Futbolchilarini kaltaklagan «Iftixor» rahbari va murabbiyi ustidan tergov ishlari boshlandi
June 4, 2018, 5:45 p.m. 5345

1 iyun kuni Oltiariqning «Iftixor» futbol klubi direktori Ahror Ergashev hamda katta murabbiy Nodir Qo'ziboev o'z futbolchilariga nisbatan tajovuzkor hatti-harakatlari sabab O'FA tomonidan futbol faoliyatidan butunlay chetlashtirilgan edi.

O'FA xabariga ko'ra, tashkilotning ikki nafar xodimi— Dilshod Saidmurodov va Jo'rabek Sabdarov Farg'onaga borib, jabrlanuvchi Hasanboy Ergashev bilan uning uyida uchrashgan va bo'lib o'tgan voqeaga oydinlik kiritgan. Tursunboy Husanov esa o'z shahri Shahrixonga jo'nab ketgani uchun, u bilan suhbat telefon orqali bo'lib o'tgan.

Shundan so'ng O'FA xodimlari Oltiariq tumani IIB huzuridagi Tergov bo'limi masullari bilan, tuman IIB boshlig'i, shuningdek, Farg'ona viloyati hokimi o'rinbosari bilan suhbatda bo'lgan. Ayni vaqtda ham O'FA Oltiariq tuman IIB masul xodimlari bilan aloqada bo'lib turibdi.

Farg'onaga safari davomida O'FAning ikki vakili «Iftixor» katta murabbiyi Nodir Qo'ziboev bilan, undan keyin esa klub direktori Ahror Ergashev bilan ham uchrashgan. Ular bo'lib o'tgan voqeada ishtirok etganini tan olishgan. 

Malum bo'lishicha, futbolchilarni Oltiariq tumani chekkasidagi oromgohga telefon orqali Nodir Qo'ziboev chaqirtirgan. O'zboshimcha tazyiqni Ahror Ergashev olib borgan va har ikki futbolchiga tan jarohati etkazgan.

O'FA mazkur xulosadan kelib chiqib, «Iftixor»ning har ikki rahbarini futboldan chetlashtirdi. Endilikda IIB mazkur ish yuzasidan tergov surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda.