Узбек O'zbek
Prevyu: Angliyada derbilar, Italiya va Germaniyada peshqadam o‘zgaradimi?
Juma, 06 Dekabr
3494

Ushbu haftaning juma, shanba, yakshanba va dushanba kunlari muxlislarni Yevropada bir qator markaziy o‘yinlar kutib turibdi. To‘rt kun davomida quyidagi beshta qiziqarli uchrashuvni tomosha qilishni tavsiya etamiz.

 «INTER» - «ROMA»
Italiya A Seriyasi. 15-tur.
6 dekabr (juma)
O‘yin boshlanish vaqti:
00:45
TV-translyatsiya: «Match» TV

Italiya A Seriyasi peshqadamiga aylanib olgan «Inter»ni ushbu turda jiddiy sinov kutib turibdi. Antonio Konte shogirdlari tobora yaxshi formaga kirib borayotgan Paulu Fonseka boshqaruvidagi «Roma»ga qarshi saf tortishadi. Tur o‘yinlariga start beruvchi Milandagi to‘qnashuv ikki jamoaning ham turnir jadvalidagi holatiga ta’sir qilishi mumkin. Uch mavsumdan buyon «Inter» maydonidan ochko bilan qaytayotgan Rim klubi yoqimli an’anasini davom ettira olsa, 5-o‘rindan 3-o‘ringacha ko‘tarilishi mumkin. Turnir karvonboshchisi «Inter» esa ochko yo‘qotgan taqdirda «Yuve» peshqadamlikni tortib olishini yaxshi tushunib turibdi. Shunday ekan, «neradzurrilar» ham uch yillik noxush an’anani buzib, peshqadamlikni qo‘ldan boy bermaslikka intilishlari aniq.

 Fakt: Milanliklar ketma-ket uch mavsumdan buyon «Juzeppe Meatssa» stadionida «Roma»ni mag‘lub eta olishmayapti.

Milandagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:

2018/19. Inter – Roma – 1:1

2017/18. Inter – Roma – 1:1

2016/17. Inter – Roma – 1:3

 «BORUSSIYA» M - «BAVARIYA»
Germaniya Bundesligasi. 14-tur.
7 dekabr (shanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
19:30
TV-translyatsiya: «Sport»

 Shanba kuni Germaniya Bundesligasida nafaqat turning, balki mavsumning muhim o‘yinlaridan biri o‘tkaziladi. Chempionat peshqadami Myonxengladbaxning «Borussiya» klubi bu safar amaldagi chempion «Bavariya»ga qarshi maydonga tushadi. Levandovski boshqaruvidagi mehmonlar 4-o‘rin bo‘lishlariga qaramay, peshqadam jamoani ta’qib etish imkoniga ega. Aynan ushbu bahsdagi g‘alaba «Borussiya»ning chempionlik sari jiddiy qadam tashlashi sifatida baholansa, «Bavariya» uchun yangi bosh murabbiy masalasini kun mavzusigacha ko‘tarishi mumkin. Myunxenliklarning g‘alabasi esa ularni yana chempionlik poygasiga qaytaradi va Xans-Diter Flik rahbariyat tomonidan katta «ishonch krediti»ga ega bo‘ladi. Shunday ekan, Bundesliga tur doirasidagi aynan ushbu markaziy qarama-qarshilikni ko‘rish shart.

 Fakt: «Borussiya» M klubi Bundesliga doirasidagi so‘nggi 5ta uy uchrashuvda ketma-ket 5ta g‘alabaga erishdi. «Bavariya» esa chempionatning so‘nggi 5 uchrashuvida 2 marta mag‘lubiyatga uchradi.

 Myonxengladbaxdagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:

2018/19. Borussiya M – Bavariya – 1:5

2017/18. Borussiya M – Bavariya – 2:1

2016/17. Borussiya M – Bavariya – 0:1

 «MANCHESTER SITI» - «MANCHESTER YUNAYTED»
Angliya Premer-ligasi. 16-tur.
7 dekabr (shanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
22:30
TV-translyatsiya: «Uzreport» TV

So‘nggi turda g‘alabaga erishgan Manchester klublari ushbu turda o‘zaro ro‘baru kelishadi. Sulsher Mourinoni mag‘lub etib, endi Gvardiolani ham mot qilishga intiladi. Bu safargi Manchester derbisi sovrinli o‘rinlarni hal etmasa-da, katta o‘yindagi natija jamoaning keyingi ishlariga ta’sir qiladi. G‘alaba jamoaga ishonch berib, omadsizlikni unutishiga sabab bo‘lsa, ashaddiy raqibga uchralgan mag‘lubiyat hattoki bosh murabbiyning iste’fosi bilan ham yakunlanishi hech gap emas. Shu bois, shanba kungi «Etihad stedium»dagi derbining qadri va darajasi avvalgilaridan past bo‘lmaydi. Gvardiola va Sulsher qarama-qarshiligi haftaning eng shiddatli va murosasiz o‘yiniga aylansa ajabmas.

 Fakt: Sulsher boshqaruvidagi «MYU» APL joriy mavsumidagi 7ta safar uchrashuvidan bor yo‘g‘i bittasida («Norvich» – «MYU» 1:3) g‘alaba qozongan.

 Manchesterdagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:

2018/19. Manchester Siti – Manchester Yunayted – 3:1

2017/18. Manchester Siti – Manchester Yunayted – 2:3

2016/17. Manchester Siti – Manchester Yunayted – 0:0

 «LASIO» - «YUVENTUS»
Italiya A Seriyasi. 15-tur.
7 dekabr (shanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
00:45
TV-translyatsiya: «Uzreport» TV/«Futbol TV»

 Milandagi «Inter» - «Roma» o‘yindan bir kun o‘tib, Rimda ham A Seriya ishqibozlari intiqlik bilan kutadigan uchrashuv o‘tkaziladi. Immobile goleadorligi evaziga Italiya chempionatida kutilmaganda 3-o‘ringa chiqib olgan «Latsio» klubi bu safar azaliy raqibi «Yuventus»ni mag‘lub etishga urinadi. Rimliklar 15 yildirki muxlislari qarshisida «Keksa sinoralar»ni mag‘lub eta olishmayapti. Qolaversa, «Yuve» joriy mavsumda chempionatda hali hamon oq bayroqni ko‘targan emas. Shunday ekan, Mauritsio Sarri jamoasi peshqadamlikni qaytarib olish maqsadida ham Rimda faqat uch ochkoni ko‘zlashi aniq. Buning uchun esa italiyalik mutaxassis eng avvalo Immobileni qanday to‘xtatib qolish mumkinligini o‘ylashi lozim.

 Fakt: «Latsio» o‘z maydonida A Seriya doirasida 15 yildan buyon «Yuventus»ni mag‘lub eta olmayapti. Rimliklar so‘nggi marta 2003/04 yilgi mavsumda Turin klubini o‘z maydonida mag‘lub etgan.

 Rimdagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:

2018/19. Latsio – Yuventus – 1:2

2017/18. Latsio – Yuventus – 0:1

2016/17. Latsio – Yuventus – 0:1

«VEST HEM» - «ARSENAL»
Angliya Premer-ligasi. 16-tur.
9 dekabr (dushanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
01:00
TV-translyatsiya: «Uzreport» TV/«Futbol TV»

 Bir hafta oldin «London derbisi»da «Chelsi»ni safarda mag‘lub etib qaytgan «Vest Hem» bu turda muxlislari qarshisida «Arsenal»ga qarshi saf tortadi. Dushanba oqshomidagi turning so‘nggi o‘yini ikki tomon uchun ham juda muhim. Manuel Pellegrini boshqaruvidagi «Vest Hem» bu mavsumda «Manchester Yunayted», «Chelsi» kabi klublarni mag‘lub etdi. «Arsenal»ga qarshi bahsda ham mezbon jamoa so‘nggi uch yillik an’anasini davom ettirishni istaydi. Ammo safardagi ketma-ket g‘alabasiz seriya «kanonirlar»ni yangi bosh murabbiy borasida tezroq bir qarorga kelishga undashi tabiiy.

 Fakt: «Arsenal» APL doirasida safarda o‘tkazilgan so‘nggi 7 o‘yindan buyon g‘alaba nimaligini bilmayapti. «Kanonirlar» so‘nggi marta mehmonda 1-turda «Nyukasl»ni mag‘lub etishgan edi. Umuman, jamoa barcha turnirlar doirasida qatorasiga 9 o‘yinda g‘alaba neligini bilmadi va bu klub tarixida 42 yil ichidagi eng yomon natijadir.

 Londondagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:

2018/19. Vest Hem – Arsenal – 1:0

2017/18. Vest Hem – Arsenal – 0:0

2016/17. Vest Hem – Arsenal – 3:3

Usmon IBODOV

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz