«Enfild»da fantastika! Mavsumda yutqazmagan «Siti» 4ta gol o'tkazdi
Jan. 14, 2018, 11:05 p.m. 8829

Angliya Premer-ligasining 23-turi doirasidagi markaziy uchrashuv «Enfild»da bo'lib o'tdi. «Liverpul» «Manchester Siti»ni qabul qildi va 4:3 hisobida g'alaba qozondi.

O'yinning birinchi bo'limi teng kurashlar ostida kechdi. Maydon egalari safida Aleks Oksleyd-Chemberlen hisobni ochdi, Sane javob qaytardi va jamoalar tanaffusga durang hisob bilan chiqib ketishdi.

Ammo ikkinchi bo'limni to'liq raqibni pressing qilib o'tkazgan Yurgen Klopp shogirdlari o'z maqsadlariga erishishdi. Raqib futbolchilari xatolaridan unumli foydalangan Roberto Firmino, Sadio Mane va Muhammad Saloh bittadan gol urib, hisobni yirik ko'rinishga keltirishdi.

O'yinning oxirgi o'n daqiqaligida maydon egalari diqqatni yo'qotishdi va «Manchester Siti» ikkita javob goli yo'llashga muvaffaq bo'ldi. Bu gollar Bernardu Silva va Ilkay Gundo'g'an nomiga yozildi.

Shu tariqa, «Manchester Siti» Angliya chempionatining joriy mavsumida ilk mag'lubiyatini qabul qilib oldi.

Ayni vaqtda «Manchester Siti» 62 ochko bilan turnir jadvalida yakkapeshqadam bo'lib qolmoqda. «Liverpul» 47 ochkosi bilan 2-4 o'rinlarni «Manchester Yunayted» va «Chelsi» bilan bo'lishib turibdi. «MYu» 23-tur uchrashuvini endi o'tkazadi.

Angliya chempionati
23-tur

Liverpul – Manchester Siti 4:3
Gollar: 1:0 – 9 Oksleyd-Chemberlen, 1:1 – 40 Sane, 2:1 – 59 Firmino, 3:1 – 61 Mane, 4:1 – 68 Salax, 4:2 – 84 Bernardu Silva, 4:3 – 90 Gyundogan.
Liverpul – Karius, Matip, Robertson, Gomes, Lovren, Firmino, Oksleyd-Chemberlen, Salax (Lallana, 88), Veynaldum, Mane (Klavan, 90), Djan (Milner, 79).
Manchester Siti – Ederson, Otamendi, Stounz, Uoker, Delf (Danilo, 31), Gyundogan, Fernandino, Sterling (Bernardu Silva, 71), de Bryuyne, Sane, Aguero.
Ogohlantirishlar: Firmino (60), Otamendi (65), Sterling (69), Fernandino (72), Milner (90).