O'zbekiston Qatarga javobsiz 6ta gol urib, pley-offga chiqdi
Aug. 16, 2018, 7:09 p.m. 8720

Ravshan Haydarov murabbiyligidagi O'zbekiston olimpiya terma jamoasi Jakarta-2018dagi ikkinchi o'yinida ham yirik hisobda g'alabaga erishdi. Osiyo chempioni bo'lgan jamoaning musobaqada yaqqol favoritlardan biri ekani Qatar olimpiyachilariga qarshi bahsda tasdiqlandi – 6:0.

O'yinning 38-daqiqasiga kelib hisob ochildi. Hamrobekov maydon markazida raqibdan to'pni olib qo'ygach, uch himoyachiga qarshi to'rt nafar o'zbekistonlik futbolchi Qatar darvozasi tomon bostirib bordi. Odil to'pni uzatish variantlari orasidan jamoa sardori Zabihilloni tanladi, O'rinboev esa birinchi harakatda to'pni o'ziga to'g'rilab olib, ikkinchisida darvozaning olis burchagini aniq nishonga oldi – 1:0.

Oradan 5 daqiqa o'tgach, vakillarimizda juda qulay nuqtadan jarima zarbasi tepish imkoniyati paydo bo'ldi. Ikrom Aliboev kuchli zarba bilan to'pni darvozaning to'qqizligiga joylab qo'yib, musobaqaning eng chiroyli gollaridan biri muallifiga aylandi. Jamoalar 2:0 hisobi bilan tanaffusga yo'l olishdi.

Ikkinchi bo'lim O'zbekiston olimpiyachilarining gollar yomg'iri bilan boshlandi. Dastlab 47-daqiqada Doston Hamdamov bir himoyachini aldab, qatarliklar jarima maydoni markazida erkin sayr qilib yurish asnosida hisobni yirik ko'rinishga keltirgan bo'lsa, oradan hech qancha vaqt o'tmay, arablarga o'z jarima maydoniga qaytishga ulgurmagani yana pand berdi: tezkor qarshi hujum va 3 himoyachiga qarshi uch o'zbekistonlik. O'rinboev yiqilib bo'lsa-da, to'pni o'zida saqlab qolib, Sidiqovga uzata oldi. Javohir bo'sh turgan darvozani ishg'ol qilishda ko'p ham qiyinchilikka duch kelgani yo'q – 4:0.

54-daqiqada qatarlik darvozabon birga bir vaziyatda futbolchimizga nisbatan qo'pollik ishlatgach, buning uchun gol bilan jazolandi. 11 metrlik nuqta, Jaloliddin Masharipov, to'p yo'nalishini topa olmagan arab darvozaboni – hisob 5:0.

Ketma-ket gollardan so'ng o'zini yo'qotib qo'ygan raqib futbolchilari to'pni yo'qotib qo'yishdan qo'rib, mutlaqo hujumga o'tmay qo'yishdi. To'p hujum chizig'iga emas, faqat orqaga uzatilavergan vaziyatlardan birida himoyachi pand berdi, natijada Bobir Abduxoliqov ham o'z nomini tabloga yozdirib qo'ydi.

Bu g'alaba Ravshan Haydarov shogirdlariga muddatidan avval 1-o'rinni qo'lga kiritib, keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini berdi. So'nggi tur o'yinini vakillarimiz Tailand yoshlariga qarshi o'tkazishadi. Uchrashuv 19 avgust kuni Toshkent vaqti bilan 17:00 da boshlanadi.

Osiyo o'yinlari. Jakarta-2018
V guruhi, 2-tur, 16 avgust
Qatar U23 - O'zbekiston U23 - 0:6
Gollar: Z.O'rinboev (37), I.Aliboev (43), D.Hamdamov (47), J.Sidiqov (49), J.Masharipov (53 pen), B.Abduxoliqov (76)
Qatar OTJ: M.Badriddin, T.Salmon, U.Alimadiy, T.Almuhaza, A.Hesaba, M. Al Shammariy, N.Al nasr,J.Omar, M.Faraj, A.Al Saadiy, O. Al Ahmad.
O'zbekiston OTJ: Botirali Ergashev, Abbos Otaxonov (Doniyor Narzullaev, 55), Doston Tursunov, Rustam Ashurmatov, Akrom Komilov, Ikrom Aliboev, Odil Hamrobekov, Doston Hamdamov, Javohir Sidiqov (Jasurbek Yaxshiboev, 76), Jaloliddin Masharipov, Zabihullo O'rinboev (B.Abduxoliqov, 60).