Ro'ziqul Berdiev «Nasaf»ning yirik mag'lubiyatiga izoh berdi
Feb. 14, 2018, 9:56 a.m. 5885

«Nasaf» bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev Osiyo Chempionlar Ligasidan o'rin olgan «Persepolis»ga (0:3) qarshi o'yindan so'ng, o'z fikrlarini aytdi.

«Bugun guruhimizdagi kuchli raqib bilan bellashdik. Bunday o'yinlarda diqqatni susaytirish og'ir oqibatlarga olib keladi. Biz birinchi golni o'tkazgan vaziyatda ana shunday bo'ldi. Aslida futboldagi ilk gol katta ahamiyatga ega. Biz deyarli yangi tarkib bilan o'ynayapmiz, unda yosh futbolchilar ham ko'p. Ularda hayajon ham ko'p bo'ldi.

«Persepolis» kuchli jamoa, tarkibida kuchli futbolchilar to'p tepishadi. O'ylaymanki, ular bu yilgi OChLda ham uzoqroqqa borishadi.

Bizda hali milliy chempionat boshlangani yo'q. Biz endi yangi mavsumdagi ikkinchi rasmiy uchrashuvni o'tkazdik. O'yin amaliyoti kamligi ham bugungi mag'lubiyatimizga sabab bo'ldi.

«Persepolis» klubida ajoyib hujumchilar bor, bunday hujumchilarga qarshi o'ynaganda juda ehtiyot bo'lish kerak. Bu futbolchilar bugungi uchrashuvda ham o'zlarini ko'rsatishdi» - dedi Berdiev.