Узбек O'zbek
Superliga jamoasi Pro-liga klubi bilan “o‘tish o‘yini”ni o‘tkazadimi?
Shanba, 16 Noyabr
4662

O‘zbekiston milliy chempionati Superliga bahslari yakunlanishiga uchta tur qoldi. A Pro-ligada esa mavsum yakunlanib, Muborakning “Mash’al” klubi elitaga yo‘llanma oldi, 2-o‘rinni esa Farg‘onaning “Istiqlol” klubi egalladi.

So‘nggi yillarda quyi ligada 2-o‘rinni olgan jamoa Superligaga o‘tish o‘yinida Superligada 13-o‘rinni (o‘tgan mavsum 11-o‘rin) band etgan jamoaga qarshi “pley-off” bahsida maydonga tushgandi. Qolaversa, yil boshida PFL rasmiy saytida e’lon qilingan 2019 yilgi mavsum reglamentining 7-modda “Musobaqalarni o‘tkazish formati”ning 7.3 va 7.4 bandida quyidagicha keltiriladi:

“7.3. Superligada 14-o‘rinni egalagan jamoa “A” Pro-ligasiga tushiriladi. 13-o‘rinni egallagan jamoa “A” Pro-ligasida 2-o‘rinni egallagan jamoa bilan pley-off uchrashuvini o‘tkazadi. Uchrashuv “A” Pro-liga jamoasi maydonida o‘tkaziladi.

7.4. “A” Pro-ligada birinchi o‘rinni egallagan jamoa keyingi mavsumda Superliga uchrashuvlarida o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi. Ikkinchi o‘rin egasi esa o‘tish o‘yinida ishtirok etadi” - deya qayd etilgan yil boshidagi reglamentda.

O‘tgan yillardagi “pley-off”lar va eski reglament bandiga asosan, hozirgacha ko‘pchilik OAVdagi mutaxassis va muxlislar ushbu mavsum yakunida ham Pro-ligadan Superligaga o‘tish o‘yini o‘tkaziladi, degan fikrga borgan.

Aslida esa, 2019 yil mart oyida, Superliga klublari soni 12 tadan 14 taga oshirilgach, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi byurosining qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Professional futbol klublari o‘rtasida futbol bo‘yicha 2019 yil uchun musobaqalar reglamenti”ning 7-moddasi “Musobaqalarni o‘tkazish formati” 7.3 va 7.4 bandiga asosan, o‘tish o‘yinlari o‘tkazilishi haqidagi band o‘zgartirilgan.

Mart oyida tasdiqlangan, reglamentda quyidagicha keltiriladi:

“7.3 Superligada 14-o‘rinni egalagan jamoa “A” Pro-ligasiga tushiriladi.

7.4 “A” Pro-ligada birinchi o‘rinni egallagan jamoa keyingi mavsumda Superliga uchrashuvlarida o‘ynash huquqini qo‘lga kiritadi” – deb qayd etiladi reglamentda.

Ya’ni, tasdiqlangan so‘nggi reglamentda o‘tish o‘yini borasidagi band o‘zgargan. Shunday ekan, mavsum yakunida A Pro-liganing 2-jamoasi (“Istiqlol”) Superligada 13-o‘rinni egallagan jamoa bilan o‘tish o‘yini o‘tkazmaydi va 13-o‘rin egasi elitadagi o‘rnini saqlab qoladi.

Usmon Ibodov 

 

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz