«Liverpul» endi nima qilishi kerak? Tahlil
Jan. 9, 2018, 7:24 p.m. 7159

Bir paytlar «Tottenhem» Garet Beyl transferidan tushgan pulga 8 nafar futbolchini sotib olganda, Brendon Rojers raqibning ustidan kulgan va klubda strategiya yo'q ekanini aytgandi. Bir yil o'tib, xotirasi yaxshi muxlislar Rojersning o'ziga bu haqida eslatishdi – Luis Suaresni sotishdan tushgan tushumni shimoliy irlandiyalik murabbiy xuddi shu shaklda sarflab yuborgan: o'sha transferlarning to'rt nafari allaqachon Liverpulni tark etib ulgurdi, undan tashqari Emre Jan «Yuventus»ga o'tishga yaqin, Morena va Lovren esa, muxlislarning asabini o'ynashda davom etmoqda.  

Bu tajriba shuni ko'rsatadiki, ulgurji xaridlar klub uchun zarar. Bu ishni qishki transferlar chog'ida amalga oshirish, ayniqsa. To'g'ridan to'g'ri Koutinoga o'rinbosar topib qo'ya qolish eng aqlli qarordek ko'rinadi, ammo bozorda yangi Koutinoni topish ham oson emas. Agar shunday futbolchi bo'lgan taqdirda ham, «Liverpul»da endi pul ko'pligini bilganlar o'sha futbolchining narxini ham maksimal ravishda oshirib qo'yishadi. 

Aftidan, Riyod Mahrezning transferi amalga oshmaydi. Aslida bu haqdagi xabarlar ham yo'q joydan tarqalgandi. Malumki, jazoirlik futbolchi o'ng qanot hujumida (Salohchi?) yoki «o'nlik» sifatida (Kloppda bunday poziTsiya umuman yo'q) to'p suradi. Mahrezning kelishi Klopp muammosini echishdan ko'ra, qo'shimcha boshog'riqlar paydo qilishi shubhasiz. 

«Monako»dagi Toma Lemar balki, Koutinoni o'rnini bosish uchun eng maqbul variant. Ammo franTsuzlar allaqachon Lemar hech qanday pulga sotilmasligini aytib bo'lishgan. Yozda ham Lemarning sotilmasligi aytilgan va xaridorlar hadeb bezor qilavergach, umuman reallikdan uzoq bo'lgan narx belgilab qo'yilgandi. Qishda bu talab yanada oshishi mumkin, Lemarga xuddi «Arsenal» vada qilgan kabi, yuz milliondan ortiq pul sarflash katta risk, albatta. 

Xo'sh, nima qilish kerak?

Mavsum boshidagi o'yinlarni eslash

Bugungi «Liverpul»ning Koutinoga bog'liqligi avvalgi mavsumlardagi kabi emas. Yaratilgan xavfli vaziyatlar, gollar va assistlarni tahlil qilsak, Koutino umuman to'rtinchi o'rinda – Saloh, Mane va Firmino yaxshiroq ko'rsatkichga erishishgan. 

Aslida ham, «Liverpul»ning eng kuchli davri aynan mana shu uch futbolchi oldingi chiziqda to'p surgan paytlarga to'g'ri keladi – mavsum boshida Koutinoning jarohati sabab, Klopp bu uch futbolchi bilan 4-3-3 sxemasini sinab ko'rgandi. To'g'ri, «Manchester Siti»dan qabul qilingan yirik mag'lubiyat (Mane qizil kartochka olgandi) umumiy kartinani buzib yubordi, lekin undan oldin uch kun ichida «Hoffenhaym» va «Arsenal» umumiy 8:2 hisobida er tishlatilishi «Enfild»dagi tomoshabinlarga ajoyib zavq ulashgandi.

O'yinlar statistikasi ham ko'p narsani oydinlashtiradi – jamoa Koutinosiz ham, Koutino bilan ham deyarli bir xil o'ynaydi.

Braziliyalik futbolchi bilan tarkibda «Liverpul» kamroq ochko olgan (1.84 ga 2.22), ko'p gol o'tkazib yuborgan (1.07 ga 1.22) va kamroq gol urgan (2.3 ga 2.33).

Koutino bilan jamoa 18 o'yin o'ynagan, Koutinosiz esa atigi 4 taga kam xolos. Yani Koutinosiz «Liverpul»ni tasavvur qilish nafaqat biz, Klopp uchun ham u qadar qiyinchilik tug'dirmasa kerak. O'yin sifati o'zgarmagan, o'zgargan taqdirda ham, ijobiy tomonga. 

Lallanani taxtga o'tqazish

«Liverpul»ning transfer bozorida shaytonlab qolmaganining yana bir sababi Adam Lallanadir. Angliyalik ushbu futbolchi haligacha to'liq etirofga sazovor bo'lmagan. Zero, ko'p jihatlarda Lallana aynan Klopp uchun ham, Koutinodan yaxshiroq variantdir. U ham juda yaxshi dribling sohibi, ayniqsa Koutinodan farqli ravishda, har doim ham darvozaga tepavermaydi, vaziyatni chuqur his qila oladi, poziTsion hujumda yanada foydaliroqdir. Lallalaning Filippedan ko'ra yagona kamchiligi keskir paslar bo'lishi mumkin, ammo Adam bu borada ham yaxshi tomonga o'zgara boshlagan, Saloh xavotir olmasa ham bo'ladi.

O'tgan mavsumda aynan Koutino «Liverpul»ning pressingidagi eng kuchsiz poziTsiya bo'lgandi, Lallana, aksincha, to'pni olib qo'yish vaqtini boshqalardan ko'ra ildamroq his qila oladi. Klopp taktikasining eng muhim jihati ham aynan shu, raqibning to'pni yo'qotish pallasini nozik seza oladigan futbolchilarga muhtojdir.

Ushbu mavsumda «Liverpul»ning o'ta yuqori pressingi oldingidek emasligini ko'ryapmiz. Balki, o'tgan yanvarda jamoaning jismoniy tarafdan katta muammolarga duch kelganini sezgan Klopp bu uslubni hal qiluvchi pallaga – mavsumning ikkinchi yarmiga asrab turgandir. Tan olish kerak, Lallananing tarkibga qo'shilishi bu yo'nalishda juda katta plyus bo'ladi. 

O'ziga ishonish

O'tgan haftada Joze Mourino Kloppning chang bosib yotgan intervyusini topib oldi: u erda nemis murabbiy mashg'ulotlarning transferlardan muhim ekani va aynan shu yo'ldan borishini aytib o'tgan. Virjiyl van Deykning transferi go'yoki Yurgen Klopp taqdirga tan berib, hammaning ortidan ketganini ifodalagandek bo'lsa-da, baribir tan olish kerak, taktik jihatdan Kloppning ishlari benazir. 

«Liverpul»ning mag'lubiyatsiz seriyasi oktabrning o'rtalariga to'g'ri keladi va barcha musobaqalarda 17 o'yinga etib bo'ldi. Bu o'yinlarning 10tasida jamoa o'z darvozasidan gol o'tkazib yubormadi, faqat ikki o'yinda bittadan ortiq gol o'tkazib yuborishdi. «Tottenhem» maydonidagi tarsakidan so'ng, Klopp himoyaga yanada jiddiy etibor qarata boshladi.  

Xuddi shu tarzda Klopp hujum chizig'ida ham turli yangiliklarni sinab bormoqda: ishonch bilan sxemalarni almashtiryapti, hamkasblardan ko'ra ko'proq rotaTsiyalarga murojaat qilyapti, Saloh bazida qanotda, bazida markazda o'ynamoqda va bu o'zgarishdan doim muayyan raqibga mos ravishda va foyda bilan amalga oshirilmoqda. Koutinoning ketishi Klopp uchun muammo bo'lsa-da, u o'z salohiyati bilan buni bemalol yopishi va hatto ijobiy tomonga jamoani o'zgartirishi ham mumkin. 

Eurosport materiali asosida Q.Aslanov tayyorladi