Sardor Mirzaev «Lokomotiv»ning yangi mavsumdagi rejalarini aytdi
Jan. 12, 2018, 5:05 p.m. 1149

Toshkentning «Lokomotiv» klubi Osiyo Chempionlar Ligasining yangi mavsumiga tayyorgarlikni BAAning Dubay shahrida davom ettirmoqda. «Temiryo'lchilar» jamoasi etakchilaridan biri –  Sardor Mirzaev «Loko»ning ilk xorij yig'ini qanday o'tayotgani xususida o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

«Yangi mavsumga qizg'in hozirlik olib boryapmiz. Ayni paytda mashg'ulotlar kuniga 2 mahaldan o'tkazilmoqda. Dastlab taktik mashqlar bajarilayotgan bo'lsa, tushdan so'ng trenajyor zalida va qum ustida shug'ullanyapmiz. Asosiy urg'u esa jismoniy holatni tezroq tiklash va yaxshi sport formasiga kirib olishimizga qaratilmoqda.

Chempionlar Ligasi start olishiga ham roppa-rosa 1 oy vaqt qoldi, xolos. Shu sababli tayyorgarlikka zo'r berganmiz. Yangi mavsumda ham ichki musobaqalarda, ham xalqaro maydonda zafarli yurishlarni amalga oshirmoqchimiz. Bunda esa mavsumoldi yig'inlari muhim ahamiyat kasb etadi.

Dubaydagi ilk xorij yig'inimiz ancha yaxshi o'tmoqda. Bu erning ob-havosi qishda yig'in o'tkazish uchun juda qulay. Qolaversa, dunyoning ko'plab jamoalari shu erda yig'in o'tkazadi. Shuning uchun ham o'rtoqlik o'yinlari uchun sparring raqib topish umuman muammo tug'dirmaydi», -  deya futbolchining so'zlarini keltiradi klub matbuot xizmati.   

Eslatib o'tamiz, 23 yanvarga qadar Dubayda shug'ullanadigan «temiryo'lchilar» u erda 4ta nazorat uchrashuvi o'tkazadi.