keyin boshlangan «Liverpul» - «Siti» uchrashuvi natijasi yana turnir jadvalidagi vaziyatni o'zgartirdi.

Ehtiyotkor Gvardiola, omadsiz Mahrez va turnir jadvalidagi uchhokimlik

«Liverpul» – «Manchester Siti» 0:0 (0:0, 0:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Mahrez, 86 (xato)
Liverpul – Alisson, Gomes, Lovren, van Deyk, Robertson, Veynaldum, Henderson, Milner (Keyta, 29), Saloh, Firmino (Starrij, 72), Mane.
Manchester Siti – Ederson, Uoker, Stounz, Laport, Mendi, Bernardu Silva, Fernandino, Mahrez, Silva, Sterling (Sane, 76), Aguero (Gabriel Jezus, 66).
Ogohlantirishlar: Bernardu Silva (21), Aguero (56), Mendi (64), Veynaldum (90).

Gvardiolaning ayyorligi
Bir yil muqaddam Yurgen Klopp «Etihad»da ilojsiz qoldirilganida ayrimlar unga hamdardlik bildirgan, ko'pchilik Gvardiolaning 5:0 hisobidagi g'alabasidan xulosa chiqarib bo'lgandi. Ko'pchilik germaniyalik murabbiy Angliyada Gvardiolaga faqat yutqazib yurishini taxmin qilgandi. Ammo shundan buyon Gvardiola Kloppni mag'lub eta olmayapti. Yanvar oyida «Liverpul» «Siti»ning chempionlik mavsumidagi mag'lubiyatsiz seriyasiga intiho yasadi (4:3). Avvaliga ko'pchilik buni mezbonlar safidagi futbolchilarning individual mahorati tufayli deb bilishdi.

Ammo bahorda qura bu ikki jamoani Chempionlar ligasi chorak finalida uchrashtirdi. «Shaharliklar» ikki o'yinda ham har tomonlama mag'lub bo'lishdi. Bu o'yinlarda Klopp taktik jihatdan Gvardiolani ojiz qoldirdi.

Navbatdagi o'yin arafasida «Liverpul»ning o'yini yurishmay qolgandi. Avvaliga «Chelsi»ga Liverpulda Angliya Ligasi Kubogida mag'lub bo'lindi (1:2), o'tgan turda esa «Chelsi» maydonida kechgan Angliya chempionati o'yinida g'olib aniqlanmadi (1:1) va bu natija mersisaydliklarni birinchi o'rindan tushirib yubordi. O'tgan haftada Chempionlar ligasi o'yinida «Neapol» maydonida yana mag'lubiyat - 0:1. Gvardiola Liverpuldagi o'yin arafasida o'zining odatiy uslubida harakatlanishini vada qilib, barchani dog'da qoldirdi. U Kevin de Bryuyneni maydonga tushirishi haqida aytib, uni zayavkaga ham kiritmadi.

Antirekord uchun o'yin
Klopp esa o'z uslubidan voz kechmadi. Shu kuni «Enfild»dagi faoliyatining uchinchi yilini nishonlagan mutaxassis shogirdlarini hakam o'yin boshlagani haqidagi hushtagini chalishi bilan oldinga tashlanishdi. U Aleksandr-Arnoldga dam berib, boshlang'ich tarkibga Gomesni qo'ydi. Ammo Milnerning erta jarohat olishi rejalarni o'zgartirib yubordi, futbolchilar ko'proq mudofaa bilan shug'ullanishiga to'g'ri keldi.

Pep esa boshlang'ich tarkibda Bernardu Silva va Riyoz Mahrezni tushirish kifoya deb hisobladi. Qanotlar kuchsizlangan bo'lsada, portugaliyalik futbolchi maydon markazini to'liq nazoratiga oldi. Mehmonlar ilk daqiqalardan hujumga otlangan mezbonlarni munosib kutib olishdi, Klopp jamoasi charchaganidan keyingina manchesterliklar asta-sekin hujumga o'ta boshlashdi.

Vaziyatlardan birida Saloh Stounzni aldab o'tib, zarba berdi, ammo to'p darvoza ustuni yonidan o'tib ketdi. Yana bir vaziyatda Mendi qulay nuqtada ochilgan Manega uzatilgan to'pni to'xtatib qoldi. «Siti» birinchi bo'lim davomida o'ta ehtiyotkorlik bilan harakat qildi. Bu Gvardiola davridagi «Siti» uchun darvoza tomon zarba berilmagan yagona bo'lim bo'ldi.

Mahrez antiqahramon
Muxlislar jamoalardan tomoshabop o'yin kutgandi, ammo Gvardiola Kloppga qatorasiga to'rtinchi marta yutqazishni istamadi. U yakshanba kungi o'yinda «ehtiyotkorlik»ni o'ziga shior qilgandi. Ikkinchi bo'limda mehmonlar jonlana boshlashdi, vaziyatlardan birida ikki murabbiy Agueroga maydon markazidagi fol uchun ko'rsatilgan sariq kartochka borasida bahslashishdi. Pep to'p van Deykning qo'liga tekkan vaziyatda ham noroziligini ochiq ifodaladi, holbuki o'yin hakami Martin Atkinson bu vaziyatdan oldinroq Fernandino qoida buzganini ko'rsatayotgandi. 

O'yin yakuniga 20 daqiqacha vaqt qolganida Klopp Firminoni maydondan oldi va Starrijning yana tasodifiy zarbasiga umid qildi. Bir soatdan ortiqroq vaqtda qamalda o'tirishga rozi bo'lgan Gvardiola esa Sane va Jezusni maydonga tashlab, hujum o'tishga buyruq berdi. 

O'yin oxirida «Manchester Siti» bor kuchi bilan oldinga tashlandi, ammo Silvaning zargarona pasidan Mahrez foydalana olmadi. 

O'yin asabiy kecha boshladi, goh Lovren Jezusning yuziga urar, goh Mane Fernandinoning oyog'idan chalardi. Nihoyat hakam ortiq sabr qilmadi va van Deyk jarima maydoni hududida Saneni yiqitganida 11 metrlik nuqtani ko'rsatdi. Ammo Mahrez bu safar ham ishonchni oqlamadi va to'pni osmonu falaklarga qarata tepib yubordi. Agar u gol urganida bu Gvardiolaning faoliyatidagi eng noodatiy, «himoyada yotib» qo'lga kiritilgan g'alaba bo'lgan bo'lardi, ammo Mahrez buni «istamadi».

Shu tariqa, Klopp va Gvardiola qarama-qarshiligida ilk marta golsiz durang qayd etildi. Bu o'yin jamoalar o'rtasida keyingi 8 yildagi ilk golsiz durang bo'ldi.

Bu durang evaziga turnir jadvalining yuqori qismida «uchhokimlik» yuzaga keldi. Endilikda «Manchester Siti», «Chelsi» va «Liverpul»da 20tadan ochko bor, bu jamoalar to'plar nisbatiga ko'ra 1-3 o'rinlarni bo'lishib turishibdi.

Tur o'yinlari
«Lester» – «Everton» 1:2
(1:1, 0:1)
Gollar: 0:1 – 7 Risharlison, 1:1 – 40 Rikardu Pereyra, 1:2 – 77 Sigurdsson.
«Lester» – Shmeyxel, Amarti, Morgan, Maguayr, Chiluell, Mendi, Ndidi, Rikardu Pereyra (Okadzaki, 86), Ixeanacho (Olbrayton, 67), Meddison (Gezzal, 80), Vardi.
«Everton» – Pikford, Kenni, Kin, Zuma, Din, Devis (Tosun, 71), Guye, Uolkott (Kelvert-Lyuin, 90), Sigurdsson, Bernard (Shnayderlin, 90), Risharlison.
Ogohlantirishlar: Amarti (31), Morgan (43), Devis (45), Chiluell (90).
Chetlatish: Morgan (63).

«Uotford» – «Bornmut» 0:4 (0:3, 0:1)
Gollar: 0:1 – 14 Bruks, 0:2 – 33, penalti King, 0:3 – 45 King, 0:4 – 47 Uilson.
«Uotford» – Foster, Femeniya, Ketkart, Kabasele, Xolebas, Kapu, Dukure, Xyuz (Mariappa, 55), Pereyra (Deulofeu, 74), Dini, Grey (Saksess, 55).
«Bornmut» – Begovich, Frensis, Kuk, Ake, Smit, Bruks (Gosling, 70), Lerma, Kuk (Serman, 78), Freyzer (Stanislas, 66), King, Uilson.
Ogohlantirishlar: Kabasele (11), Ketkart (22), Xolebas (68), Serman (87), Dukure (89).
Chetlatish: Kabasele (32).

«Brayton» – «Vest Hem» 1:0 (1:0, 0:0)
Gol: 1:0 – 25 Myurrey.
«Brayton» – Rayan, Saltor, Daffi, Dank, Bong, Knokert, Propper (Bissuma, 80), Kayyal, Jahonbaxsh (Iskerdo, 71), March (Lokadiya, 86), Myurrey.
«Vest Hem» – Fabianski, Sabaleta, Balbuena, Diop, Masuaku, Rays, Yarmolenko (Peres, 70), Nobl (Snodgrass, 83), Obiang (Antonio, 60), Felipe Anderson, Arnautovich.
Ogohlantirishlar: Daffi (33), Arnautovich (57), Jahonbaxsh (58), Kayyal (61), Snodgrass (88).

«Kristal Pelas» – «Vulverhempton» 0:1 (0:0, 0:1)
Gol: 0:1 – 56 Doerti.
«Kristal Pelas» – Xennessi, Uan-Bissaka, Tomkins, Sako, van Anxolt, Taunsend, Milivoevich, Makartur (Mayer, 63), Shlupp (Serlot, 82), Ayyu (Kuyate, 72), Zaa.
«Vulverhempton» – Ruy Patrisiu, Bennett, Koudi, Boli, Doerti, Moutinyu, Ruben Nevesh, Kastro, Elder Koshta (Saiss, 84), Ximenes (Kavaleyru, 76), Diogu Jota (Traore, 87).
Ogohlantirishlar: Makartur (30), Koudi (78), Kastro (88), Kuyate (88), van Anxolt (90), Kavaleyru (90), Moutinyu (90).

«Byornli» – «Haddersfild» 1:1 (1:0, 0:1)
Gollar: 1:0 – 20 Vouks, 1:1 – 66 Shindler.
«Byornli» – Hart, Louton, Tarkovski, Mi, Teylor, Gudmundsson, Vestvud (Xendrik, 73), Kork, Lennon, Barns (Vud, 61), Vouks (Vydra, 90).
«Haddersfild» – Lessl, Durm, Yorgensen, Shindler, Leve (Xaderdjonay, 86), Billing, Xogg, Muy, Pritchard, van La Parra (Mune, 59), Depuatr (Mbenza, 59).
Ogohlantirishlar: Depuatr (58), Mi (74), Yorgensen (76), Louton (90).

Turning to'purarlari

Turnir jadvali