«Lokomotiv» yangi futbolchilarni tanishtirdi
Feb. 10, 2018, 6:54 p.m. 5226

Toshkentning «Lokomotiv» klubi yangi mavsum starti oldidan, o'z safiga qo'shib olgan futbolchilari taqdimot marosimini o'tkazdi.  

«Lokomotiv» stadioni matbuot anjumanlar zalida tashkil etilgan tadbirda 6 nafar futbolchi tanishtirildi. Dastavval klub bosh direktori o'rinbosari To'labek Akramov so'zga chiqib, klub oldiga yangi mavsumda ulkan maqsadlar qo'yilayotganini takidladi:

«Lokomotiv» 2018 yilgi mavsumni amaldagi chempion va kubok sohibi sifatida boshlaydi. Bu esa zimmamizga katta masuliyat yuklashi tabiiy. Zero bizdan o'z unvonlarimizni saqlab qolish hamda xalqaro maydonda yurtimiz sharafini munosib himoya qilish talab etiladi. Shuni inobatga olgan holda jamoamiz yangi mavsumga imkon qadar puxta hozirlik olib bordi. Tarkibga yaxshi saviyadagi futbolchilar taklif etildi. Endi ulardan muxlislarimiz istayotgan o'yinni namoyish etish talab etiladi», -  dedi To'labek Akramov.

So'ngra bosh murabbiy Andrey Miklyaev ham o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi:

«Jamoamiz yangi mavsumga yaxshi tayyorgarlik olib bordi. 2ta xorij yig'ini tashkil etildi. Yaxshi saviyadagi jamoalar bilan nazorat o'yinlari o'ynadik. Qolaversa, tarkibimizni sezilarli darajada kuchaytira oldik. Hozir bizning har bir chizig'imizda raqobat bor. Bu esa kishini xursand qilmay qolmaydi, albatta», -  dedi bosh murabbiy.

So'ngra futbolchilarga yangi raqamlari tushirilgan futbolkalar topshirildi. Ungra ko'ra, Sardor Rashidovga 27-raqam, Husniddin G'ofurovga 19-raqam, Igor Yelichga 88-raqam, Sherzod Karimovga 8-raqam, Cho Suk Jaega 99-raqam hamda Nivaldoga 6-raqam topshirildi.

Tanishtiruv marosimining uchinchi qismida OAV vakillari bevosita futbolchilarning o'zlariga savollar bilan murojaat qilish imkoniga ega bo'lishdi. Jamoamizning yangi azolari quyidagicha fikr bildirib o'tishdi:

Nivaldo:  «Lokomotiv» - o'z nufuziga ega jamoa. Bunday klub safida o'ynash har qanday futbolchi uchun faxr. Men ham imkon qadar o'zimdan kutilgan o'yinni namoyish etishga urinaman. Ilgari tayanch yarim himoyachisi sifatida o'ynaganman. Keyinroq hujumkor futbolchi sifatida sinab ko'rishdi. O'zimga ham oldingi chiziqda o'ynash yoqadi. O'z gollarim va chiroyli o'yinim bilan jamoa muxlislarini xursand etishga urinaman».

Cho Suk Jae:  «Lokomotiv» nafaqat O'zbekistonda, balki butun Osiyoda o'z o'rniga ega jamoa sanaladi. Bunday nomdor klub safiga qo'shilganimdan faxr tuyg'usini tuydim. Nasib etsa, «Lokomotiv» safida mazmunli o'yin namoyish etmoqchiman».

Sardor Rashidov:  «Lokomotiv»dek klubga o'tganimdan mamnunman. Ushbu klub safida yutuqlarga erishmoqchiman. Umid qilamanki, «Lokomotiv»da o'z o'yinimni ko'rsata olaman».

Sherzod Karimov:  «Paxtakor» bilan shartnomam yakunlandi. Bu orada «Lokomotiv»dan qiziqarli taklif tushdi va bajonudil unga rozilik bildirdim. «Lokomotiv» bilan ko'plab sovrinlar yutishni istayapman».

Igor Yelich:  «Lokomotiv» - O'zbekistonning eng kuchli klubi. Ushbu jamoada o'ynash sharaf. Qolaversa, jamoa Osiyo Chempionlar Ligasida ishtirok etadi. Bu klubda ekanimdan xursandman».

Husniddin G'ofurov:  «Bir necha yil Serbiyada faoliyat olib bordim. Endi o'z kuchimni O'zbekiston chempionatida sinab ko'rish imkoniyati paydo bo'ldi. Bundan juda mamnunman. «Lokomotiv» safida Superligada ham, Chempionlar Ligasida ham chiroyli o'yin ko'rsatishga harakat qilaman».