Узбек O'zbek
Madrid – Barselona, Grizmann «Atletiko»ga qarshi. Haftaning eng muhim 4 o‘yini prevyusi­
Shanba, 30 Noyabr
8989

Hafta o‘rtasidagi Yevrokuboklardagi o‘yinlardan keyin dam olish kunlarida ham muxlislarni bir qator markaziy o‘yinlar, azaliy raqiblar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar kutib turibdi. Tribuna.uz «uik-end»da quyidagi to‘rtta uchrashuvni o‘tkazib yubormaslikni tavsiya qiladi.

«ZENIT» - «SPARTAK»
Rossiya Premer-Ligasi
18-tur. 1 dekabr (yakshanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
 21:00
TV-translyatsiya: «Match» TV

Eldor Shomurodovning «Rostov»dagi faoliyati bois, o‘zbekistonlik futbol muxlislarining Rossiya Premer-ligasiga bo‘lgan qiziqishi yanada oshdi. So‘nggi besh turdan buyon gol ura olmayotgan Eldor Shomurodov va uning jamoasi «Rostov» bu turda «Ural»ga qarshi maydonga tushsa, turning markaziy bahsi Sankt-Peterburgda kuzatiladi. O‘zaro prinsipial raqibga aylangan jamoalar «Zenit» va «Spartak» bu turda to‘qnash kelishadi. Sergey Semak shogirdlari ayni damda peshqadamlik qilayotgan bo‘lishsa, Jovanni Tedesko jamoasi 6-o‘rinda bormoqda. Ammo, bu jamoalar to‘qnashuvi arafasida klublarning qaysi pog‘onada ekanligi ham unutiladi. Yakshanba kungi bahs piterliklar hujumchisi Artyom Dzyuba uchun ham alohida ahamiyatga ega. Rossiya terma jamoasi goleadori sobiq klubi sanalmish «Spartak» muxlislari bilan juda yomon munosabatda. Shunday ekan, Dzyuba Peterburgdagi bahsda moskvalik fanatlarga “sovg‘a” tayyorlashga urinishi tabiiy. Qolaversa, to‘purarlik uchun kurashayotgan Artyom «Spartak» darvozasiga yo‘l topa olsa, gollari soni bo‘yicha ham Eldor Shomurodovni ortda qoldirishi mumkin. Rossiyada «yil to‘qnashuvi» deya e’tirof etiladigan bahs murosasiz va tomoshabop kechishi aniq.

Fakt: «Zenit» ushbu mavsumda hali o‘z uyida mag‘lubiyatga uchragani yo‘q.

Sankt-Peterburgdagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:

2019. Zenit – Spartak 0:0

2017/18. Zenit – Spartak 5:1

2016/17. Zenit – Spartak 4:2

«NYUKASL» - «MANCHESTER SITI»
Angliya Premer-Ligasi. 14-tur.
30 noyabr (shanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
 17:30
TV-translyatsiya: «Futbol TV»/«UzReport TV»

Angliya Premer-Liganing ushbu turida markaziy to‘qnashuvlar kuzatilmasa-da, kutilmagan natijalar ro‘y berishi ehtimoli katta bo‘lgan o‘yinlar ro‘yxati uzun. Joriy mavsumda faqatgina 1-turda muxlislari qarshisida «Arsenal»dan mag‘lubiyatga uchragan «Nyukasl» qolgan turlarda uyida taslim bo‘lmadi. Stiv Bryus shogirdlari hattoki «Manchester Yunayted» ustidan ham g‘alaba qozona olishdi. «Qarg‘alar» bu turga start beruvchi qarama-qarshilikda «Sent-Jeyms Park» stadionida «Manchester Siti»ni qabul qilishadi. Aynan ushbu arenadagi so‘nggi o‘yinda Gvardiola shogirdlari «shimolliklar»ga mag‘lub bo‘lgandi. O‘shanda ispaniyalik mutaxassis «Nyukasl»ni o‘zi uchun noqulay raqib sifatida bilishini aytgandi. Bu safargi bahs ham ikki tomon uchun oson o‘tmasligi aniq. Ko‘ramiz, «MYU»ni mag‘lub etgan «Nyukasl» uning hamshaharlarini ham mag‘lub eta olarmikan?

Fakt: «Nyukasl» APL doirasidagi so‘nggi 4 o‘yinda faqat «Aston Villa»ga mag‘lub bo‘ldi.

Nyukasldagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:

2018/19. Nyukasl – Man.Siti 2:1

2017/18. Nyukasl – Man.Siti 0:1

2016/17. Nyukasl – Man.Siti 1:1

«MONAKO» - «PSJ»
Fransiya 1-divizioni.
15-tur. 1 dekabr (yakshanba)

O‘yin boshlanish vaqti: 01:00
TV-translyatsiya: «Match» Futbol-2

Fransuz futboli gegemoniga aylangan «PSJ»ga qarshilik ko‘rsata olayotgan kam sonli klublardan biri «Monako» edi. Biroq, bu klub so‘nggi yillardagi qator yetakchilarini «PSJ» va boshqa klublarga transfer qilib, ayni damda peshqadamlikdan mosuvo bo‘ldi. Shunga qaramay, yana jamoasiga qaytgan Leonardo Jardim «Monako»ni tobora tiklashga intilmoqda. Jamoa tarkibida Mbappe singari yulduzlar bo‘lmasa-da, Golovin kabi iqtidorlar yetarlicha topiladi. «Monegasklar» ushbu turda Fransiya futboli bayroqdoriga qarshi maydonga tushishadi. Tomas Tuxel klubi ayni damda chempionatda yaqqol yetakchi bo‘lsa-da, ularni Monakoda oson bo‘lmagan qarama-qarshilik kutib turibdi. Fransuz futboli shaydolari ushbu klassik to‘qnashuvni o‘tkazib yubormasalar kerak.

Fakt: «Monegasklar» ikki mavsumdan buyon Parij klubini mag‘lub eta olishmayapti.

Monakodagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:

2018/19. Monako – PSJ 0:4

2017/18. Monako – PSJ 1:2

2016/17. Monako – PSJ 3:1

«ATLETIKO» - «BARSELONA»
Ispaniya La Ligasi. 15-tur.
1 dekabr (yakshanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
 01:00
TV-translyatsiya: «Futbol TV»/«UzReport TV»

Haftaning markaziy uchrashuvi La ligada kuzatiladi. Ispaniya poytaxti Madridda Kataloniyaning bosh klubi «Barselona» tashrif buyuradi. Diyego Simeone jamoasi Ernesto Valverde klubiga qarshi saf tortadi. Yangi mavsum oldidan Madriddan Barselonaga ko‘chib o‘tgan Antuan Grizmanni «Vanda Metropolitano» stadionida qanday munosabat kutib turganligini tasavvur qilish qiyin emas. Bunga javoban «Atletiko» sobiq yetakchisi ham o‘zini ko‘rsatishga intilishi aniq. Hozircha peshqadam bo‘lib turgan «Barselona»dan taxtni tortib olish imkoniyati «Atletiko»da bor. «Matraschilar» so‘nggi yillarda qila olmayotgan ishlari – «Barsa»ni mag‘lub etishni uddasidan chiqa olishsa, ochkolar bo‘yicha katalon klubi bilan tenglasha olishadi. Aynan ushbu bahs bu mavsum Simeone shogirdlarining «Real» va «Barsa» bilan bir safda chempionlik uchun kurasha olishadimi yoki yo‘q, degan savolga javob berishi mumkin. Yakshanbadan dushanbaga o‘tar kechasi Madriddagi shiddat va murosasizlik va’da qilayotgan uchrashuvni o‘tkazib yubormang. Messi jamoasi ikki mavsumdirki «Atletiko»ni safarda mag‘lub eta olishmayapti. Bu safar ham qaysi tomon g‘alaba qozonishini oldinda aytish qiyin, ammo shunisi aniqki, Madrid va Kataloniya klubi to‘qnashuvidagi shiddat va murosasizlikdan muxlislar yutadi.

Fakt: «Barselona» ushbu mavsum La Liga doirasida uch marta mag‘lubiyatni tan olgan – barchasi safardagi uchrashuvlarda kuzatilgan.

Madriddagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:

2018/19. Atletiko – Barselona 1:1

2017/18. Atletiko – Barselona 1:1

2016/17. Atletiko – Barselona 1:2

Usmon Ibodov tayyorladi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz