Узбек O'zbek
FIFA Rossiyaning xalqaro musobaqalardan chetlatilishi haqidagi qarorga izoh berdi
Dushanba, 09 Dekabr
12073

FIFA Butunjahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan Rossiyaning yirik xalqaro turnirlardan chetlatilishi haqidagi qarorga izoh berdi.

«FIFA WADA ijro qo‘mitasining bugungi qarorini inobatga oldi. Biz WADA va Yozgi olimpiya xalqaro federatsiyalari assotsiatsiyasi bilan aloqadamiz. Bu sanksiyalarning futbolga ham tegishli ekani bo‘yicha qarorni mazkur tashkilotlar bilan bamaslahat qabul qilamiz», - deb xabar berdi FIFA matbuot xizmati.

Avvalroq Butunjahon antidoping agentligi (WADA) ijro qo‘mitasi Rossiya sportchilarini o‘z bayrog‘i va madhiyasi ostida to‘rt yil muddatga yirik xalqaro musobaqalarda ishtirok etish huquqidan mahrum qilgan edi. Bunga Rossiya tomonidan navbatdagi doping qoidabuzarliklariga yo‘l qo‘yilishi sabab bo‘ldi. Gap Moskva antidoping laboratoriyasi ma’lumotlari soxtalashtirilishi haqida bormoqda. 

Endi rossiyalik sportchilar 2020 yilgi Tokio (yozgi) va 2022 yilgi Pekin (qishki) Olimpiadasida, shuningdek, barcha jahon chempionatlarida faqat neytral maqomda ishtirok etadilar. Rossiya bayrog‘i taqiq ostida bo‘ladi, g‘olib bo‘lgan sportchilar sharafiga Rossiya madhiyasi yangramaydi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz