APLda yuqori o'rinlar qanday bo'ladi? Ekspert tahlili
Aug. 14, 2018, 1:14 p.m. 7617

Sky Sports telekanalining mashhur eksperti va sharhlovchisi Alan Smit APLning yangi mavsumi oldidan o'z taxminlarini bayon qildi. Smitning aytishicha, «Liverpul»ning transferlari juda aniq va foydali bo'ldi, lekin bu ham jamoaga sovrinni yana «Enfild»ga qaytarish uchun etarli bo'lmasligi mumkinn. Pep Gvardiolaning «Manchester Siti»si chempionlik uchun eng asosiy davogar bo'lib qolmoqda.

«Manchester Siti» va «Liverpul» haqida

«Riyoz Mahrez – «Siti» uchun juda yaxshi xarid. Bundan tashqari, Gvardiola hali ham g'alabaga chanqoq va u bu bilan jamoani yangi cho'qqilarga olib chiqishi mumkin. Pepning chanqoqligi boshqa jamoalarga nisbatan «Manchester Siti»ning ustunligini yanada oshiradi.

«Liverpul» Nabi Keyta va Alissonni sotib olib, katta qadam tashladi. Jamoa og'riqli nuqtalarni yopdi va endi ligada ikkinchi o'rinni olish uchun asosiy davogarlardan biri».

«Manchester Yunayted» haqida

«Albatta, klubning yozdagi transfer siyosati ko'p muxlislarga yoqdi, deb o'ylamayman. Ammo jamoa o'tgan mavsumda himoyada yomon o'ynamadi, Mourinoga yangi himoyachi sotib olib berishni uddalay olmagan bo'lishsa-da, baribir, bu jamoani engish hali ham juda qiyin bo'lib qolaveradi.

«Tottenhem» haqida

«Ko'pchilik «Tottenhem» hech kimni sotib olmaganiga salbiy yondashyapti, ammo ularda juda saviyali jamoa shakllangan. Nima deyishsa ham, bu jamoa ayniqsa, yangi stadionga ko'chgach, futboldan qanday zavq olish mumkinligini ko'rsatadi. O'ylaymanki, bu tarkib va kuchli murabbiy bilan «Tottenhem» yana bir muvaffaqiyatli mavsumni o'tkazadi».

Londondagi yangi murabbiylar haqida

«Arsenal» mavsumni kuchli to'rtlikda tugata olmasa kerak. Bu mavsum jamoa uchun ham (yangi murabbiy qo'l ostida), Emeri uchun ham moslashuv jarayoni bo'ladi. To'g'risi, Sarrining darajasi haqida bir nima deya olmayman. Uning «Chelsi»dagi imkoniyati men uchun qorong'u. Sarri bilan «Chelsi» o'z o'yin konTsepTsiyasini o'zgartirsa kerak, lekin bunga malum vaqt talab etiladi.

O'rtamiyonalar

Smit «Vulverhempton»ning imkoniyatilarini yuqori baholamoqda va «bo'rilar»ning turnir jadvali o'rtalaridan joy olishiga ishonmoqda – «Jamoaning bir qator juda qiziqarli transferlarni amalga oshirganiga etibor bersak, «Vulverhempton» juda yorqin mavsum o'tkazsa kerak. Ular muxlislarga yoqadigan o'yin ko'rsatishlariga aminman».

Autsayderlar haqida

Smitning aytishicha, «Uotford», «Haddersfild» va «Kardiff» jamoalari mavsumning so'nggi pog'onalarda yakunlashlari mumkin.

«Xavi Garsia mavsum oxirigacha jamoada qolishiga ishonmayman. O'tgan mavsumda jamoani ligada qolishiga sababchi bo'lgan bir qator yaxshi futbolchilar bor edi, bu safar bu ish takrorlanmasa kerak.

«Haddersfild» o'tgan mavsumni yaxshi o'tkazdi, ammo vaziyatlardan foydalanish bo'yicha muammolar yaqqol ko'zga tashlanadi. Klub esa, tarkibni kuchaytirish uchun etarli mablag'ga ega emas. Mos ravishda, bu mavsumda jamoada muammolar paydo bo'lishi mumkin.

«Neyl Uornok «Kardiff»ning mentalitetini o'zgartirishga harakat qilmoqda, ammo amalda baribir saviya o'z so'zini aytadi va jamoaning Premer Liga bilan «uchrashuvi» uzoqqa cho'zilmasa kerak».

Xullas, APL 2018/19 turnir jadvalida «Manchester Siti», «Liverpul», «Manchester Yunayted», «Tottenhem», «Arsenal» va «Chelsi» jamoalari mana shu yozilgan tartib bilan joylashishadi.

Alan Smit 7-9 o'rinlarga yozda juda faol transfer siyosatini olib borgan «Everton» va «Vest Hem», shuningdek, «Lester»ni ko'rsatmoqda. Shuningdek, «Vulverhempton», «Byornli» va «Sauthempton» ham turnir jadvali o'rtalaridan joy oladi. Ligada o'z o'rnini saqlab qolish uchun esa, yuqorida eslangan uch jamoa bilan birga «Brayton», «Nyukasl» va «Fulhem» kurash olib boradi.