«Atletiko» uchinchi bor Evropa superkubogini qo'lga kiritdi
Aug. 16, 2018, 3:25 a.m. 6206

Estoniya poytaxti Tallin shahridagi «LeCoqArena»da UEFA superkubogi uchrashuvi bo'lib o'tdi. Unda Ispaniya La-Ligasi vakillari «Real» va «Atletiko» maydonga chiqishdi.

Yodingizda bo'lsa, «Real» Madrid 2017/18 yilgi mavsumda Evropa chempionlar ligasini qatorasiga 3 marta, jami 13-marta qo'lga kiritgan edi. «Atletiko» esa Evropa ligasi g'olibi sifatida maydonga chiqdi.

Uchrashuvning birinchi daqiqasidanoq matraschilar hujumchisi Diego Kosta hisobni ochdi. U Godin tomonidan etkazib berilgan to'pni darvozaga bexato joyladi — 0:1.

27-daqiqada Garet Beyl o'ng qanotdan to'pni xavolatib uzatdi, to'p Godin va Savichdan o'tib ketib, uzoq burchakda turgan Karim Benzemaga kelib tushdi va u zarba berishda darvozabonni aldab hisobni tenglashtirdi — 1:1.

Jamoalar birinchi bo'limni shu hisobda yakunlashdi.

Ikkinchi bo'limda «Real» hisobda oldinga chiqib oldi. Burchakdan zarba uzatilayotganida Godin to'pni qo'li bilan o'ynadi. Shu vaziyatda Kosta esa ko'p gapirgani uchun ogohlantirildi.

11 metrlik nuqtaga qo'yilgan to'pni «blankos»lar sardori Serxio Ramos darvozaga aniq yo'lladi — 2:1.

Birinchi bo'limning asosiy vaqti tugashiga 10 daqiqacha vaqt qolganida yana Diego Kosta katta sahnaga chiqib keldi. Avvaliga u chalqancha zarba bilan to'p uchun kurashib, uni egallab oldi, so'ngra to'p bilan darvozabon maydonchasiga bostirib bordi, so'ngra elib kelayotgan Korrea Navasni o'ziga chorlab, uni chalg'itishini kutib turdi va ochiq qolgan darvozani qiynalmay ishg'ol etdi — 2:2!

Uchrashuvning asosiy vaqti 2:2 hisobida yakunlangach, 15 daqiqadan yana ikkita qo'shimcha bo'litmlar o'tkazildi. Qo'shimcha bo'limlarda «Real»ning o'yin suratida pasayish yaqqol bilinib qoldi.

99-daqiqada yuza chizig'idan turib Parti tomonidan etkazib berilgan to'pga eng qulay poziTsiyani egallab olgan Saul darvoza tomon chiroyli zarba berdi — 2:3!

104-daqiqada Diego Kosta qanotda Karvaxalni dog'da qoldirdi va jarima maydoni ichida o'zi tomon raqibning bir emas to'rt futbolchisini jalb qilgan holda orqaga, darvoza tomon uchib kelayotgan Vitologa pas berdi. U esa to'pni o'zidan ham erkinroq poziTsiyada turgan Kokega oshirdi va Navas darvozasidan to'rtinchi to'p o'rin oldi — 2:4.

Shunday qilib, «Atletiko» o'z tarixida uchinchi marta UEFA superkubogini qo'lga kiritdi. Avvalgi g'alabalariga u 2010 («Inter» ustidan 0:2 hisobida g'alaba) va 2012 yil («Chelsi» ustidan 1:4 hi sobida g'alaba) larda erishgan.

 

UEFA SUPERKUBOGI – 2018.

2018 yil 15 avgust. Tallin. «LeCoqArena».

«REAL» (Madrid) – «ATLETIKO» (Madrid) 2:4 (1:1, 2:2, 2:4)

Gollar: Karim Benzema (27), Serxio Ramos (63-p) — Diego Kosta (1, 79), Saul (98), Koke (104)

«Real»: Keylor Navas, Serxio Ramos, Marselo, Karvaxal, Varan, Toni Kroos (Borxa Mayoral, 102), Kazemiro (Dani Sebayyos, 76), Isko (Lukas Vazkes, 83), Marko Asensio (Luka Modrich, 57), Karim Benzema, Garet Beyl.

Bosh murabbiy: Julen Lopetegi

«Atletiko»: Yan Oblak, Xuanfran, Diego Godin, Stefan Savich, Lukas Ernandes, Saul, Koke, Lemar (Tomas Parti, 90+1), Rodri Ernandes (Vitolo, 71), Diego Kosta (Ximenes, 109), Antuan Grizmann(Anxel Korrea, 57).

Bosh murabbiy:Diego Simeone

Ogohlantirishlar: Asensio (35), Marselo (54), Sebayyos (90+1), Modrich (101), Ramos (112) — Korrea (60), Diego Kosta (62), Vitolo (105+3).

Bosh hakam: Shimon Martinyak (Polsha)