Узбек O'zbek
O‘zil Xitoydagi uyg‘urlar bilan bog‘liq vaziyatni qoraladi. «Arsenal» o‘zini chetga oldi
Yakshanba, 15 Dekabr
8893

Mesut O‘zil bu mavsumda avvalgidek o‘ynay olmayapti: barcha turnirlar doirasida 10 o‘yinda atigi 2 golli uzatma. Lekin u tvitterdagi so‘zlari bilan barchaning e’tibor markaziga tushdi - u Xitoydagi uyg‘urlar repressiyasiga qarshi chiqdi: «Sharqiy Turkiston — Islom ummatining og‘riqli nuqtasi. Uyg‘urlar insonlarni islomdan ajratmoqchi bo‘lganlarga qarshi yolg‘iz kurashishmoqda. 

Ular (xitoyliklar) Qur’onni yoqishmoqda, masjidlar va madrasalarni yopishmoqda, diniy ulamolar qatl qilinmoqda. Erkaklarni lagerga jo‘natishmoqda, ularning oilasi esa xitoylik erkaklar bilan yashashga majbur qilinmoqda.

Lekin musulmonlar sukut saqlashmoqda. Ularning ovozi eshitilmayapti. Ularni o‘sha yerda yolg‘iz qoldirishmoqda. Axir zulmga rozi bo‘lish — aynan zulmning o‘zi ekanini ular bilishmaydimi?»

Uyg‘urlar kimlar?

Uyg‘urlar Sharqiy Turkistonning tub xalqi (11 million kishi, e’tiqodiga ko‘ra musulmon-sunniylar), ular hozirgi Xitoy xalq respublikasi tarkibida tashkil etilgan Shinjon-Uyg‘ur muxtor hududida istiqomat qilishadi.

2018 yilning sentyabrida Humans Rights Watch Xitoydagi musulmon aholining ta’qibga uchrashi bo‘yicha hisobot e’lon qilgandi. Unda Xitoy hukumati ommaviy ravishda va ko‘p hollarda hech bir sababsiz uyg‘urlarni qo‘lga olib, ularni qayta tarbiyalash lagerlariga joylashtirishi, millionlab kishilar doimiy kuzatuv ostida yashashi, ularning ijtimoiy ahvoli va taqdiri «ijtimoiy kredit» hisoblash tizimida to‘playdigan ballariga bog‘liq bo‘lishi aytilgandi.

Washington Post nashrining yozishicha, mintaqada diniy binolar buzib tashlanishi, Qur’on taqiqlanishi, ba’zi musulmonlar esa cho‘chqa go‘shti yeyishga majburlanishi kuzatiladi.

O‘tgan yilning noyabrida Xitoy «qayta tarbiyalash va o‘qitish lagerlari» mavjudligini tan olgandi. Bu ekstremizmga qarshi kurash zarurati bilan izohlangan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yil dekabrida bir milliondan oshiq uyg‘urlar saqlanayotgandi.

Uyg‘urlar ko‘p yillar Xitoydan mustaqil bo‘lish uchun kurashishgan. Qayta tarbiyalash lagerlari tuzish tashabbusi XXR raisi Si Jingpinga tegishli hisoblanadi: u 2014 yilda mintaqaga ilk tashrifini amalga oshirgan chog‘da uyg‘ur ayirmachilari ikkita bombani harakatga keltirishgan va 119 nafar kishi halok bo‘lgandi.

Iyul oyida BMT kengashida 22 mamlakat uyg‘urlarning qatag‘on qilinishi qoralangan noma imzolandi. Bir kun o‘tib Xitoy hukumati javob xati bilan chiqish qildi. «Terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq jiddiy muammolarga to‘qnash kelgan Xitoy Shinjonda radikalizm darajasi kamayishiga erishish chorasi sifatida professional ta’lim va o‘qitish markazlari tuzishga qaror qildi», deyiladi maktubda.

Unda shuningdek, «Xitoyning inson huquqlari himoyasi sohasidagi ulkan yutuqlari» keltirib o‘tilgan. Bu nomani 37 davlat, shu jumladan Rossiya, Belarus, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Suriya, Venesuela va Kuba kabi davlatlar imzoladi.

«Arsenal» bu bayonot – O‘zilning shaxsiy fikri ekani haqida bayonot berdi

London klubi bu masalada betarafligini ochiq bayon etdi. «Arsenal» Weibo ijtimoiy tarmog‘ida (Xitoyning ichki ijtimoiy tarmog‘i, 500 milliondan ortiq foydalanuvchi bor) maxsus bayonot berdi

«Biz Mesut O‘zilning so‘zlari bilan bog‘liq vaziyatni aniqlashtirishimiz kerak. Mesut nima yozgan bo‘lsa – bu uning shaxsiy fikri. «Arsenal» sport tashkiloti sifatida hech qachon siyosiy masalalarga aralashmaydi».

Klub nega bunday qildi? Albatta bu tezkor javob bejiz emas – «Arsenal»ning Xitoyda jiddiy biznes manfaatlari bor, London klubi bir futbolchisining e’tiqodi tufayli bu manfaatlardan voz kecha olmaydi. Klubning Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida 5 mln nafardan ortiq a’zo bor, XXRda «Arsenal»ning alohida ofisi ham mavjud, bu yerda klubning fast-fud tarmog‘ini ochish rejalashtirilgan. «Arsenal» ko‘pincha yozgi turnesini Osiyoda o‘tkazadi.

Xitoyliklar bilan hisoblashmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini kuzda NBA boshdan kechirgandi. O‘shanda Xitoyda mashhur bo‘lgan jamoalardan biri «Hyuston Rokets» bosh menejeri Deril Mori tvitterda Hongkongda Xitoyga qarshi norozilik aksiyalarini qo‘llab-quvvatlab qo‘ygan va uning ehtiyotsizligi yomon oqibatlarga olib kelgandi.

Xitoy bundan qattiq ranjigan, Deril Mori o‘z tvitini o‘chirgan, klub rahbariyati undan yuz o‘girgan, lekin NBA izoh tayyorlashga ko‘p vaqt sarflab yuborgan, bu vaqt ichida liganing xitoylik hamkorlari hamkorlikni to‘xtatishgandi. Natija – 4 mlrd dollar yo‘qotildi.

O‘zilning Xitoy uchun og‘riqli mavzudagi chiqishi hozircha katta rezonans keltirib chiqarmadi. Balki bu «Arsenal» o‘z vaqtida harakat qilib, ehtiyotkorlik ko‘rsatganidadir.

Aftidan, O‘zilning chiqishi Erdo‘g‘anga murojaatdir

So‘nggi vaqtlarda Mesut O‘zil kutilmaganda siyosatga yaqinlashdi. Uning Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an bilan suratga tushishi Germaniyada juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi: futbolchini siyosatchilar ham, Erdo‘g‘anning siyosati tufayli Turkiyadan ketgan turk muhojirlari ham qoralashdi.

Erdo‘g‘an hatto O‘zilning to‘yida ishtirok etdi – prezident futbolchiga kuyovjo‘ralik qildi.

Keyin O‘zil 2018 yilgi jahon chempionatidan keyin yana bir zarbaga yo‘liqdi – ko‘pchilik terma jamoa turnirni guruh bosqichidayoq tark etishida uni aybladi. Futbolchi esa terma jamoadagi faoliyatini yakunlashga qaror qildi.

Balki, O‘zil Turkiya uyg‘urlar himoyasiga qo‘shilmagani va bu bo‘yicha BMT inson huquqlari kengashining birorta maktubini imzolamagani uchun norozidir. Erdo‘g‘an iqtisodiy manfaatlar (Xitoy sanksiyalar qo‘llashi mumkin) va xalq noroziligi (turklar uyg‘urlarni musulmon birodarlar deb hisoblashadi) o‘rtasida balansni ushlashga intilmoqda. Lekin Turkiya TIV Xitoydagi «qayta tayyorlash lagerlari» haqidagi xabar rasman tasdiqlanishiga munosabati bunday bo‘lgan: «Bu yangilik – butun insoniyat uchun sharmandalikdir».

Hozir Turkiyada 35 ming uyg‘ur yashaydi, ammo so‘nggi yillarda ularning viza muddati uzaytirilishi bo‘yicha qiyinchiliklarga uchramoqda.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz