Узбек O'zbek
Valeriy Karpin: «Moliyaviy to‘siqlar «Rostov»ni o‘ldirishi mumkin, bunday tarkibni yo‘qotish alamli bo‘ladi»
Chorshanba, 13 Noyabr
8964

«Rostov» klubi bosh murabbiyi Valeriy Karpin jamoada moliyaviy muammolar yuzaga kelganligini tasdiqladi. Rossiyalik mutaxassis bu haqda «Sport Ekspress» nashriga intervyu berdi.

- Vaziyat qanchalik jiddiy?

- Juda ham. Ayrimlar «Rostov»ning chempionlik uchun nega kurasha olmasligi, Yevropa ligasi, Rossiya Kubogi g‘olibligi haqidagi bergan savollariga endi javobimni eslashadi, deb umid qilaman. Hozirgi holatimizda yuqori maqsadlar haqida gapirishning o‘zi noto‘g‘ri. Biz avvalo holatimizdan kelib chiqib gapirishimiz kerak.

- Jamoaning oylik maoshlardan qarzdorligi qancha?

- Uch oylik. Afsuski, bu birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Bunday holat o‘tgan yili ham, bu mavsum ham takrorlanmoqda. Yigitlarga rahmat, barchasini tushunib, sabr bilan vijdonan ishlashda davom etishmoqda. Ammo sabrning ham chegarasi bor. Yigitlarga faqat minnatdorchilik bildirishim mumkin, biroq hozirgi holatimizda qanaqadir jiddiy maqsad haqida gapirish qiyin.

— Jamoaning sabr kosasi to‘ldimi?

- Bilmadim. Shu paytga qadar men bu haqda og‘iz ochmadim, og‘ir vaziyat klub ichidan tashqariga chiqmagandi. Hozirda esa bundan barcha xabar topdi, endi sukut saqlashdan ma’no yo‘q. Bu haqda gapirish kerak.

- Bunday vaziyatda jamoani qanday boshqarayapsiz?

- Bungacha qanday bo‘lsa, shunday.

- Futbolchilar mashg‘ulotlarga chiqmasliklari mumkinmi?

- Hozircha barchasini o‘z nazoratimda saqlab turibman. Hammasi qachon, qayerda qulashini hozircha bilmayman.

- Qarzdorlik holatini futbolchilar sotuvidan bartaraf etilishi ehtimoli qay darajada?

- Buning qanchalik ehtimolligini baholay olmayman. Barcha ma’lumotlardan xabardor emasman.

- Klub prezidenti Artashes Arutyunyans va sport direktori Aleksey Riskin jamoani tark etsa, siz ham klubdan ketasizmi?

- Ha, boshqa bir qator futbolchilardek. To‘g‘ri, menga klubda barchasi yoqadi – ajoyib shahar, ajoyib muxlislar. Ammo klubni shu darajaga yetkazgan, asosiy ustunlardan biri bo‘lgan Artashes Vladimirovich jamoani tark etsa, men ham qolmayman.

- Jamoani tark etsangiz nima bilan shug‘ullanmoqchisiz?

- Uyga boraman, qizimning tarbiyasi bilan shug‘ullanaman.

- Ma’lumotlarga ko‘ra, moliyaviy muammolar klubning moliyalashtirilishi to‘sib qo‘yilganiga taqalmoqda...

- Bu klubni shunchaki o‘ldirishi mumkin. Bilishimcha va eshitishimcha ham shunday. Aslida hech kim ulardan va’da qilinganidan ortig‘ini so‘ragani yo‘q. 

- Kimdan?

- Masalan, yaqin vaqtgacha klub boshqaruvida bo‘lgan viloyat vitse-gubernatori Guskovdan. Uning boshqaruvi davridan milliardlab qarzlar qolgan. Hozirgi klub prezidenti esa jamoani barqaror holatda saqlab qolish uchun shuncha vaqtdan buyon, o‘sha qarzdorlikni uzish bilan band. Biroq, «Rostov» klubi egasi sanalmish viloyat rahbariyatining yordamisiz klubdagi og‘ir vaziyatni bartaraf etish ilojsiz. Va’da qilingan gaplar amalda bajarilmayapti.

- Masalan?

- Aytaylik, ikki yil avval viloyat rahbarlari bilan uchrashuvda va’da qilingan yangi baza qurilishi quruq gapligicha qoldi. Stadionning klub ixtiyoriga topshirilishi aytilgandi. Arena yakunda kimning qo‘liga o‘tishi va u yerda kim o‘ynashini ko‘rishni istardim. Sport vaziri shaxsan o‘zimga stadion «Rostov» klubiga berilishini va’da qilgan bo‘lsa-da, bunga shubham bor.

Hamma va’dalar havoda qolmoqda. Jamoa Arutyunyans va Riskinning katta mehnatlari evaziga yig‘ilgandi. Bunday tarkibni yo‘qotish juda alamli bo‘ladi.

- Barchasi qanday yakunlanishini taxmin qilayapsiz?

- Bu savol ko‘proq - «Rostov» klubi kimga kerak, umuman olganda, jamoa qanday holatda kerak, deya berilgan savolning javobiga bog‘liq. Bu muhim.

Usmon Ibodov tarjimasi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz