Узбек O'zbek
Top-10: Yana jallodga aylangan Sulsher va haftaning boshqa voqealari
Dushanba, 09 Dekabr
5725

Yevropa milliy chempionatlarining navbatdagi turlari ham tabiiyki, qiziqarli voqealarga boy bo‘ldi. O‘z ekvatoriga yaqinlashayotgan ligalarda qisman bo‘lsa-da, favoritlar haqida xulosa chiqarish uchun yetarlicha asoslar mavjud.

Manchester derbisi

Manchester derbisi qiziq. Ayniqsa so‘nggi yillarda. Bu jamoalar aniq bir sovrin uchun anchadan beri raqobat qilmayotgani uchun, derbilarda asosan o‘zini raqib tomonga isbotlash, urushda emas, jangda g‘olib bo‘lish niyatida maydonga tushishayotgandek.

Statistikaga qarang, so‘nggi 10 derbidan atigi 2tasida mezbon jamoa g‘alaba qozongan. «Siti» va «Yunayted» bir martadan. Mehmonlar esa, uch martadan g‘alabani ilib ketishgan. Raqib muxlislari oldidagi yutuq ayniqsa derbilarda o‘zgacha kayf berishi shubhasiz.

Blef. Sulsherning asosiy quroli nimada?

Bir hafta oldin iste’fo ostonasida turgan Sulsher esa to‘rt kunda dunyoning ikki eng sovrindor murabbiylarini mag‘lub etdi. Ahamiyatlisi, har ikki g‘alaba ham aynan murabbiyning rejalari ish berganidan bo‘ldi. Hech kim bu o‘yinlarda «Yunayted» uch ochkoga haqli bo‘lmadi, deya olmaydi ham.

«Yunayted» Top-7’ga («Lester»niyam qo‘shsak) qarshi bu mavsumda o‘tkazgan 7 o‘yinida (kubok bilan birga) 5 g‘alabaga erishdi, 2 marta durang o‘ynadi. Endi Sulsher jamoasini kuchsizroq raqiblarga qarshi o‘ynashga ham o‘rgatishi kerak. «Siti» esa endi «Liverpul»dan 14 ochko ortda bormoqda.  

«Ayaks» nihoyat to‘xtadi

O‘tgan haftada amsterdamliklar tarkibida paydo bo‘lgan yosh yulduz Noa Langni «reklama» qilgandik. Bu safar esa «Ayaks»ni salbiy tomondan tilga olishga majburmiz.

Ten Haag jamoasi mavsumda ilk bor mag‘lubiyatga uchradi va bu eng kutilmagan paytda ro‘y berdi. 9 o‘yindan beri Erediviziyada ochko yo‘qotmay kelgan «Ayaks» o‘z maydonida «Villem»ga 0:2 hisobida yutqazdi. Bungacha jamoa atigi ikki marta, «PSV» va «Vitess»ga qarshi safar o‘yinlarida durang o‘ynab ochko yo‘qotgandi, xolos.

«Chelsi»ning mag‘lubiyati

Bu natijani «Everton»dagi burilish bilan ham izohlash mumkin. Silvani iste’foga chiqarib, vaqtinchalik Dankan Fergyuson bilan yo‘lida davom etayotgan «Everton» qatorasiga uchta mag‘lubiyatdan so‘ng, nihoyat, top o‘yinda g‘alaba qozondi. Bu liverpulliklarning shu yilning o‘zida «Chelsi» ustidan ikkinchi bor g‘alaba qozonishidir.

Lempardning sehri esa tugab boryapti, shekilli. APLda so‘nggi to‘rt o‘yindan uchtasida imkoniyat boy berildi. Ungacha 12 o‘yinda «Chelsi» atigi 1 marta mag‘lubiyatga uchragandi, xolos. Natijada londonliklar uchinchi o‘rindan ko‘ra, beshinchi o‘ringa yaqinroq joylashib qolishdi. Dekabrda jamoani yana ikki derbi – «Arsenal» va «Tottenhem»ga qarshi o‘yinlar kutib turganini e’tiborga olsak, Top-4’dagi o‘rinni saqlash ham endi oson bo‘lmaydi.

Son va Suaresning gollari

Kelasi yil oxirida eng chiroyli gol mualliflariga taqdim etiladigan «Pushkash» sovriniga bir kunning ichida ikki da’vogar paydo bo‘ldi.

«Malorka»ga qarshi o‘yinda kutilmagan tarzda, to‘pni tovoni bilan darvozaga yo‘llagan Luis Suares «Tottenhem» hujumchisi Son Xon Minni maqtab o‘tirgan estetlarni bir muddat chalg‘itdi. Koreyalik futbolchi to‘pni maydonning o‘z tomonidan egallab, yo‘lidan chiqqan barcha himoyachilarni tezlikda aldab o‘tdi va darvozabonni ham dog‘da qoldirdi.

Londonliklar bosh murabbiyi Joze Mourino buni bir paytlar «Barselona» tarkibida «Kompostela» darvozasini ishg‘ol qilgan Ronaldoning goli bilan qiyosladi. O‘sha golni Joze Bobbi Robsonning yordamchisi sifatida kataloniyaliklar shtabidan turib kuzatgandi.

«Sivasspor» hazillashmayapti

Turkiyada Istanbulning uch jamoasi jadvalning yuqori pog‘onalarida yurishiga o‘rganganmiz. So‘nggi besh yilda to‘rtinchi jamoa «Istanbul Boshoqshehir» ham qo‘shilgandi. Ammo bu mavsumda «Sivasspor» barcha uchun syurpriz natijalar qayd etmoqda.

Sivasliklar oxirgi 8 o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashdi, bulardan 6 tasi Superliga o‘yinlaridir. Natijada, hozirda jamoa eng yaqin ta’qibchisi «Beshiktosh»dan 3 ochko o‘zib ketgan holda turnir jadvalini boshqarib turibdi. Rizo Jelimbay shogirdlari kelasi haftada «Fenerbaxche»ga qarshi o‘yin o‘tkazishadi. Bu uchrashuv bilan ham jamoaning naqadar jiddiy ekani isbot topsa kerak.

Jamoa o‘z tarixida biror marta ham chempion bo‘lmagan, faqat bundan o‘n yil oldin kumush medallarni qo‘lga kiritgan, xolos.

«Milan» yana g‘alaba qozondi

«Milan» ushbu mavsumda ikkinchi marta qatorasiga ikki o‘yinni g‘alaba bilan yakunlashning uddasidan chiqdi. Stefano Pioli yangi murabbiy etib tayinlanganida, ko‘pchilik undan yaxshi natijalarni kutmagani tabiiy, zero bu mutaxassisning «Inter» va «Latsio»dagi natijalari qoniqarli bo‘lmagandi.

Lekin «Milan» o‘ziga kelayotganini nafaqat mana shu ikki g‘alabali uchrashuv, balki avvalgi top-o‘yinlar ham ko‘rsatib turgandi. Keyin Jakomo Bonaventura qaytdi. Aynan ushbu futbolchining yarim himoyadagi ishonchli o‘yinlari «Milan» uchun ayni muddao bo‘lmoqda. Himoyachi Teo Ernandes ikki o‘yinda ikki gol muallifi bo‘lganini ham alohida ta’kidlash kerak. Qizig‘i, Teo Bolonyadagi o‘yinda o‘z darvozasini ham ishg‘ol etib qo‘ydi.

Xoakin Sanchesning navbatdagi «yoshligi»

Sanchesni dunyo ilk bor 2002 yildagi mundialda tanigandi. O‘shanda Ispaniya terma jamoasining yosh, tezkor o‘yinchisining harakatlari ko‘pchilikka manzur bo‘lgan, kelajakda zo‘r futbolchi bo‘lib yetishishini taxmin qilgandir-u, lekin hech kim oradan 17,5 yil o‘tib, u top ligadagi o‘yinda het-trikni amalga oshiradi deb xayoliga keltirmagan bo‘lsa kerak.

Sanchesning terma jamoadagi faoliyati u qadar yorqin kechmadi, biror top-klubda o‘zini ko‘rsatishiga ham jarohatlar pand berdi. Lekin «Valensiya», «Fiorentina», «Malaga» kabi jamoalarda ham o‘ynab, to‘rt yil oldin yana sevimli «Betis»iga qaytgan futbolchi ayniqsa ushbu mavsumni zo‘r o‘tkazyapti: 11 o‘yinda 6 gol va 2 assist.

Xoakin Sanches shu yil yozda 38 yoshni qarshiladi, e’tiboringiz uchun.  

«Yuventus» va «Bavariya»ning mag‘lubiyatlari

Har ikki voqeani birgalikda olganimizning sababi, so‘nggi yillarda ligasida yaqqol gegemon bo‘lgan klublar nihoyat qattiq qarshilikka duch kelishmoqda.

Nemislarning bu holati ko‘proq o‘zidan kelib chiqqan. 14 uchrashuvning yarmini g‘alaba bilan yakunlay olmagan myunxenliklar peshqadamdan 7 ochkoga ortda qolishdi. «Yuventus» esa, aksincha, o‘z rejimi bo‘yicha davom etyapti – shunchaki, endi bu yetarli emas, Konte qo‘l ostidagi «Inter» jiddiy o‘ynamoqda. Agar yanvargacha mana shu kurash saqlanib qolsa, Konte jamoasi uchun asosiy kamchilik sanalgan o‘rinlarni transferlar bilan hal qilishga kirishadi. Turinliklar uchun oson bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda g‘oliblar - «Borussiya» M va «Latsio»ga ham qoyil qolish kerak. Har ikki jamoa favoritga qarshi hisobda orqada qolgan bo‘lsa-da, vaziyatni o‘nglashga va irodali g‘alabaga erishishga muvaffaq bo‘lishdi.  

«Rostov»ning qaytishi

Hamyurtimiz Eldor Shomurodov to‘p suradigan «Rostov» nihoyat besh o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyasiga barham berdi va Moskvada «Spartak» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi. O‘z vaqtida «Spartak»ning rahbari, ham murabbiyi bo‘lgan Valeriy Karpin uchun prinsipial ahamiyatga ega bo‘lgan uchrashuv edi bu.

O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi bu o‘yinda gol urmagan va golsiz seriyasini hamon davom ettirayotgan bo‘lsa-da, jamoasining g‘alabasiga munosib hissa qo‘shdi, dastlabki ikki gol aynan Eldorning sa’y-harakatlari natijasida amalga oshdi.

Vardini kim to‘xtatadi?

«Lester» Angliya chempionatida qatorasiga 8 o‘yinda g‘alaba qozondi va ishonchli tarzda 2-o‘ringa joylashib olgan. Barcha musobaqalarni olsak, so‘nggi 13 o‘yinda 12 g‘alaba, faqatgina oktyabr oyi boshida «Liverpul»ga qarshi safar o‘yinida mag‘lubiyat. Rojersning «Lester»i hatto o‘sha chempion «Lester»dan ham yaxshiroq o‘ynayapti, shunchaki, o‘sha paytda Angliyaning top-klublari bugungi «Liverpul» kabi barqaror emasdi, xolos. Boshqa har qanday mavsumda bu natijalar bilan «Lester» ishonchli tarzda peshqadamlik qilib turgan bo‘lardi.

O‘zgarmagan faqat Jeymi Vardi. 32 yoshli hujumchi qatorasiga 8 o‘yindan beri maydonni golsiz tark etmayapti va yana besh o‘yinda shu natijani davom ettirsa, yangi rekord qayd etadi. Qizig‘i, oldingi rekord ham aynan Vardiga tegishli. O‘sha chempionlik mavsumda u qatorasiga 12 o‘yinda gol urib, Ruud van Nistelroyning rekordini yangilagandi.

Keyingi besh o‘yinni «Lester» «Norvich», «Manchester Siti», «Liverpul», «Vest Hem» hamda «Nyukasl»ga qarshi o‘tkazadi.

Q.Aslanov tayyorladi

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz