Xorvatiya va Angliya. Finalda kim o'ynaydi?
July 11, 2018, 8:47 p.m. 1971

Bugun Rossiyada o'tkazilayotgan jahon chempionatida ikkinchi finalchi aniqlanadi. Asosiy o'yin yo'llanmasi uchun Xorvatiya va Angliya terma jamoalari bellashadi.

Xorvatiyaning yarimfinal sari yo'li oson bo'lmadi. Zlatko Dalich shogirdlari guruhda Argentina, Islandiya va Nigeriya bilan to'qnash kelishdi. Biroq, «shashkalilar» kvartetda navbati bilan barcha raqibni engib, 1-o'rinni egallashdi. 1/8 finalda Xorvatiya  Daniyaga duch keldi. Hamma bolqonlik futbolchilardan oson g'alabani kutgan edi. Amalda esa 120 daqiqada g'olib aniqlanmadi. Penaltilar seriyasida Xorvatiya g'alaba qozondi. Xorvatiyaga chorakfinalda Rossiya terma jamoasi duch keldi. Bu o'yin ham juda qiyin kechdi. Xorvatiyaliklar bu safar ham penaltilarda aniq harakat qilib, yarimfinalga qadam qo'yishdi.

Angliya terma jamoasi bu chempionatni juda yaxshi o'tkazmoqda. So'nggi marta futbol vatani vakillari 1990 yili yarimfinalga yo'l olishgandi. Ikki yil oldin terma jamoani qabul qilib olgan Garet Sautgeyt uni yoshartirishdan xavfsiramadi. Natijada, ingliz iqtidorlari Rossiya maydonlarida uning ishonchini oqlashdi. Guruh bosqichida Angliya navbati bilan Tunis (2:1) va Panamani (6:1) engdi. So'nggi o'yinda Belgiyaga (0:1) yutqazib, 2-o'rin bilan 1/8 finalga chiqdi. Kolumbiyaga qarshi pley-off bahsida o'yin taqdirini penaltilar seriyasi hal qildi. Unda aniqroq harakat qilgan Angliya chorakfinalga yo'l oldi. Bu bosqichda esa ShveTsiya darvozasiga 2ta to'p yo'llab, yarimfinal yo'llanmasiga ega bo'ldi.

Xorvatiya  - Angliya o'yini haqidagi qiziqarli malumotlar.

Evro-2008 saralashida Xorvatiya Londonda Angliyani 3:2 hisobida engib, musobaqa yo'llanmasidan mahrum qilgan.

So'nggi marta bu terma jamoalar JCh-2010 saralashida duch kelgan va Angliya ikkita o'yinda ham, umumiy 9:2 hisobida g'alaba qozongan edi.

O'zaro to'qnashuvlardagi yagona durang (0:0) 1996 yili qayd etilgan.

Xorvatiya terma jamoasi qatorasiga 9ta o'yindan buyon yutqazmayapti.

Har ikkala terma jamoa kuzda Millatlar Ligasi doirasida bir-bilan o'ynaydi.

Xorvatiya terma jamoasi qatorasiga 6ta o'yindan buyon raqiblar darvozasiga gol urmoqda.

Taxminiy tarkiblar:

Xorvatiya: Subashich – Chorluka, Lovren, Vida, Strinich, Brozovich, Rakitich, Modrich, Perishich, Rebich, Manjukich.

Angliya: Pikford – Uoker, Stounz, Maguayr, Xenderson, Tripper, Yang, Alli, Lingard, Keyn, Sterling.

JCh-2018, 1/2 final
Xorvatiya – Angliya
Stadion
: «Lujniki» (Moskva)
O'yinning boshlanishi: 23:00
Hakam: Junayd Chaqir (Turkiya)