Узбек O'zbek
«Abramovga balki gol urishim yoqmas?» — Sardor Rashidov asosiy xatosi, Kuper davri, bugun va rejalari haqida
Yakshanba, 08 Dekabr
12242

Sardor Rashidov Vadim Abramov murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy jamoasidan taklif olmagan bo‘lsa-da, «Qatar SK» safida o‘z gollari bilan klub muxlislarini quvontirmoqda.

Kun.uz muxbiri qisqa ta’til vaqtida Jizzaxga kelgan Sardor Rashidov bilan uchrashib, eksklyuziv intervyu oldi. Suhbat davomida futbolga qadam qo‘yishi, qiyinchiliklar, xorij klublariga o‘tishi, faoliyatidagi xatolar, terma jamoaga chaqirilmayotgani va murabbiylar haqida gapirdi.

«Dadam bog‘chadan olib, futbolga olib borardilar»

— Futbolga kirib kelishimda dadamning hissasi katta. Hatto, bog‘chaga boradigan vaqtimda ham, tushlikdan keyin meni futbol mashg‘ulotlariga olib borardilar. Adashmasam, 4-5 yoshimdan boshlab futbol bilan shug‘ullana boshlaganman. Keyinchalik Jizzax viloyat birinchiligida Zarbdor tumani jamoasida to‘p surdim. Shundan keyin «So‘g‘diyona» yoshlar jamoasiga o‘tdim va professional faoliyatim boshlandi. O‘shanda jamoaga meni hech kim taklif qilmagandi, yoshlar jamoasi uchun yig‘in bo‘lgan va o‘sha yig‘inga qatnashib, boshqa yoshlar qatori ikkinchi jamoaga qabul qilingandim. «So‘g‘diyona»da asosan o‘rinbosarlar safida to‘p surib, asosiy jamoada 2-3ta o‘yinda maydonga tushganman.

2009 yil «Bunyodkor» jamoasi yoshlar murabbiyi Hikmat Ergashev Toshkentga taklif qilgandi. Dastlab klub o‘rinbosarlari safida to‘p surganman. 2010 yil Mirjalol Qosimov asosiy tarkibga jalb qilgandi, ammo jarohatim bois safdan chetdan qoldim va 2013 yildagina «Bunyodkor»ning asosiy tarkibidan o‘rin oldim.

«O‘shanda dadam futbolni davom ettirasanmi?» deb so‘ragandilar...»

— 2010 yil jiddiy jarohat olganimda, dadam «futbolni davom ettirasanmi?» deb so‘ragandilar. Albatta davom ettirishimni aytgandim. O‘zi ko‘p jarohat olganman. Shunga qaramay, yaxshi futbolchi bo‘lishga intilaverganman.

O‘zbekiston milliy jamoasidagi debyutimni ham yaxshi eslayman. 2013 yil Toshkentda Vetnam milliy jamoasiga qarshi maydonga tushgandim. O‘yinda 3:1 hisobida g‘alaba qozonganmiz, birinchi golni urganman. Javob bahsida ham Vetnam darvozasiga gol kiritgandim.

2015 yilgi Osiyo Kubogini ham juda yaxshi esimda. Ayniqsa, Saudiya Arabistoniga qarshi uchrashuvni butun xalqimiz kutgan. Bu bahsdan oldin Xitoyga yutqazganimiz sababli Saudiyaga qarshi faqat g‘alaba qoniqtirardi. O‘sha kuni dubl qilgandim, guruhdan keyingi bosqichga chiqqanmiz. Ammo chorak finalda Janubiy Koreyaga alamli tarzda mag‘lub bo‘lgandik.

«Fransiyaga borishdan qo‘rqqandim»

— 2015 yilda oldimizda ko‘p takliflar bor edi. Qatardan, Saudiya Arabistonidan, Fransiyadan. Variantlar orasidan Fransiyaning «Nant» klubi ham bor edi. Ammo jamoa o‘shanda turnir jadvalida adashmasam, 13 yoki 14-o‘rinlarda borayotgani bois, Fransiya klubiga borishga qo‘rqqandim. Sababi jamoa quyi ligaga tushib ketishi mumkin edi. Qatarning «Al-Jaish» klubi taklifi menga ham, «Bunyodkor»ga ham har tomonlama ma’qul kelgani uchun ushbu variantni tanlagandik. O‘shanda Xavi bilan bir vaqtda Qatarga borganmiz. Yulduzlar ligasida yulduz futbolchilar ko‘pligi uchun menda yaxshi taassurot qoldirgandi. 2016 yilda «Al-Jaish» bilan Osiyo Chempionlar ligasida final ostonasigacha yetib borganmiz - yarim finalda «Al-Ayn»ga yutqazgandik.

«Ash-Shabob 4 million dollar, «Al-Jaish» 2,1 million, «Nant» esa kamroq taklif qilgandi»

— Transfer masalasida takliflar tushganida, «Bunyodkor» qaysi klubni tanlashni o‘zimga qo‘yib bergandi. Ular orasida Saudiyaning «Ash-Shabob» va «An-Nasr» klublari «Al-Jaish»dan ham ko‘proq pul taklif qilgandi. Xususan, «Ash-Shabob» 4 million dollar taklif qilgan, «Al-Jaish» 2,1 million dollar bergandi. «Nant» esa kamroq taklif qilgan. Aynan «Al-Jaish»ni tanlaganim sababi esa, tobora rivojlanayotgan Qatar Yulduzlar ligasi orqali Yevropaga «Nant»dan ham kuchliroq klubga bormoqchi edim.

«Al-Jazira»ga o‘tganim faoliyatimdagi xato bo‘ldi»

— To‘g‘risini aytsam, «Al-Jaish»dan BAAning «Al-Jazira» klubiga o‘tganim faoliyatimdagi xato bo‘lgan. O‘shanda BAAning «Al-Ayn» klubiga ham o‘tishim mumkin edi. Bu borada jamoa sardori va yetakchisi Umar Abdulrahmon bilan bir necha bor gaplashgandim, u «Al-Ayn»ga o‘tishimni so‘ragandi. Ammo, «Al-Jaish» so‘ragan 1,5 million dollar transfer pulini «Al-Jazira» to‘lashga rozi edi, «Al-Ayn» esa kamroq taklif qilgan. «Al-Jazira»ga o‘tganimning yana bir sababi, bu klub klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etardi.

Ammo Abu-Dabidagi faoliyatimda ko‘p muammolar bo‘lgandi. Murabbiy bilan ham kelisha olmagandik. Natijada deyarli o‘ynamay, aloqani uzib, 2018 yil fevral oyida «Lokomotiv»ga qaytdim. O‘shanda Qatarda transferlar yopilgani va faqat O‘zbekistonda ochiqligi uchun yurtimizga qaytgandim.

«Nasional»dagi maoshimni Qatar bilan solishtirib bo‘lmasdi, ammo Superligamizdan ko‘p to‘lashardi»

— «Lokomotiv»dagi o‘yinlarim orqali Ektor Kuper boshqaruvidagi O‘zbekiston terma jamoasidan taklif oldim. Suriya va Eronga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlariga chaqirilgandim. O‘shanda Kuper o‘yinimdan qoniqqandi. Ammo keyin «Paxtakor» - «Lokomotiv» o‘yinida jarohat olib, safdan chiqdim. Shu bilan dekabr oyidagi Turkiya yig‘inida qatnashib, yanvarda milliy jamoamiz bilan Osiyo Kubogiga borgandim. Turnir davomida agentlar menga chiqib, Portugaliya klubidan taklif borligini aytishdi.

To‘g‘risini aytsam, «Nasional»ga eng avvalo muxlislar uchun o‘tdim. Oldimda arab klublaridan yaxshi takliflar bo‘lsa-da, o‘zimni Yevropada sinab ko‘rish uchun Portugaliyaga bordim. Ochig‘ini aytaman, «Nasional»ga o‘tayotganimda moliyaviy tarafiga umuman qaramadim. Chunki, Qatar bilan taqqoslab bo‘lmaydigan darajadagi moliyaviy shartlar edi. Yuz barobar farq qiladi desa ham bo‘laveradi. To‘g‘ri, Superligamizdan ko‘ra ko‘proq to‘lashardi, ammo Qatardan ancha kam edi. Asosiysi, Yevropa futbolida o‘zimni sinab ko‘rish edi.

«Sog‘lig‘im yomonlashgani bois Portugaliyadan erta qaytdim»

— «Nasional»dagi debyutim ajoyib boshlandi, ilk o‘yinda het-trikka erishdim. Ammo keyinchalik sog‘lig‘im borasida muammolar yuzaga kela boshladi. Klub joylashgan Madeyra orolida namgarchilik juda yuqori edi. Gohida bosh og‘riq bo‘lardi, gohida nafas olishim qiyinlashardi. Qolaversa, jamoam ham ketma-ket o‘yinlarda yutqazardi. Bu jamoadagi moliyaviy holat bilan bog‘liq emasdi, u yerda kam maosh to‘lashsa-da, hammasini o‘z vaqtida berishardi. Qator mag‘lubiyatlar va klub quyi divizionga tushib ketganidan keyin uyga qaytishga qaror qildim.

Yozda O‘zbekistonning o‘zidan ham takliflar bo‘ldi. «Lokomotiv», «Paxtakor», «So‘g‘diyona»ga ham chaqirishdi. Vaqti kelib, faoliyatimni «So‘g‘diyona»da yakunlash niyatim bor. Ammo bu safar maqsadim yana legioner bo‘lish ekanligi uchun, klublarimiz chaqiruviga e’tibor bermadim.

Yozda «Qatar SK»dan taklif oldim, bu klubga hozir Qatar futbol assotsiatsiyasida ishlayotgan «Al-Jaish»dagi xo‘jayinlar chaqirishdi. Ular ma’lum miqdorda «Nasional»ga transfer puli ham to‘lashdi. Klubga moslashish qiyin bo‘lmadi. Faqat mavsum boshida ketma-ket mag‘lubiyatlarga uchradik, hozirga kelib esa natijalarimiz yaxshilana boshladi.

«Kuper bizda ish boshlagach, misrliklar «muammoga yo‘liqibsizlarda» deyishgandi»

— Ektor Kuper o‘yin va natija jihatdan bizga hech narsa bermadi. Qatarda misrliklar juda ko‘p. Klubimizda ham misrlik futbolchilar, mutaxassislar, klub ishchilari talaygina. Qizig‘i, Kuper bizga bosh murabbiy bo‘lganida ularning aksariyati «Kuper sizlarda ish boshlabdi, muammoga yo‘liqibsizlar-da», deyishgandi. Negadir misrliklarning hammasi Kuperni yoqtirishmasdi. Qaysi misrlik bilan gaplashmay, «u bizni o‘ldirib ketgan» derdi. Kuper iste’foga chiqarilgach, Qatardagi misrlik murabbiy va futbolchilar xursand bo‘lib, meni tabriklashgandi.

«Kuper davrida hujum emas, himoya haqida o‘ylashim kerak edi»

— Misrliklar Kuperni o‘yin uslubi uchun yoqtirishmagan. Aynan uning qo‘l ostidagi o‘z o‘yinim haqida gapiradigan bo‘lsam, o‘shanda men hujum haqida emas, ko‘proq himoyamiz haqida o‘ylashim kerak edi. Uning talabini bajarmasam, darhol zaxiraga olardi.

Yodingizda bo‘lsa, Osiyo Kubogida Ummonga qarshi o‘yinda ko‘proq hujumni o‘ylab, himoyalanmagan edim, zaxiraga o‘tqizib, boshqa imkoniyat ham bermadi. Bizda hujumkor yaxshi futbolchilar ko‘p bo‘lsa-da, Ektor Kuper eng avvalo himoya haqida o‘ylashimiz kerakligini gapirardi. Misrda ham shunday ishlagan ekan. Misrlik tanishimning aytishicha, Kuper Misr terma jamoasida Muhammad Salohdan boshqa hammadan himoyada to‘p surishni talab qilgan ekan.

«Qatarga himoyalanish emas, hujum qilish uchun chaqirilgansan, deyishadi»

— Qaysi futbolchi bosh jamoadan taklif kutmaydi deysiz? Men shular qatori taklif kutdim. Taklif hozircha bo‘lmadi, nima ham qilardik, klubimiz safida yanada yaxshiroq o‘ynashga intilamiz. Hozircha bosh murabbiy ham, umuman milliy jamoamizdan hech kim aloqaga chiqqani yo‘q.

O‘yin uslubimni o‘zgartirish? Nega? Masalan, klubimda ham himoyaga qaytib harakat qilaman, ammo himoyadagilar hujumda men qatori gol urishmaydi-ku?! «Qatar SK»da ham, undan oldingi klubimda ham murabbiylar menga maydonda erkinlik berib, doim uqtirishardi: «Sardor, sen Qatarga himoyada o‘ynash uchun kelmagansan, sen avvalo hujum qilib, gollar bilan jamoaga yordam berish uchun kelgansan», deyishadi. Raqib maydonida to‘p surishimni so‘rashadi. Bu menga ham ma’qul taktika. Shaxsan o‘zim doim hujum qilishni yoqtiraman.

«Odil aka himoyadan ko‘ra, ko‘proq yarimhimoyada foydaliroq»

— Milliy jamoamiz Saudiya Arabistoniga qarshi yaxshi o‘yin namoyish etdi. Fikrimcha, saudiyaliklar o‘yin oxirida gollar urib, taktik jihatdan yutib ketishdi. Ular 90 daqiqa futbol o‘ynash kerakligini yaxshi bilishardi. Hisob 2:1 bo‘lgach, yutdik, deb o‘ylagandim, ammo saudlar oxirigacha kurashib, xarakter ko‘rsatishdi.

Odil Ahmedov faqat himoya yoki yarim himoyada emas, hamma joyda foydasi tegadi. Shaxsiy fikrimcha, Odil akani himoyada emas, maydon markaziga qo‘yish kerak edi. Sababi, arablarga qarshi faqat zarbalar bilan tahdid qilish mumkin. Darvozabonlari zarbalardan qo‘rqadi. Arab darvozabonlari shunaqa – 2-3 bor kuchli zarba yo‘llasangiz, qo‘rqib qoladi. Maydonda uzoqdan zarba bera oladigan futbolchimiz yarim himoyada to‘p surishi foydaliroq bo‘lardi.

Umuman olganda, hali Saudiyaga qarshi safar o‘yinida ham bizga oson bo‘lmaydi. Yozda juda issiq ob-havo sharoitida to‘p surish juda qiyin. Har qanday holatda ham 1-o‘rin bilan guruhdan chiqishga harakat qilish kerak.

«Balki Vadim Abramovga ma’qul kelmasman?»

— Vadim Abramovning matbuot anjumanida men haqimda aytgan gaplaridan xabarim yo‘q edi. Murabbiyimiz «gol urgan hammani ham chaqira olmaymiz» degan bo‘lsa, bu uning fikri. Vadim Abramovga qaysidir futbolchi ma’qul keladi, qaysi biri esa yo‘q. Balki unga men ma’qul kelmasman? Balki gol urishim yoqmas Vadim Abramovga, bilmayman. Chaqirishsa, eng avvalo muxlislar uchun gol urishga, yordam berishga intilaman.

Keyingi rejalarim? Hozircha klubim safida imkon qadar yaxshi natija ko‘rsatib, milliy jamoadan taklif olish. Keyinchalik balki yana Qatar klubida qolarman, buni vaqt ko‘rsatadi.

Usmon IBODOV suhbatlashdi.

Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz