Узбек O'zbek
Alisher Nikimbayev: «O‘zbekiston va Qozog‘iston hech qachon futbol o‘ynamaydi, demaganman»
Shanba, 16 Noyabr
6075

Taniqli futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev qozog‘istonlik jurnalist Oydin Kojaxmetning O‘zbekiston va Qozog‘iston milliy jamoalari o‘rtasidagi 2007 yilda o‘tkazilgan mojaroli o‘yin haqidagi fikrlariga munosabat bildirdi.

Kojaxmet o‘z telegram sahifasida yaqin orada O‘zbekiston va Qozog‘iston milliy jamoalari o‘rtoqlik bahsini o‘tkazishi, natijada ikkala mamlakatning futbol aloqalari tiklanishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Bundan tashqari, 2007 yilda bu jamoalarning Chimkentdagi xalqaro turnirda o‘tkazgan o‘zaro so‘nggi o‘yinini eslab: «Hal qiluvchi bahsda Qozog‘iston va O‘zbekiston milliy jamoalari to‘qnash keldi. Hisob 1:1 bo‘lib turganda O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Anvar Soliyev darvozabon bilan yuzma-yuz chiqdi. Ammo raqib posboni uni jarima maydoni ichida yiqitdi. Qirg‘izistonlik bosh hakam Dmitriy Mashensev hushtagi esa yangramadi. Natijada, butun o‘yin davomida mezbonlarga yon bosib turgan hakamdan norozi bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar delegatsiyasining asabi dosh bermadi. Ular qirg‘izistonlik hakamni o‘rtaga olib, qo‘pol tarzda e’tiroz bildirishdi. Massajchi esa ko‘z o‘ngimda qanot hakamiga musht tushirdi. Xullas, juda katta to‘polon bo‘ldi. O‘yindan keyingi matbuot anjumaniga mehmonlardan faqat O‘zbekiston milliy jamoasi matbuot kotibi Alisher Nikimbayev keldi. U yuz bergan tartibsizliklar to‘g‘risida g‘azablanib gapirdi va O‘zbekiston bundan keyin hech qachon Qozog‘iston bilan futbol o‘ynamasligini e’lon qildi. Ya’ni ikki mamlakat o‘rtasidagi futbol aloqalari uzildi», - deb yozdi.

Alisher Nikimbayev matbuot anjumanidagi aytgan gaplari boshqacharoq bo‘lganini ta’kidladi.

«O‘zbekiston bundan keyin hech qachon Qozog‘iston bilan futbol o‘ynamaydi, demadim. Balki, munosabat o‘zgarmasa, shunday bo‘ladi, dedim. Chunki Chimkentdagi voqealardan oldingi o‘yinlarda ham shunday holatlar bo‘lib turgan. Umuman olganda, bu bahsni ozarboyjonlik hakamlar boshqarishi kerak edi. Biroq, tashkilotchilar o‘yinga qirg‘izistonlik hakamlarni tayinlashdi. Bu holat ozarboyjonliklarni ham, qirg‘izistonliklarni ham (Mashensevdan tashqari) jahlini chiqardi. Bu mojaro uchun shaxsan o‘zim ham mukofotdan mahrum qilinganman», - deb yozdi Nikimbayev «Futbolium» telegram kanalida.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz