Узбек O'zbek
«Yutqazib qo‘ysanglar, O‘zbekistonga qaytmaganlaring yaxshi deyishgandi» — Ilhom Sharipov bilan suhbat
Yakshanba, 10 Noyabr
22653

O‘zbek futbolidagi eng katta yutuq sifatida qolayotgan 1994 yilgi Osiyo o‘yinlari g‘olibligi qo‘lga kiritilganiga 25 yil to‘ldi. Xirosimadagi chempionlikning chorak asrlik yubileyi munosabati bilan Tribuna.uz sayti muxbiri o‘sha g‘olib jamoa qahramonlaridan biri bo‘lgan Ilhom Sharipov bilan intervyu uyushtirdi. Suhbat davomida o‘sha terma jamoaning yetakchi yarimhimoyachisi chempionlikkacha bo‘lgan voqealar, shuningdek, o‘zining o‘sha turnirdan keyingi hayoti haqida so‘zlab berdi.

«1994 yil bir qator kuchli futbolchilar tarkibdan chetda qolishgandi...»

Ilhom aka, avvalambor, Xirosima-94 turniridagi chempionlikning 25 yilligi bilan yana bir marta tabriklaymiz. Dastlab, faoliyatingizdagi eng yorqin musobaqagacha bo‘lgan davrni eslasangiz...

— Bolalikdan har bir oddiy bolakay singari to‘pga oshno tutinganman. Samarqandlik ko‘plab futbolchilarning ilk murabbiyi sanalmish Xachatur Zargaryans qo‘l ostida futbol sir-asrorlarini o‘rganganman. Futbolchilik faoliyatimni 18 yoshimda, 1985 yil Samarqandda «Dinamo» jamoasida Masesov qo‘l ostida boshlaganman. 1987 yilda Birodar Abduraimov sobiq ittifoq chempionati 2-ligasidagi o‘yinlarimni ko‘rib, «Paxtakor» jamoasiga taklif etdi. Yarim mavsumdan keyin yana «Dinamo»ga qaytib, 1990 yilgacha Rustam Istamov, Gennadiy Ichevskiy, Sharif Fayziyev, Nesterenko va Farhod Magometov kabi futbolchilar bilan birga to‘p surdim. O‘sha yili Novikov «Paxtakor» bosh murabbiyi sifatida ish boshlab, meni yana «Paxtakor»ga qaytardi. 1990-95 yillar davomida Toshkent klubi safida chempionlik bilan birga bir qator sovrinlarga ega chiqdim. 1992 yilda yangi tashkil etilgan O‘zbekiston milliy terma jamoasidan chaqiruv oldim.

Yirik musobaqalardagi g‘oliblik tasodifan bo‘lmaydi. 1994 yilgi o‘sha chempion jamoaning yuzaga kelishi qanday sodir bo‘lgan?

— Bu terma jamoaning asosi 1992 yilda Rustam Akramov tomonidan yig‘ilgandi. 1994 yilgi turnirgacha biz bir necha marta yig‘ilib, 2 yil davomida puxta tayyorgarlik ko‘rgandik. Xususan, o‘shanda ilk marta qo‘shnilarimizdan iborat 5ta davlat ishtirokida Markaziy Osiyo Kubogi tashkil etilib, turnirda muvaffaqiyatli qatnashgandik. O‘sha dastlabki terma jamoamizdagi o‘yinlarimiz, qolaversa, 1992 yilda start olgan Oliy Liga o‘yinlaridagi ishtirok evaziga boshqalar qatori men ham ilk marta milliy terma jamoadan o‘rin olgandim.

Hozirgacha aksariyat mutaxassislar o‘sha terma jamoaning yakuniy tarkibini bahsli savollarga sabab bo‘lgan, deb hisoblashadi. Bu borada siz qanday fikrdasiz?

— O‘sha paytda kuchli futbolchilar avlodi yetishib chiqqandi, shu bois Osiyo o‘yinlariga boradigan tarkib e’lon qilinganida, chindanam, tarkib borasida turli savollar yangragan.

Masalan?

— O‘sha paytda ancha kuchli hisoblangan yana bir qator futbolchilar terma jamoadan chetda qolishgandi. Masalan, Rustam Abdullayev, Ravshan Bozorov, Olim Tillayev, Vali Keldiyev, No‘’mon Hasanov, Shuhrat Rahmonqulov. Bular ham klublaridagi o‘yinlari orqali chempionatimizning eng kuchli futbolchilari qatorida turishardi, ammo Xirosimaga boradigan yakuniy 18 kishilik tarkibdan o‘rin olishmagan.

Murabbiy eng kuchlilarni tanlaganmi yoki boshqa sabab ham bo‘lganmi?

— Fikrimcha, bosh murabbiy o‘zi eng kuchli deb bilgan futbolchilarni tanlagan. Yakunda chempionlik qo‘lga kiritilgan ekan, chempionlar muhokama qilinmasligi kerak. Shunchaki, o‘sha paytda milliy terma jamoadan o‘rin olish uchun raqobat juda kuchli edi.

«Bungacha Sobiq Ittifoqni ko‘rgan bizdek futbolchilar uchun Yaponiya bamisoli ertak edi»

Xirosima-94da hech kim O‘zbekistondan chempionlikni kutmagan. Futbolchilarda bu borada ishonch qay daraja bo‘lgan?

— Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlari mustaqillikdan keyingi ilk yirik turnir bo‘lgani bois, qo‘shni davlatlar singari bizda ham tashkiliy jihatdan muammolar bo‘lgan. Aytaylik, o‘shanda faqatgina bir komplekt epikirovkamiz, terma jamoamizda faqat bitta – ko‘k rangdagi liboslar mavjud edi. Ammo, barchamizda vatanparvarlik hissi juda kuchli bo‘lgan, o‘shanda. Buni hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Musobaqa oldidan hech kim bizni favorit sifatida bilmagan. O‘zimiz ham bungacha asosan qo‘shnilarimiz bilan o‘ynaganimiz bois, Osiyo terma jamoalarining qay darajada kuchli ekanidan bexabar edik.

Dastlabki taassurot qanday bo‘lgan?

— Bungacha sobiq ittifoq davlatlarini ko‘rgan bizdek futbolchilar uchun Yaponiya bamisoli ertak edi. Turnirning boshidan oxirigacha faqat yorqin xotiralar qolgan. U yerdagi zamonaviy infratuzilma, sport inshootlari, yuksak madaniyat, Yaponiya tabiati va arxitekturasi - bularning barchasi bizni lol qoldirgan. Bu mamlakat inson nimalarga qodirligi va qanday sharoitda yashashi mumkinligi bo‘yicha ham namuna edi. Ishoning, sobiq ittifoq parchalanishi va endi mustaqil bo‘lib, rivojlanish yo‘liga o‘tgan mamlakatimizdan kelgan sportchilar uchun Yaponiyaga kelish - shunchaki boshqa olamga tushib qolgandek gap edi.

Osiyo o‘yinlariga yo‘l olishdan oldin Rustam Akramov tayyorlagan jamoaga Birodar Abduraimov ham taklif etilgandi. Bu nima bilan bog‘liq edi va jamoaga qanday ta’sir qilgan?

— Sportimiz rahbariyati tajribali sobiq futbolchi va murabbiy sifatida Birodar Abduraimovning terma jamoaga yordam bera olishini inobatga olib, murabbiylar shtabiga qo‘shgandi. Rustam Akramov singari Birodar Hasanovichning ham bizga katta yordami tekkan. Ikki murabbiyning ilk mustaqil terma jamoani boshqarib borishi juda to‘g‘ri qaror bo‘lgan, deb o‘ylayman.

Osiyo o‘yinlarining eng qiyin o‘yini sifatida qaysi bahs yodda qolgan?

— Shubhasiz, Saudiya Arabistoniga qarshi kechgan 1-tur uchrashuvi. Sababi, biz ilk marta xorij terma jamoasi bilan o‘ynayotgan edik va Osiyo terma jamoalaridan qanday o‘yin kutishni ham bilmasdik hatto. Biz Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston singari qo‘shnilarimiz bilan o‘yinlar orqali tayyorgarlik ko‘rgandik, ammo arablar qanday o‘ynashi haqida bilmasdik. Maydonga kuchli hayajon bilan tushgandik. Saudiyani 4:1 hisobida mag‘lub etganimizdan keyin esa o‘zimizga ishonch juda kuchli bo‘lib ketgandi. Guruhda barcha o‘yinni g‘alaba bilan yakunlagach, biz har qanday raqibni mag‘lub eta olishimizga ishongandik.

«Chempion bo‘lganimiz uchun 1500 dollardan berishgandi»

Chorak finalda esa o‘z guruhida Eronni ortda qoldirgan Turkmaniston O‘zbekistonga raqiblik qilgandi...

— Xuddi shunday. O‘shanda Tachmurod Agamurodov qo‘l ostidagi Turkmaniston terma jamoasini mag‘lub etmasak bo‘lmasdi. Eslayman, o‘yin oldidan kiyim almashtirish xonamizga o‘shanda prezident maslahatchisi bo‘lgan rahmatli Alisher Azizxo‘jayev kirib, «Xudo ko‘rsatmasin, Turkmanistonga yutqizib qo‘ysanglar, O‘zbekistonga qaytib bormaganlaring yaxshiroq bo‘ladi», – degandilar. Bu so‘zlar qo‘rquv bilan birga ulkan mas’uliyat ham bergan. O‘shanda qo‘shni terma jamoalar bilan o‘yin natijasi juda muhim sanalardi. Xudo shukrki, Turkmaniston terma jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etdik.

Azamat Abduraimov «yarim finalda Janubiy Koreyani mag‘lub etgach, chempion bo‘lishimizga ishonganman» degandi. Butun jamoa shunday fikrda bo‘lganmi?

— 1994 yilda aynan rossiyalik Anatoliy Bishovets qo‘l ostidagi Janubiy Koreya va yakunda 3-o‘rinni olgan Valeriy Lobanovskiy boshqargan Kuvayt terma jamoasi musobaqadagi eng kuchli terma jamoalar sifatida ko‘rilgandi. Biz koreyslarni faqatgina murabbiylar tanlagan to‘g‘ri taktika – himoyaviy o‘yin evaziga mag‘lub etganmiz. Azamat Abduraimovning mo‘’jizaviy goli bizga final yo‘llanmasini taqdim etgandi va chindan ham barchamiz endi finalda g‘olib bo‘lib, O‘zbekistonga chempionlik bilan qaytishimiz mumkinligiga ishona boshlagandik.

Final oldidan ham mag‘lubiyat bo‘lgan taqdirda, O‘zbekistonga qaytib bormaslik yaxshiroq bo‘lishi haqidagi so‘zlar yangramadimi?

— Yo‘q, aksincha. Murabbiylarimiz bunday imkoniyat har bir futbolchi faoliyatida bir marta bo‘lishi mumkinligi va tarixda qolish uchun yana bitta qadam zarurligini aytishar, shaxsan prezident davlat maslahatchisi hali mustaqil bo‘lganiga uch yil bo‘lgan O‘zbekistonimiz tarixidagi eng yirik g‘alabani qo‘lga kiritib, uyga qaytsak, o‘zbek xalqi bizni unutmasligi, barcha futbolchilarni davlat ordenlari, yuksak mukofotlar kutib turganini aytgandi. Finalda Xitoyni 4:2 hisobida mag‘lub etib, yurtimizga qahramonlardek qaytgandik. Bunday lahzalar bir umr yodda qoladi. Biz tarix yaratgandik.

Toshkentda munosib kutib olinib, taqdirlanish bo‘ldimi?

— Albatta, aeroportdayoq tantanali tarzda kutib olingandik. Bir oy o‘tib «Turkiston»da taqdirlash marosimi o‘tkazilib, hukumatimiz, rahbarlar minnatdorchilik bildirishgandi. Bizni «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi» unvoni bilan taqdirlashgandi.

Moliyaviy mukofot-chi?

— O‘shanda musobaqa davomida ham har bir o‘yindan keyin rahbariyat tomonidan mukofotlanardik. Chempion bo‘lib qaytganimizdan keyin esa har birimizga 1500 AQSH dollari miqdorida mukofot pullari berishgandi.

«5 kishiga «Tico» berilgan»

Hozirgidek chempionlarga avtomoshinalar berish hali yo‘lga qo‘yilmaganmidi?

— O‘shanda Osiyo o‘yinlaridan qaytganimizdan so‘ng «Tico» rusumli avtomobillar ham sovg‘a qilishgandi.

Har bir futbolchigami?

— Yo‘q, faqat 5 kishiga.

Kimlarga?

— Bosh murabbiyimiz Rustam Akramovga, «eng yaxshi darvozabon» sifatida Yuriy Sheykin, «eng yaxshi hujumchi» sifatida Igor Shkvirin, «eng yaxshi o‘yinchi» sifatida Mirjalol Qosimov va jamoa sardori sifatida Farhod Magometovga.

Nega hammaga emas?

— Bunisini bilmadim, o‘shanda rahbariyat shunday qarorga kelgandi.

Chempionlikdan keyin klubdagi faoliyatingiz qanday kechdi?

— 1995 yil «Paxtakor»ni tark etdim va Viktor Jalilov taklifi bilan «Navbahor» safiga o‘tdim. O‘sha mavsum Namanganda juda kuchli jamoa yig‘ilgandi, klub tarixida yagona bo‘lib turgan chempionlikka erishgandik. Namanganddagi uch yillik faoliyatimdan keyin 1999 yil yana Samarqandga chaqirishdi, o‘sha paytdagi viloyat hokimi Erkin Ro‘ziyevning futbolga qiziqishi yuqori edi. Rahmatli Mahmud aka Rahimov yaxshi jamoa shakllantirgandi. Namangandagidek, Samarqandda ham har bir o‘yinda stadionda anshlag kuzatilardi. 2001 yil «Do‘stlik»da to‘p surdim, chempion bo‘lgandik. 2002 yil Leonid Ostroushko Qozog‘istonning «Yesil-Bogatir» klubiga taklif etdi. 2003 yil yana uyimga, Samarqandga qaytib, 2004 yil «Dinamo»da faoliyatimni yakunlashga qaror qildim.

Nega?

— 2004 yilgi mavsum boshlanishi arafasida «Dinamo»da muammolar yetarli edi. Tajribali futbolchi sifatida tashkiliy muammolarni hal qilishga yordam berardim, ammo 37 yoshda maydonda ham 90 daqiqa yugurishga kuchim qolmayotganini sezardim. Ayniqsa, dastlabki turlarda maydonga tushganimda buni yaqqol sezdim. O‘shanda butsani mixga osish vaqti yetdi deb hisobladim.

«Amerikada ishda meni tanib qolib, Ilhom Sharipov ekanligimni ishonishmagandi»

Keyin esa ancha vaqt futboldan chetda qoldingiz...

— Ikki yil. O‘shanda murabbiy sifatida ish boshlashni o‘yladim, ammo buni uddalay olamanmi yo‘qmi deya, ikkilanib yurganimda sobiq jamoadoshim, yaqinda Amerikaga ketgan do‘stim Olim Tillayevdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi: «Ilhom, AQSHga kel, senga ish topib qo‘ydim». Tavakkal qilib, AQSH elchixonasiga bordim, sportchi sifatida ko‘p davlatlarda yurganim bois, o‘zim uchun kutilmaganda 4 yillik viza berishdi. Natijada Oliy Liganing 3-turidan keyin futbolchilikni yig‘ishtirib, Amerikaga jo‘nab ketdim.

Ishlashgami?

— Albatta. Nyu-Yorkda Samarqanddan borganlar ko‘p edi, Olim Tillayev orqali avtomashina yuvish shoxobchasiga ishga kirganman. Ishim avtomatlashtirilgan tizimni «knopka»lar bilan ishlatish edi. Haftasiga 500 AQSH dollari miqdorida maosh olardim.

Bir haftada futbolchidan oddiy ishchiga aylanish oson bo‘lmagandir?

Ikkinchi ish kunimda qiziq voqea bo‘lgandi. «Moyka»mizga chiroyli avtomashina kirib keldi. Mashinasini avtomatyuvishga qoldirgan kishi dastlab menga ancha vaqt uzoqdan termulib turdi, keyin yonimga kelib ham tikilib turib, menga murojaat qildi: «Kechirasiz sizni bir odamga juda o‘xshatdim, siz Ilhom Sharipov emasmisiz?» – deb so‘radi. Xuddi o‘shaman – deb javob berdim. U esa «bo‘lishi mumkin emas, Ilhom Sharipovni 5 kun avval Samarqandda «Dinamo» o‘yiniga stadionga tushganimda, maydonda o‘ynayotganida ko‘rgandim» – dedi.

Hayot shunaqa, futbolni tashlab, Amerikaga pul ishlashga kelganimni zo‘rg‘a tushuntira olgandim (kuladi).

Qachon qaytdingiz?

— Vizam bo‘yicha har yarim yilda O‘zbekistonga qaytib kelardim. 2005 yil yakunida qaytganimda «Paxtakor» klubiga administrator sifatida ishga chaqirishdi. Amerikadan qaytib kelishga qaror qildim. 2006 yil esa Samarqand viloyatining o‘sha vaqtdagi hokimi bo‘lgan A’zamxon Bahromov chaqirib, «Samarqand va o‘zbek futbolidagi ko‘p yillik mehnatingni qadrlab, xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazsak» dedilar. O‘shanda Samarqanddagi «Dinamo» – «Paxtakor» uchrashuvi oldidan Xirosima-94 g‘oliblari taklif etilib, xayrlashuv o‘yinim yuqori tashkilotchilikda o‘tkazilgandi.

«Odil Ahmedov «Anji»ga o‘tishidan oldin, Qatar klubiga deyarli ijaraga bergandik»

Odil Ahmedov bilan «Anji»ga yo‘l olishingiz qanday yuz bergan?

— 2011 yilgi Osiyo Kubogidan keyin Odil Ahmedovni Qatar klublaridan biriga deyarli ijaraga bergandik. Ammo «Anji»dan taklif tushgach, Odil Rossiyaga ketishni ma’qul ko‘rdi. O‘shanda «Paxtakor»da menejer sifatida ishlardim. Klub rahbariyati, qolaversa Odilning o‘zi ham «Anji»ga tezroq moslashishi uchun men ham birga borishimni istadi. Sababi Ahmedovni «Paxtakor» yoshlar jamoasida to‘p surib yurgan paytlardanoq bilardim, unga imkon qadar yordam bergandim. Dastlabki yilda Odil «Anji»da ijara asosida to‘p surdi, o‘zini har tomonlama yaxshi ko‘rsatgach «Anji» «Paxtakor»dan uning transfer huquqini sotib oldi. O‘sha payt «Anji» katta loyihaga aylanayotgani bois, klub meni ham administrator sifatida ishga qabul qilgandi. Asosan, Odilning va klubning tashkiliy ishlariga yordam berardim.

Odil Ahmedovning transfer summasini ayta olasizmi?

— Yo‘q, sir bo‘la qolsin. Shunisi aniqki, bu o‘zbek futbolidagi eng katta transfer bo‘lgandi.

«Anji»da Roberto Karlos, Samuel Eto’O singari yulduzlar jamlangach, klubdagi muhit yomonlashgani rostmi?

— Yo‘q, muhit ajoyib edi. «Anji» katta bir oilaga aylangandi. 2012 yilda Odilning tug‘ilgan kunini Moskvadagi «Uryuk» restoranida «Anji»ning barcha futbolchilari va ularning oilasini taklif etgan holda o‘tkazgandik. Tug‘ilgan kun bahonasida futbolchilarga milliy qadriyatlarimizni namoyish etgandik, osh tanovul qilishgandi.

Umuman olganda, «Anji» ajoyib jamoa edi. Yodimda, kunlardan birida Eto’O klubning poyabzallar bilan ishlovchi ma’muriga o‘z hisobidan 2 xonali uy sovg‘a qilgandi.

«Odil Ahmedov va Bussufaning gapi qochardi...»

Rus matbuotida Odil Ahmedovning yonini olgani uchun Igor Denisov va «Anji»ning yulduz futbolchilari o‘rtasida mojaro chiqqani haqida yozilgandi...

— Yo‘q, bu yolg‘on ma’lumot. Mojaro bo‘lmagan. Odil Ahmedovni barcha futbolchilar hurmat qilardi. To‘g‘ri, mashg‘ulotlarda Odil bilan marokashlik Muborak Bussufaning gapi qochardi, ammo buni mojaro deyish noto‘g‘ri.

Sabab?

— Odil tayanch yarimhimoyachi sifatida mashg‘ulotlarda ham qattiq ishlardi, qo‘polroq harakat qilardi, bu esa Bussufaga yoqmasdi.

«Анжи»ni Odil bilan birga tark etdingizmi?

— Ha. 2014 yilda «Anji»da qiyin davr boshlandi, klub egasi Suleyman Karimov qarori bilan barcha yulduz futbolchilar birin-ketin boshqa klublarga sotib yuborildi. Ko‘p futbolchilar o‘zlarini transferga qo‘yishni so‘rashdi. Ammo Odil Ahmedov klub va dog‘istonlik muxlislar hurmati uchun mavsum oxirigacha «Anji» bilan birga bo‘ldi. Maxachqal’alik muxlislar Odilni juda yaxshi ko‘rishardi. Klub quyi ligaga ravona bo‘lishi aniq bo‘lgach, «Anji» Ahmedovni qo‘yib yubordi. O‘shanda «Zenit», «Dinamo» «Moskva» va SSKA klublari Odilga qiziqish bildirishgan, ammo «Krasnodar» xo‘jayini Sergey Galitskiy yaxshigina mablag‘ evaziga Odilni «Anji»dan o‘z klubiga olib kelgandi. Yarim yil «Krasnodar»da ham Odil bilan birga bo‘ldim, so‘ng 2015 yilda yana «Paxtakor»ga qaytdim. 2016 yil esa «Dinamo»ga chaqirishdi va o‘shandan buyon klubda bosh menejer sifatida faoliyat yuritib kelyapman.

«Anji»ning yulduz futbolchilari bilan aloqalarni saqlab qolganmisiz?

— Faqatgina Roberto Karlos bilan aloqam bor. U jamoani tark etgach, aloqada bo‘lib turardik. O‘tgan yili Toshkentga kelganida ham uchrashgandik.

  Odil Ahmedovni uch so‘z bilan ta’riflay olasizmi?

— Mehnatkash, ko‘ngli va qo‘li ochiq, oilaparvar ajoyib inson.

«O‘sha chempionlarga bepul davolanish imtiyozi bor»

Bugunga kelib, 1994 yilgi chempionlarimizga qanday imtiyozlar mavjud?

— Hukumatga qarashli belgilangan klinakalarda o‘zimiz va rafiqamiz uchun umrbod bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tish, bepul davolanish singari imtiyozlarimiz bor.

O‘sha tarkibdagi chempionlar hali hamon o‘zaro aloqadami, yig‘ilishib turasizlarmi?

— Albatta. O‘sha tarkibimizdan faqatgina darvozabonimiz bo‘lgan Yuriy Sheykin va Ulug‘bek Ro‘zimov oramizda emas. Sheykin 2011 yilda, Ro‘zimov esa 2017 yilda vafot etdi. Yana ikki kishi esa xorijda – Atoyan Gretsiyada, Tixonov esa Rossiyaga ko‘chib ketgan. Qolgan barcha chempionlar o‘zbek futbolida faoliyat yuritishmoqda.

Osiyo chempionligiga ham 25 yil to‘ldi. Aytingchi, so‘nggi marta qachon o‘sha tarkib bilan yig‘ilgan edinglar?

— Ikki yil oldin – 2017 yilda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning taklifi bilan Namanganda yig‘ilgandik. Shu kuni «Navbahor» va o‘sha chempion jamoa faxriylari o‘rtasida ajoyib futbol-shou tashkil etildi, barchamiz bir dasturxon atrofida yig‘ildik, viloyat rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandik. Bungacha ham Azamat Abduraimov va O‘FAning tashkilotchiligida har yil imkon qadar o‘sha jamoa futbolchilari yig‘ilib turamiz.

Faoliyatingizdagi eng kuchli jamoa sifatida O‘zbekiston-94 termasini hisoblaysizmi?

— Terma jamoa sifatida aynan 1994 yili Osiyo o‘yinlarida qatnashgan termamiz eng kuchlisi, men uchun. Tarkib ham kuchli edi, tarkibga kirish uchun ham raqobat juda kuchli bo‘lgandi. To‘p surgan klublarimdan esa «Paxtakor» va 1996 yilgi «Navbahor»da juda kuchli tarkib yig‘ilgandi.

Eng yaxshi davr sifatida qaysi davrni eslaysiz?

— «Paxtakor»dagi 90-yillar boshidagi davrni eng yaxshi davr sifatida eslayman. Sababi, o‘shanda tarkibimizdagi Xoren Oganesyan, Andrey Pyatnitskiy, Sinelov singari kuchli futbolchilar to‘p surgan, ulardan ko‘p narsani o‘rganganmiz. Shuningdek, Mirjalol Qosimov, Igor Shkvirin, Farhod Magometov kabi kuchli futbolchilar bilan to‘p surgandik.

  Yosh futbolchilarga eng avvalo qanday maslahat berasiz?

— Xalqaro maydonlarda to‘p suradigan, katta maosh oladigan, zo‘r futbolchi bo‘lishni istasangiz, eng avvalo internetda o‘tirish va har xil ko‘ngilxushliklarni yig‘ishtirib, faqat mehnat qiling, faqat maydonga va uyga shoshiling. O‘shanda katta natijalarga ham erishasiz, Xudoning o‘zi hamma orzularingizga ham yetkazadi.

Usmon IBODOV suhbatlashdi

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz