Aguero ikki ko'rsatkich borasida APLda 2-o'ringa chiqib oldi
Aug. 19, 2018, 9:34 p.m. 2989

"Manchester Siti" hujumchisi Serxio Aguero APLning 2-turida "Haddersfild" darvozasiga hettrik qayd etdi (6:1). Shu tariqa, APLda 208-o'yinini o'tkazgan Aguero o'zining 145-golini kiritib, premer-liganing xorijlik to'purarlari ro'yxatida ikkinchi o'rinni egallab turgan niderlandiyalik hujumchi Robin van Persini 1ta golga ortda qoldirdi. 

APLda to'p surgan xorijlik futbolchilar orasida eng ko'p gol kiritgan Terri Anri ro'yxatda etakchilik qilmoqda. U 258ta o'yinda 175ta gol urishga muvaffaq bo'lgan.

Shuningdek, ushbu hettrik Aguero uchun APLdagi to'qqizinchisi bo'ldi va bu borada u "Blekbern" va "Nyukasl" sobiq hujumchisi Alan Shirerdangina (11ta hettrik) ortda qolmoqda.