Osiyo o'yinlari. Birinchi kundan keyin O'zbekiston 3ta medal bilan sakkizinchi o'rinda
Aug. 19, 2018, 11:23 p.m. 3607

19 avgust kuni Jakarta shahrida 18-Osiyo o'yinlari davom etdi.

O'zbekiston vakillari shu kuni sportning 7 turida ishtirok etishdi va yakunda 3 medalga, 1 oltin va 2 bronzaga ega bo'lishdi. Bu medallarning barchasi erkin kurash jamoasi azolari tomonidan keltirildi: Bekzod Abdurahmonov (74 kg) oltin, Magomed Ibragimov (97 kg) va Sirojiddin Hasanov (65 kg) bronza medallarga sazovor bo'lishdi.

Shuningdek, ushu jamoasining vakili Darya Latisheva saralashda uchinchi o'rinni olib, finalga yo'l oldi. Azizbek Isroilov saralashda qirg'izistonlik raqibiga yutqazib, turnirni tark etdi.

Akademik eshkak eshish, suzish va qilichbozlik turlarida shu kuni o'zbekistonlik sportchilar natija qayd eta olishmadi.

Tennischilar esa birinchi raunddan o'tishdi - Oqgul Omonmurodova va Sanjar Fayziev​ juftligi musobaqani g'alaba bilan boshladi. O'zbekistonlik tennischilar juftligi Shri-Lanka terma jamoasi azolari Dissanayaki/Kireraga qarshi kortga chiqib, 6:4, 6:3 hisobida zafar quchishdi.

Iroda To'laganova va Farrux Do'stovdan tarkib topgan aralash juftlik esa Xitoy Taypeyi tennischilari Chang/Xsiex tandemiga mag'lub bo'lishdi - 1:6, 4:6.

Futbol bo'yicha olimpiya terma jamoa esa guruh bahsining uchinchi turida Tailand termasini 1:0 hisobida mag'lub etdi va guruhda 100 foizlik natija qayd etgan holda nimchorak finalga yo'l oldi.

Ayni vaqtda O'zbekiston delegaTsiyasi 3ta medal bilan umumiy jadvalda sakkizinchi o'rinda joylashgan.

Umumiy reytingning birinchi o'rnini Xitoy band etgan. Xitoyliklar hisobida birinchi kun bahslaridan keyin 7ta oltin, 5ta kumush va 4ta bronza medal mavjud.

Ikkinchi o'rinni Yaponiya (3-6-5), uchinchi o'rinni Janubiy Koreya (2-3-6) egallab turibdi.