OAV Ronaldu nima uchun aynan «Yuve»ni tanlaganini aniqladi
July 7, 2018, 6:37 p.m. 38057

«Real» hujumchisi Krishtianu Ronaldu «Yuventus»ga o'tsa, Italiyada Ispaniyadagi kabi qatiy soliq qonunlariga ro'baru kelmaydi. Bu haqda Il Mattino xabar bermoqda.

Ispaniyada ushbu 33 yoshli portugaliyalik futbolchi soliq qonunchiligidan ko'p jabr chekkan va mahalliy hukumat bilan muammolarga duch kelgan - u 2011-2014 yillar davomida soliqlardan qochishda ayblanib, 19 million evro miqdorida jarimaga tortilgan hamda unga shartli ravishda ikki yillik qamoq jazosi tayinlangan.

Italiya matbuotida qayd etilishicha, 2017 yilda kuchga kirgan qonunga ko'ra xorijlik investorlar va mashhur shaxslarga imtiyozlar yaratilgan - ular xorijdan oladigan daromadlaridan 100 ming evrodan ortiq soliq to'lamaydi. Bu homiylik shartnomalari va ko'chmas mulkdan keladigan daromadlarga ham taalluqlidir.

«Bundan soliq tizimi bizning chempionatga ham yulduzlarni jalb qiladi», degan Legalitax advokati Serjio Sirabella.

OAV malumotiga ko'ra, turinliklar klubi rahbariyati ushbu transfer amalga oshishiga shubha qilmayapti, klub futbolchi uchun 100 million evro to'lashga tayyor. Madridliklar klubi esa futbolchisini 130 million evrodan kamiga sotmoqchi emas.