Filippe Koutino: orzular sari qadamlar
Jan. 9, 2018, 11:58 a.m. 4825

«Ketishim dabdaba-yu, kelishim shaldiroq arava bo'ldi» – derdi Murod Rajabov sevimli «Ajoyib xayolparast» filmida. Filippe Koutinoga kelganda, bu iboraning teskarisini qo'llash mumkin. Transfer qiymati bo'yicha dunyoda ikkinchi o'rinni band etib, deyarli yarim yil davom etgan serialning yakuni o'laroq «Kamp Nou»ga tashrif buyurgan Koutino bir necha yil oldin «Barselona» «tumshug'ining tagida», «Espanol»da to'p tepib yurardi. U paytlarda kataloniyaliklarning bor etibori okean ortida, Neymarning afsunlariga mahliyo edilar. Keling, bir boshdan...

DASTLABKI QADAMLAR
Filippe Koutino  1992 yilning 12 iyunida, Braziliyaning madaniy poytaxti Rio de-Jeneyroda tug'ilgan. Yirik shaharning sanoat zonasida katta bo'lgan Filippe oilada uchinchi farzand edi. Uning otasi arxitektor bo'lib ishlagan, akalari esa, keyinchalik mamlakatida mashhur yurist bo'lib etishdi.

Koutinoning bolaligi boshqa braziliyalik futbolchilardan farq qilmagan – to kimnidir nazariga tushguncha, asosan beton yoki asfaltlarda to'p tepish bilan shug'ullandi. Bolakay o'z kelajagini Braziliya terma jamoasi safida o'ynash orzusi bilan bog'lay boshlagach, uning ota-onasi yordamchi bo'lishdi. Ular Filippening futzal maydonlaridagi harakatlarini videotasvirga tushirib olishar va mahalliy skautlarga ko'rsatishardi. 

Qahramonimiz futbol sirlarini «Vasko Da Gama» akademiyasida o'rgandi. Uning ajoyib texnikasi va maydonni ko'ra bilishi murabbiylarni o'ziga tezda jalb qilar, uning anchagina nozik ekaniga ham etibor qaratib o'tirishmasdi. Koutino ancha erta, 18 yoshidayoq Evropaga ketishga muvaffaq bo'ldi. 

«INTER»DAGI MAVHUMLIK IChIDA


Aslida u 2008 yildayoq, yani 16 yoshida Italiyaning «Inter» klubi nazariga tushib ulgurgan va 2.8 millionlik shartnomaga imzo chekilgandi. Faqat A Seriya qoidalariga ko'ra, balog'at yoshiga etmagan Koutino milanliklar tarkibida to'p sura olmasdi, shuning uchun, 2 yil ijara shartnomasi asosida Braziliyada o'ynab yurdi. 2010 yilning avgustida nihoyat «Inter» safiga kelib qo'shilgan Koutino ilk golini oradan salkam bir yil o'tib, «Fiorentina» darvozasiga jarima zarbasidan urgandi. 

Ammo «Inter»ning asosiy tarkibiga kirish yosh futbolchi uchun qiyinchilik tug'dirardi. Jamoada bir qator etakchi futbolchilar bo'lib, Koutino o'z imkoniyatini juda kam holatlarda qo'lga kiritardi. Ko'proq o'yin amaliyotini istagan futbolchi Ispaniyaga, «Espanol»ga ijara asosida o'ynashga rozi bo'ldi. 2012 yilning yanvaridan o'sha mavsum oxirigacha u kataloniyaliklar tarkibida 16 o'yinda maydonga tushib, 5 gol muallifi bo'ldi. Jumladan, takidlash joizki, o'shanda u «Kamp Nou»da to'p surishga ham ulgurgan. Mezbonlar 4:0 hisobida g'alaba qozongan o'yinda, hech kim yosh Koutinoga etibor qaratmagan bo'lsa kerak. 

«Inter»dagi beqarorlik, tinmasdan murabbiylarning almashishi ijarada yurgan Koutinoga yaxshiroq nazar solishga fursat bermasdi go'yo. Uning o'zi kumir sifatida Ronaldinoni tanlagan, bazi fintlari bilan mashhur afsungarni yodga solsa-da, taktik qarashi va o'yin intizomi borasida Koutinoni Kakaga ham qiyoslash mumkin. Koutino brazilcha go'zallikni jamoaviy o'yinga aralashtira olgandi, balki shuning uchunmi, u o'sha yigirma yoshida boshqa tengqurlari kabi yarq etib ko'zga tashlanmagandir. Axir barqaror jamoaviy o'yinsiz Koutinodagi ulkan salohiyatni ko'rish yanada qiyinroq bo'lib ketardi. 

APLDA PORLAGAN BRAZIL

Mana shunday murabbiy «Liverpul»da topildi. «Sauthempton» va «Liverpul» tomonidan qiziqish bildirilgan yarimhimoyachi Brendan Rojers jamoasini tanladi. Yosh futbolchining kelajagini taxmin qilishdan zarurroq ishlari bo'lgan  «Inter» bu transferga u qadar qarshilik qilib o'tirmadi va 2012/13 mavsumining o'rtasida, atigi 8.5 million funt sterlingga Filippe Koutino «Liverpul» azosiga aylandi. 

Kelasi mavsumda «Liverpul» balki hozirgacha eng yaxshi yillaridan birini o'tkazdi, jamoa hatto chempionlik unvoniga ham bir qadam kelgandi. Faqat Jerrard o'sha qadamni bosayotib yiqilib tushganini hamma eslasa kerak. Xullas, Suares, Jerrard, Starridj, Sterling kabi yorqin futbolchilar ichida ham Filippe Koutino porlay oldi va jurnalistlar uni klubning mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi deb etirof etishdi.

Uyog'ini siz ham yaxshi bilasiz, keyingi yillarda Koutino jamoaning eng muhim futbolchisiga aylandi, 40 dan ortiq gollar urdi, APL da eng ko'p gol urgan braziliyalik futbolchi sifatida qayd etildi. Uning «Barselona»ga transferi bo'yicha muzokaralar salkam olti oy davom etdi va yakunda u La Liga peshqadami tarkibidan klub afsonasi Yohan Kroyfning 14-raqamida maydonga tushadigan bo'ldi. 

OILA – ASOSIY TAYaNCh

Filippe bo'lajak turmush o'rtog'ini 14 yoshida, Riodagi odatiy raqs kechalaridan birida uchratgandi. U Ayneni Italiyaga o'zi bilan olib keldi va juftlik birga yashay boshladi. 2012 yilda esa, yoshlarning nikoh to'yi bo'lib o'tdi. Aynan rafiqasi Koutinoning asosiy tayanchi va ilomi hisoblanadi. Koutino har gol urganda tribunadan rafiqasi qidiradi. Yosh oila o'g'il (Filipp) va qizni (Mariya) katta qilishmoqda.  

«BARSELONA»GA TRANSFER: PLYuS VA MINUSLAR
Kutilmaganda Neymarning ketishi «Barselona»ga munosib o'rinbosarlar qidirishga undadi va dastlabki kunlardanoq, asosiy etibor «Liverpul» etakchisiga qaratildi. Faqat «Liverpul»ning qatiyati bu transferni qishgacha kechiktirdi. Kataloniyaliklarning fikrlaridan qaytmaganliklari va balki, Muhammad Saloh obrazida Klopp yangi etakchini topgani bu transferni tezlashtirdi va tomonlar yozni kutmaslikka qaror qilishdi. Xo'sh, Koutino «Barselona»ga nima beradi?

Birinchidan, baribir ham o'z maqsadiga erishish va kerakli futbolchini «Kamp Nou»ga olib kelish Barselona klubi imiji uchun munosib yakun bo'ldi. 

Ikkinchidan, Koutino «Barselona» hujum chizig'iga va maydon markaziga kerakli impulsni bera oladi. Yosh futbolchi «Liverpul»da o'z o'yini bilan top-yulduzlar qatoriga kirish salohiyatini namoyish qildi, ammo jamoaviy yutuqlarga erishmadi. Jamoaviy sovrinlar o'tida yonayotgan yangi futbolchi kataloniyaliklar uchun ayni muddao.

Uchinchidan, Koutino universal va taktik jihatdan serqirra futbolchi. Valverde uni Dembele o'rnida qanotlarda ham, Rakitich yoki Inesta o'rnida markaziy yarimhimoyada ham va hatto Messi o'rnida ham sinab ko'rishi mumkin. Yani murabbiy Koutino yordamida o'yin sifatiga tasir ko'rsatmagan holda o'z etakchilarini rotaTsiya qilish imkoniga ega bo'ladi.

To'rtinchidan, «Liverpul»ning yuqori pressingga asoslanib o'yin ko'rsatishi va tezkor qarshi hujumlarga suyanishi «Barselona»ning ham, Valverdening ham qarashlariga juda mos keladi. Koutino yuqoria aytilganidek, braziliyalik bo'lsa-da, taktik jihatdan intizomli futbolchi.

Beshinchidan, «Barselona» Koutino misolida yana bir uzoq masofadan zarba bera oladigan qurolga ega bo'ladi. Futbolchi APLda o'zi o'ynagan davrda jarima maydoni tashqarisidan eng ko'p gol urgan futbolchi hisoblanadi – aksariyat o'yinlarda raqib o'n kishi bo'lib himoyalanadigan «Barselona» uchun yana bir kuzirga ega bo'lish ayni muddao. Shuningdek, chap tomondan standart vaziyatlar va jarima to'plarini tepishda Messiga sherik topildi.

Bundan tashqari, Koutinoning o'z vaqtida Suares bilan «Liverpul»da ajoyib bog'lam xosil qilganini, terma jamoa safida Paulino bilan ancha yildan beri yaxshi sherik bo'lib kelayotgandi va albatta, oz bo'lsayam, La Liga tajribasi futbolchining adaptaTsiya jarayonini tezlashtiradi.

Ushbu transferning darajasi va uning atrofidagi shov-shuvlar «Barselona» atrofida ijobiy muhit yaratayotgan bo'lsa-da, bu kelishuvning aynan qishda bo'lgani biroz afsuslanarli bo'lganini etirof etish kerak. Koutino Evropa Chempionlar Ligasida maydonga tusha olmaydi. La Ligada esa, «Barselona» yaqin taqibchisidan 9 ochko ilgarilab ketgan («Real»dan 16ochko) holda, hali birorta ham mag'lubiyatga uchramay, juda tekis bormoqda. Yani yaxshilab o'ylab ko'rilsa, Koutinodan to'liq foydalanish baribir kelasi mavsumga qoladi. Chempionlar Ligasida esa, «Barselona» ushbu 160 million evrolik sarfni aks ettira olmaydi.

Agar «Liverpul» tomonidan Koutinoni ijaraga olish taklifi «Barselona» tomonidan rad etilganini hisobga olsak, ushbu mavsum uchun ham klubda Koutino bilan bog'liq jiddiy rejalar borligini taxmin qilsa bo'ladi. AdaptaTsiya va jamoaga o'rganish jarayonini tezlashtirish, transferni naqd qilib qo'yishdan tashqari, yuqorida aytilganidek, rotaTsiya uchun ham Koutino kerak. Inesta yoki Rakitich Chempionlar Ligasi o'yinlari uchun tiklanayotgan paytda, Koutino La Ligada javlon urayotgan bo'ladi. Kutamiz.

Qahramon Aslanov tayyorladi