«FranTsuzcha pragmatizm»: G'oyami yoki echim?
July 16, 2018, 12:42 p.m. 6172

Futbol har to'rt yoki ikki yilda bo'lmaydi. Baribir asosiy ulush klublar futboliga to'g'ri kelib, top murabbiylar ham o'sha tomonda faoliyat yuritishsa-da, futbol yulduzlarining asosiy faoliyati ham aynan klublar futbolida kechsa-da, jahon futboli tamaddunining yo'nalishi terma jamoalar ishtirok etadigan turnirlarda belgilanadi. Nega bilasizmi?

Eng yaxshi asarlar Tsenzura davrida, eng yaxshi ixtirolar dangasalik tufayli dunyo yuzini ko'rganidek, futbolda ham cheklanganlik faktori yangi g'oyalarga, uslublarga sabab bo'ladi. Klublar futbolida moliyaviy yaxshi taminlangan murabbiylar eng yuqori saviyadagi futbolchilarni olib kelish orqali, ham ko'p muammolarni hal qilishlari mumkin, g'olib jamoalardagi murabbiylar faktorini payqash har doim ham oson bo'lmaydi. Terma jamoa esa boshqa dunyo, bu erda cheklangan futbolchilar, cheklangan vaqt bilan vazifani bajarish uchun eng maqbul taktikani o'ylab topishga majbur bo'linadi. Bazida o'sha o'ylab topilgan g'oyalar, taktikalar futbolning keyingi yo'nalishini belgilab ham beradi. 

Mana shu rakursdan qaraganda, kecha tugagan jahon chempionati futbolga nima beradi? Qanday futbol eng nufuzli turnirda namuna bo'ldi?

Masalan, Rossiya-2018 turniriga qaraganimizda, ko'proq pragmatizmni ko'rishimiz mumkin. Kuchsizroq jamoalarning himoyaga ko'proq etibor qaratib, tartibli o'yin evaziga ancha yuqori o'rinlargacha etib borganliklarini oldin ham ko'rardik. Masalan, JCh-2014 turniridagi Kosta-Rika. Lekin bu safar faqat Kosta-Rika yoki ShveTsiya emas, turnir favoritlari ham ko'proq himoyaga etibor berishgani, chiroyli futbol bilan hammani rom qilish emas, g'alaba qozonish uchun, o'ynash emas, kurashish uchun maydonga tushishgani ko'zga tashlandi.

Turnirning eng kuchli terma jamoalari bo'lgan FranTsiya va Braziliya yorqin misol. Bu jamoalar tarkibida Neymar, Pogba, Mbappe, Koutino kabi individuallar bo'lishiga qaramasdan, bu futbolchilarning har biri jamoaviy futbol, murabbiy ko'rsatmalari uchun o'z uslublaridan biroz chekinishdi.

Hatto Belgiya ham, Tunis va Panamaga qarshi o'yinlarda poziTsion o'yin ko'rsatib, jiddiy o'yinlarga kelganda sxemasini o'zgartirdi – Mertens o'rniga yarim himoyaga bir o'yinchini chiqarish orqali, asosan himoyadan tezkor hujumga asoslangan 4-3-3 sxemasiga o'zgardi.

Xuddi shu fikrni FranTsiyaga nisbatan ham ishlatishimiz mumkin. Esingizda bo'lsa, Avstraliyaga qarshi dastlabki o'yinda FranTsiya oldinda Dembele – Mbappe – Grizmann uchligi bilan, ko'proq kombiTsion futbol va o'rta masofadagi paslarga asoslanib o'ynashga harakat qilgan edi. Va aynan o'sha o'yin FranTsiyaning uchun ko'proq qiyinchilik tug'dirgandi. Keyin esa, Desham Dembele o'rniga «targetmen» tushirishga qaror qildi – Jiru asosiy tarkibda, Mbappe va Grizmann endi orqaroqdan harakat qilib, zonalar ochish bilan shug'ullanishdi. Pogbaning vazifasi raqib jarima maydoni yaqinida to'pni nazorat qilish emas, tezda bo'sh zonalarga etkazish bo'ldi.

Avvaliga, bu o'zgarish aynan Avstraliyaga qarshi o'yindagi muammolar tufayli deb o'ylagandim. Ammo Plan B aslida Plan A bo'lib chiqdi, hech qanday  muammoga uchramagan Belgiyaning ham pley-offda o'zgarganini va FranTsiya keyingi uslubga osonlik bilan kirib olganini etiborga olsak, Desham ham xuddi Martines kabi, guruh bosqichini kam kuch sarflab, osonlik bilan bosib o'tishni, asosiy qurolni muhim uchrashuvlar uchun saqlashni ixtiyor etgan bo'lishi mumkin.

Umuman, ushbu jahon chempionatidagi asosiy qurol – himoyadan hujumga chiqish – qaysi jamoada shu holat tezkor va yaxshi yo'lga qo'yilgan bo'lsa, o'sha jamoalar muvaffaqiyat qozonaverdi.

Aksincha, shu jabhada biroz oqsagan va to'pni eng ko'p yarim himoyada ushlab turgan ikki jamoa – Germaniya va Ispaniya muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Eng etiborlisi, bu jamoalar «moda» uslubni eng yuqori saviyada o'zlashtirgan jamoalarga emas, ancha o'rtamiyona bo'lgan Rossiya, Meksika yoki Janubiy Koreyaga mag'lubiyatga uchrashdi. Shuning o'zi ham ushbu turnir trendini isbotlab turibdi.

Etibor bering, darvozaga berilgan aniq zarbalar nisbati  bo'yicha – FranTsiya 9-o'rinda, Germaniya va Ispaniya mos ravishda ikkinchi va uchinchi. To'pni nazorat qilish bo'yicha, Germaniya va Ispaniya birinchi va ikkinchi o'rinda, FranTsiya 19-o'rinda! O'rtacha aniq paslar – Germaniya va Ispaniya yana peshqadam, FranTsiya 17-o'rin.

Germaniyaning guruhdagi eng yaxshi o'yini ShveTsiyaga qarshi o'yin bo'ldi, to'g'rimi? Gap faqat o'sha o'yinda g'alaba qozonilganida emas, o'yin tempi, himoyadan hujumga chiqish, juda ko'p jabhalarda nemislar kuchli o'yin ko'rsatishdi. Sababi, balki Lyov O'zil va Kroosning bir vaqtda maydonda bo'lishi hujumga chiqishni sekinlashtirgan, poziTsion hujumlar ulushini oshirib yuborayotganini hisobga olib, ulardan biridan voz kechgani bo'lgandir? Ammo Koreyaga qarshi o'yinda yana eski uslubga qaytildi va ...

Desham va Martines Dembele va Mertensni zaxiraga o'tkazish oraqli taktik moslashuvchanlikni namoyil qilishgan bo'lsa, Lyovda bunga qatiylik etishmadi. Aslida, nazarimda, Germaniya terma jamoasi tarkibi kuchli, o'zgarishlar uchun salohiyat ham, sharoit ham bo'lgan. Bilmadim, balki Lyov muhim trendni anglab olguncha, guruh bosqichi tugab qolgandir, uchinchi turda ham natija uchun o'ynash xalaqit qilib, o'zi bilgan usulda qolishni afzal bilgandir.

Asosiy savolga qaytamiz, jahon chempionatida kuzatilgan bu tendenTsiya futbolni o'zgartiradimi? Nahotki, Joze Mourino davri kelgan bo'lsa?

Menimcha, yo'q. Bu safar unday bo'lmaydi, yani mundialda g'alaba qozongan va ish bergan g'oya yangi urf va ananalarni olib kirishiga ishonish qiyin va bunga bir necha sabablar bor.

Eng asosiysi, futbolda doim top klublar ergashtiruvchi maqomda bo'lishi takidlash kerak. Top-klublar uchun eng ahamiyatli jihat baribir maydonda ustunlik qilish, to'pni va o'yinni to'p bilan nazorat qilish bo'lib qolaveradi. Chunki, jamoa mavsumdagi o'rtacha 60 o'yindan 55tasini o'zidan har jihatdan past bo'lgan va katta ehtimol bilan himoyaga etibor qaratib, durang uchun o'ynaydigan raqiblarga qarshi o'tkazadi. Top-klub o'z o'yin uslubini va asosiy qurolini aynan mana shunday jamoalarga moslab qurishga majbur. Aynan o'sha jamoalarni yutish orqali chempionlikka erishiladi.

Sakkiz yil oldingi Ispaniya (to'p bilan himoyalanish, to'pni nazorat qilish, yuqori pressing) va to'rt yil oldinga Germaniya (yana to'p nazorati, faol qanotlar) aynan top klublar uchun formula taqdim etgan, maydonda dominant bo'lish uchun yo'l ko'rsatgandi. Tabiiyki, juda ko'p murabbiylar o'sha uslublarni o'zlashtirishgan, bugungi kundagi top-klublarning ko'pi mana shu terma jamoalarga yaqin uslubda o'ynashadi.

FranTsiya esa, bunday qurol taqdim etmadi, Desham «amerika ochmadi». FranTsiya qisqa turnirda sovrin ega bo'lish uchun eng mos bo'lgan yo'nalishni ko'rsatdi. Desham dunyo futbolini o'z ortidan ergashtiruvchi o'yinni emas, mana shunday qisqa paytda, cheklangan va noqulay sharoitda eng samarali echimni hayotga ko'chirdi xolos. Betaraf muxlislar chempiondan ko'ngli to'lmagan bo'lishi mumkin, ammo bu qaysi tomondan qarashga bog'liq, dorboz har qancha tomoshabop hunarlar ko'rsatmasin, alpinist ham olqishga loyiqdir.

FranTsiyaning uslubi, Mbappening ustunligi ham, aynan pley-offdan boshlab ko'zga tashlangani tabiiy, chunki bunday o'ynash kuch jihatidan yaqinroq bo'lgan raqiblarga nisbatan yaxshiroq ishlaydi. FranTsiyadan bir gol o'tkazib yuborgan Urugvay aytaylik, «Barselona»dan bir gol o'tkazgan «Selta» kabi, baribir himoyani qattiq ushlab, o'yin oxiridagi imkoniyatni kutmaydi. Urugvay majburan hujumga boradi, u ham FranTsiya bilan teng poziTsiyada ko'radi o'zini. Bu esa, FranTsiya uchun ayni muddao. «Selta» yoki «Vest Hem»dan bunday yuqori ambiTsiyani kutish qiyin.

Demak, «Barselona» yoki «Manchester Siti»ga FranTsiyadek o'ynashni maslahat berish to'g'ri bo'lmaydi. Hatto Mourinoning «MYu»si ham, aksariyat o'yinlarda hisobni ochguncha hujumkor o'yin ko'rsatadi. Joze katta o'yinlarda, top-klublarga qarshi Deshamning uslubiga yaqin echim izlaydi, xolos. Ammo u ham, bu uslub vaqtincha va faqat kubok tizimiga mos ekanini, chempion bo'lish uchun poziTsion o'yinni rivojlantirish shart ekanini biladi. Fredning transferi yorqin misol.   

FranTsiya bo'lib o'ynash faqat o'sha saviyadagi raqiblarga qarshi ko'proq ish beradi. FranTsiya Argentina yoki Belgiya bilan osonroq o'ynadi, Peru bilan o'zini juda noqulay his qildi. Top-klub poydevori bunday pragmatizm ustiga qurilishi imkonsiz, chunki milliy chempionatda jamoa aksariyat o'yinlarini «peru»larga qarshi o'tkazadi.

Katta ehtimol bilan Chempionlar Ligasi so'nggi bosqichlarida yoki navbatdagi Evropa chempionatlarida murabbiylar mana shunday pragmatizmga murojaat qilishlari mumkin va hatto aytish mumkinki, bunga ancha bo'ldi ham. Zidanning «Real»i aslida so'nggi yillarda omad yoki Ronalduning gollari evaziga emas, aslida, mana shunday pragmatizm bilan g'alaba qozonganini payqash endi osonroq. FranTsiya terma jamoasi buni qisqa turnirda, yanada aniqroq qilib namoyish qilib berdi – axir «Real» top-o'yinlarda shunaqa o'ynamaganmidi?

Yani, xulosa qilish mumkinki, jahon chempionati kecha tugadi. Rostan ham tugadi, bu turnirdan yangi g'oya yoki yo'nalishlarni qidirish u qadar to'g'ri emas. Klublar futboli bir oydan keyin, o'sha qolgan joyidan davom etadi.

«Real» Lopetegini taklif qildi. «Chelsi»da Sarri ish boshlaydi. Emeri, Gvardiola, Klopp, Pochettino asosan o'z o'yinini qurishni istaydigan murabbiylar. «Yuventus» yoki «PSJ»da gegemonlikka asoslangan o'yin uslubidan boshqa yo'l yo'q. Joze Mourino esa, Manchesterda qolish uchun sovrin yutishga majbur. Xuddi Deshamni «zerikarli», «ajoyib yulduzlarni uvol qildi» qabilidagi o'ta keskin tanqidlardan faqat chempionlik qutqarib qolgandek. 

Qahramon Aslanov