Yovvoyi Portugaliya. «Sporting» bazasidagi hujum tafsilotlari
May 16, 2018, 4 p.m. 7338

15 may kuni Portugaliyaning «Sporting» klubining kapyushon kiygan 50 nafarga yaqin muxlisi Lissabondagi klub bazasiga bostirib kirishdi va jamoa futbolchilariga hujum qilishdi. 

Sport.es xabariga ko'ra, yuzi yopilgan 50 nafarga yaqin shaxs klub qarorgohiga bostirib kirgan va jamoa bosh murabbiyi Jorje Jezusni, jamoaning etakchi futbolchilarini urishgan, niderlandiyalik legioner Bast Dostni polga yotqizib olib, kaltaklashgan.

Bundan tashqari, fanatlar jamoaning kiyim almashtirish xonasini ag'dar-to'ntar qilishgan, boshqa azolarga tasmalar, temir buyumlar va mashala bilan hujum qilishgan.

Bas Dost boshidan jarohat olgan, Yosip Mishich va Rodrigo Battalyaga ham tan jarohatlari etkazilgan.

A Bola nashri xabariga ko'ra, Akunya ham jarohatlangan, jamoa fizioterapevti Mario Monteyra va murabbiy assistenti Raul Jozega tig'li qurol bilan shikast etkazilgan.

Hujumga nima sabab bo'ldi?
Bir necha kun oldin «Sporting» chempionatning oxirgi turi doirasida safarda «Maritimu»ga yutqazib qo'ydi va ikkinchi o'ringa ko'tarilish imkoniyatini yo'qotdi. Bu o'rin jamoaga keyingi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etish uchun yo'llanma berishi mumkin edi. Fanatlar Madeyradayoq noroziliklarini bildirishgan, lekin ular shunchaki haqoratlar bilan cheklanishgandi.

Lissabonda esa futbolchilarni yanada ashaddiy fanatlar kutib turishgandi. «Alvalade» stadioniga kirish joyida muxlislar guruhi jamoa etakchilari Villiam Karvalyu va Ruy Patrisiuga tashlanishdi, poliTsiyaning aralashuvi futbolchilarni qutqarib qoldi.

Uchinchi urinish esa «muvaffaqiyatli» chiqdi.

Qayd etish kerakki, klub prezidenti Brunu de Karvalyu futbolchilarga nisbatan fanatlarda nafrat uyg'otish bilan band bo'lib kelmoqda. U bir necha marta jamoa futbolchilarni yomon natijalar uchun qattiq tanqid qilgan, bir safar asosiy tarkibni chetlashtirish niyatini bildirgandi va bu katta shov-shuv keltirib chiqargandi.

Dushanba kuni klub prezidenti Jorje Jezushni istefoga chiqargandi, ammo ko'p o'tmasdan unga jamoani Portugaliya Kubogi finalida «Avesh»ga qarshi kechadigan uchrashuvga tayyorlashi malum qilindi.

Futbolchilar endi kubok finalini boykot qilishadimi?
Futbolchilar ro'y bergan voqeadan qattiq karaxt ahvolga tushishgan. Ularning bazilari shartnomani bekor qilishmoqchi, aksar futbolchilar kubok finalini boykot qilishni istashmoqda. Bazaga Brunu de Karvalyu kelganida esa, futbolchilarning hech biri u bilan gaplashishni istamagan. Jamoa etakchilari Villiam va Patrisiu futbolchilar bilan alohida uchrashuv o'tkazib, keyingi harakatlar rejasini tuzishmoqchi. Ular aybdorlarni jazolashni so'rab poliTsiyaga murojaat qilishga tayyorlanmoqda.

TYC Sports xabariga ko'ra, jamoaning argentinalik legionerlari Markos Akunya va Rodrigo Battalya shartnomani bekor qilib, klubdan ketishga qaror qilgan.

«Sporting» 20 may kuni Portugaliya Kubogi finalida «Avesh»ga qarshi o'ynashi kerak.