PFL muxlislar tashrifi pasaygani va tartibsizliklar oshganidan xavotirda - maxsus yig'ilish shunga bag'ishlandi
Sept. 20, 2018, 6:26 p.m. 1333

Professional futbol ligasida Superliga klublari marketing va muxlislar bilan ishlash bo'limi hodimlari ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi. Unda stadionlarga muxlislar tashrifini oshirish, buning uchun marketing bo'limi faoliyatini yaxshilash, fan-klublar faoliyatini yanada takomillashtirish va samarli tarzda yo'lga qo'yish kabi masalalar muhokama qilindi.

Mavsumning dastlabki qismida amalga oshirilgan ishlardan xulosalar qilinarkan, aksariyat klublarning muxlislar bilan ishlashda to'liq samaradorlikka erisha olmayotgani qayd etildi. Klublar vakillari ham o'zlarini qiynayotgan jihatlar, oldinda qanday rejalar borligi haqida taklif va mulohazalarini bildirishdi.

Shuningdek, muxlislar bilan ishlash bo'limi faoliyatini yaxshilash xususida ham so'z bordi. Zero stadionda atmosferani belgilab berishda fan-klublarining ham o'rni katta. Fan-klublar faolligini oshirish, fan-klubga ko'proq azolar jalb etish bo'yicha topshiriqlar berildi. Yana har bir jamoaning fan-klubi o'z madhiyasini yaratish ustida ish boshlashi lozimligi takidlandi.

Qolaversa, klublar muxlislar bilan ishlash bo'limlarining jamoa ishqibozlari bilan ko'proq uchrashuvlar tashkil etib turishi zarurligi belgilab berildi. Zero ayrim uchrashuvlarda muxlislarning maydon tomon turli buyumlarni uloqtirayotgan holatlari ham uchrab turibdi. Bunday xunuk hatti-harakatlar amalga oshirilmasligi uchun muxlislar bilan ishlash bo'limi tez-tez jamoa ishqibozlari bilan turli uchrashuv va suhbatlar uyushtirib turishi lozim bo'ladi. 

Yig'ilish davomida ushbu mavzularda barcha klublar vakillarining taklif va istaklari tinglandi. Bundan buyon barcha – PFL, klub, klub marketing va muxlislar bilan ishlash bo'limlari o'zaro hamjihatlik asosida faoliyat yuritishga kelishib olindi.