«Manchester Yunayted» uchun 5 futbolchi
Jan. 11, 2018, 4:24 p.m. 13853

«Manchester Siti» Sanchesdan voz kechgani yo'q, «Liverpul» Koutinoga o'rinbosar izlamoqda, «Chelsi» Ross Barkli transferi mojarosi bilan band, Arsen Venger esa o'ziga xos harakat qilib, GreTsiyadan 2 million evrolik futbolchi olib keldi. Bu jamoalar fonida «Manchester Yunayted» biroz passiv ko'rinishi tabiiy. Qishki transfer darichasini unchalik xush ko'rmaydigan Joze Mourino bu farazni isbotlab, o'tgan yanvarda ham umuman hech kimni sotib olmagandi.

Lekin ushbu mavsumda jamoaning maqsadlari yuksakroq – «MYu» 2-4 o'rinlar uchun ayovsiz jang qilish va Chempionlar Ligasida ham uzoqroqqa borishni maqsad qilgan. Bazi futbolchilarning jarohati va ishonchni oqlay olmayotganliklari esa, bazi pallalarda «Yunayted» tarkibida muammolar borligini ko'rsatib qo'ydi. Buni Mourinoning o'zi ham tan oldi va odatga xilof ravishda yanvarda ham bir qator transferlar bo'lishi mumkinligini inkor etmadi.

«MYu» hozirda ikki qanot himoyachisiga, shuningdek markaziy yarim himoyachiga ham ehtiyoj sezmoqda. Lekin eng ko'p muhokama qilinayotgan poziTsiya jamoaning o'ng qanot hujumchisi yoki vingeriga bo'lgan talabidir. Aynan bu poziTsiya ko'proq muhokama bo'lishi tabiiy, sababi, maydonning aynan shu nuqtalarida yulduz futbolchilar to'p suradi.

Garet Beyl, Paolo Dibala yoki Antuan Grizmann kabi orzularni bir chetga surib, «Yunayted» aynan mana shu yanvarda sotib olishi haqiqatga yaqinroq bo'lgan nomzodlar haqida suhbatlashamiz.

MESUT O'ZIL (Arsenal) – 29 yosh

2017/18 mavsumda: 18 o'yin, 4 gol, 5 assist

Taxminiy transfer qiymati: 30 million funt

Germaniyalik futbolchi «Arsenal» bilan yangi shartnoma tuzgani yo'q va bu ish amalga oshmasa ham kerak. Buning natijasida transfer qiymatini yuqori bo'lmasligi, shuningdek, tajribali futbolchi sifatida O'zil «Yunayted»ga ilk kunlardanoq yordam bera boshlashini etiborga olsak, yomon variant emas. O'zil Joze Mourino bilan «Real»da ham birga ishlagan va aytish kerakki, futbolchining Madriddagi eng yulduzli onlari ham o'sha davrga to'g'ri kelgandi.

O'zil har ikki qanotda ham o'ynay oladi, tezkor qarshi hujumlar tashkil qilish va o'yinni nazorat qilish bo'yicha Xuan Mata yoki Mxitaryandan ustunroq. «Arsenal» va O'zil bu mavsum Chempionlar Ligasida qatnashmadi, demak Mesut Chempionlar Ligasida ham foydalanish bo'lgan yulduzli transferlardan biri bo'lishi tabiiy. Balki yozni kutib, futbolchini tekinga qo'lga kiritish ham mumkindir, ammo u paytgacha vaziyat o'zgarishi, futbolchi uchun yangi talabgorlar paydo bo'lishi mumkinligini ham esdan chiqarmaslik kerak.

Agar Mourino aynan bugungi muammolarni echishni va aynan mana shu bahorda kuchliroq «MYu»ni qurishni rejalashtirayotgan bo'lsa, shubhasiz, O'zil eng yaxshi nomzoddir.

LUKAS MOURA (PSJ) – 25 yosh

2017/18 mavsumda: 5 o'yin, 1 gol, 1 assist

Taxminiy transfer qiymati: 20 million funt

Yanvar oyi yaqinlashgach, Mouraga «Manchester Yunayted» tomonidan qiziqish paydo bo'lgani va futbolchining «Old Trafford»ga ko'chib o'tishga qarshi emasligi haqida xabarlar paydo bo'ldi. Hatto 25-30 million evro atrofidagi transfer qiymati borasida ham so'z bordi. Keyinchalik, bu xabarlar asossiz ekani aytilayotgan bo'lsa-da, shamol bo'lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi.

Lukasni Aleks Fergyuson ancha avvaldan kuzatgan va 2012 yilda Manchesterga olib kelish uchun qattiq harakat qilgandi. Ammo braziliyalik futbolchi Parijni tanladi. O'sha davrda Lukas hamyurtlari Neymar va GanTso bilan birgalikda, dunyoning eng umidli yoshlaridan edi. Ammo «PSJ»ga doimiy ravishda yulduz futbolchilarning kelib-ketaverishi Lukasni ko'pincha soya ostida qoldirdi. Umuman, FranTsiya chempionati boshqa ligalar soyasida qolganini ham takidlash kerak. Neymar va Mbappening kelishi esa, o'tgan mavsumda deyarli hamma o'yinda maydonga tushgan Lukasning o'yin amaliyotini pasaytirib yubordi. Moura bu mavsumda atigi 5 o'yinda maydonga tushdi, xolos.

Jahon chempionatida ishtirok etish uchun ko'proq maydonga tushish kerak, aynan shu omil Mouraga klubni almashtirish uchun asosiy sabab bo'lishi kerak. Yuqori texnikaga ega bo'lgan 25 yoshli futbolchi «Manchester Yunayted»ning hujum chizig'iga rang-baranglik olib kirishiga shubha yo'q.

Shuningdek, uning ham ikki marta zayavkaga kiritilganiga qaramasdan, Chempionlar Ligasi guruh bosqichida maydonga tushmaganini ham takidlash kerak.    

RIYoD MAHREZ

2017/18 mavsumda: 21 o'yin, 7 gol, 7 assist

Taxminiy transfer qiymati: 50 million funt

«Liverpul» Filippe Koutinoni sotishi hamono ushbu futbolchini qo'lga kiritishga harakat qilib ko'rgani, lekin «Lester» jazoirlik futbolchi uchun 55 milliondan kam narx belgilamasligi haqida xabarlar chiqdi. Bu naqadar rost, bilmadik, ammo alaqachon Mahrezga top-klubda o'zini sinab ko'rish vaqti kelgan.

2015/16 yilgi mavsumda APLning eng yaxshi futbolchisi hali ham o'z iqtidorini yo'qotgani yo'q, o'sha mavsumdagidek barqaror bo'lmasa-da, bazida kichik sehrgarliklar qilib turibdi. Uning bugungi «Lester» saviyasidan oldinga o'tib ketganini payqash mumkin, balki shuning uchunmi, goh «Arsenal», goh «Liverpul» bilan bog'liq mish-mishlar tinmayapti.

O'zi chapaqay bo'lgan Mahrez «MYu»ning o'ng qanotiga ham tezkorlik olib kira oladi. Ayniqsa, «Manchester Yunayted» darvozasiga yaqinda Vardi tomonidan kiritilgan gol Mahrezning aynan Mourino juda yaxshi ko'radigan tezkor qarshi hujumlarda qanday foydali bo'la olishini namoyish qildi.

Birgina minus jihat shundaki, Mahrez himoyalanishda u qadar foydali emas, shuning uchun ham o'z vaqtida Raneri top klublarga qarshi bazi o'yinlarda yoki hisobni saqlab qolish kerak bo'lgan vaziyatlarda uni maydonga tushirmasdi yoki almashtirardi.

FILIPE MALKOM

2017/18 mavsumda: 18 o'yin, 7 gol, 4 assist

Taxminiy transfer qiymati: 35 million funt

«Bordo» safida juda samarali harakat qilayotgan 20 yoshli braziliyalik futbolchini «Manchester Yunayted» anchadan beri kuzatib keladi. Malkom shu bugundan «MYu»ni kuchaytirishiga ishonish qiyin, ammo yosh futbolchining o'yindan o'yinga o'sib borayotgani va balki yozda uning talabgorlari safi kengayishini etiborga olsak, yanvardan otni qamchilash kerak.

Malkom ham chapaqay, asosan o'ng qanotda harakat qiladi. Yaxshi tezlikka va driblingga ega, uzoq masofadan ham yaxshi zarba bera oladi. «Bordo» hatto Liga 1 da ham u qadar hujumkor jamoa emasligini etiborga olsak, Malkomning yuqori statistikasi uning juda yaxshi potenTsialga ega ekanidan darakdir.

Aynan shu mantiq bilan kelajak uchun sotib olingan Antoni Marsiyalning ilk o'yinlardanoq «MYu»ning etakchi o'yinchilaridan biriga aylanganini etiborga olsak, balki Malkomga ham xuddi shunday umidlarni bog'lash mumkindir?

ANDREAS PERREYRA

2017/18 mavsumda: 16 o'yin, 1 gol, 3 assist

Genrix Mxitaryan o'tgan mavsumda ham Jozening qora ruyxatiga tushgan, ammo mavsumning ikkinchi yarmiga kelib, eng muhim futbolchilardan biriga aylangandi. Jessi Lingardning ayni bugungi kunlardagi o'yinini ham etiborga olsak, Mourino jamoasi har qanday futbolchi biror pallada o'z darajasidan yuqori o'yin ko'rsatishi mumkin. Shu etibor bilan Mxitaryanning ustidan chiziq tortmay turgan yaxshi.

Jozening unga nisbatan munosabati ham hozircha tushunarsiz. Odatda, hafsalasi pir bo'lgan futbolchilarni butunlay inkor qiladigan portugaliyalik murabbiy «Derbi»ga qarshi o'yinda Mxitaryanni almashtirgani uchun undan uzr so'radi. Tushunarsiz-a? Boshqa tomondan Bastian Shvayshtaygerni eslash mumkin – yarim yil maydonga tushirilmagan nemis futbolchisi o'tgan yili yanvarda etiborga tushdi, asta-sekin maydonga qaytdi va Mourino u haqida iliq fikrlar bildira boshladi. Bir hafta o'tib esa, sotib yuborildi. Xullas, Mourinoning aynan Genrixga nisbatan qanday reja qilayotganini hech kim bilmaydi.

Andreas Perreyra esa, «Manchester Yunayted» tarbiyalanuvchisi. O'tgan yili «Granada», bu mavsumni esa «Valensiya» tarkibida ijarada o'ynayotgan 21 yoshli futbolchining saviyasi o'sib borayotganini payqash qiyin emas. Perreyra yozda jamoa bilan birga bo'ldi, Mourino qo'l ostida shug'ullandi, lekin avgustda «Valensiya»ga berib yuborildi. Yozda Mourino uni ko'proq markaziy yarim himoya va tayanch zonasida sinab ko'rgandi, «Valensiya»da esa, Perreyra ko'proq o'ng qanot vingeri sifatida maydonga tushmoqda va bir nechta golli pas uzatishga ham muvaffaq bo'ldi. «Valensiya»ning mavsum boshidagi hovuri bosilganini etirof etsak, Andreas Perreyra ham o'z jamoasiga muddatidan ortiq qaytishga qarshi bo'lmasa kerak.

 

Q.Aslanov tayyorladi