Foto: «Tottenhem»ning yangi stadioniga jahonda o'xshashi yo'q innovaTsion qurilma o'rnatildi
Oct. 6, 2018, 11:16 a.m. 12742

«Tottenhem» yangi stadionini eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlaydi. Maydon chimini sifatli o'stirishga yordam beruvchi maxsus chiroqlar tizimi ham shular jumlasidan.

Klub rasmiy saytida malum qilinishicha, quyosh nurlari stadion maysasiga bir xilda teng tushmasligi ortidan kelib chiqadigan noqulayliklar ushbu yangi tizim yordamida mutlaqo bartaraf etiladi. Ulkan qurilma 120 tonna og'irlikka ega va unda 864 ta chiroq o'rnatilgan. Tizim jami 7525 metr kvadrat maydonni qamrab olish imkonini beradi.

Takidlanishicha, jahondagi ko'plab stadionlarda bu tizimning g'ildirakli variantidan foydalaniladi. «Shporlar»ning eski arenasi «Uayt Hart Leyn»da ham ana shunday g'ildirakli, vaqti-vaqti bilan maydonga olib chiqilib, xodimlar tomonidan zarur poziTsiyalarga o'rnatiladigan tizim ishlatilgan.

«Tottenhem»ning yangi stadionidagi qurilmaning bu talqini jahonda ilk marta qo'llanilmoqda. Uning yangiligi shundaki, 120 tonnalik tizim doimiy ravishda stadionning sharqiy va g'arbiy qismlaridagi tomga yaqin joyda osilib turadi va kerakli vaqtda pastga tushiriladi. Buning uchun maxsus boshqaruv xonasi tashkil etilgan bo'lib, u erdan turib ulkan qurilmani boshqarish avvalgi g'ildirakli tizimlarni qo'llashdan ko'ra ancha oson, tez va samaralidir.

Shu bilan birga, mazkur tizim yordamida nafaqat chiroqlar orqali maysa o'sishiga tasir ko'rsatish, balki maydonni sug'orish ham mumkin. SGL tahlilchi tizimi esa 24 soat mobaynida doimiy ravishda maydonning holatini nazorat qilib, SGL portali orqali onlayn rejimda stadion xodimlariga hisobot etkazib turadi.

Yangi arena 62062 tomoshabinni o'z bag'riga sig'dira oladi. U 9 qavatdan iborat. O'yingoh shu yilning dekabr oyida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.