Узбек O'zbek
Hafta o‘yinlari: Angliyada «Liverpul» - «Manchester Siti», Germaniyada «yil o‘yini», Italiyada azaliy raqiblar to‘qnashuvi
Juma, 08 Noyabr
11235

Hafta o‘rtasidagi Yevrokuboklardagi o‘yinlardan keyin dam olish kunlarida ham muxlislarni bir qator markaziy o‘yinlar, azaliy raqiblar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar kutib turibdi. “Uik-end”da quyidagi uchrashuvlarni tomosha qilishni tavsiya qilamiz.

 «LESTER» – «ARSENAL»
Angliya Premer-ligasi. 12-tur
9 noyabr (shanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
22:30
TV-translyatsiya: «Futbol TV»/«UzReport TV»

Brendan Rojers qo‘l ostida Klaudio Raneri davrini eslayotgan “Lester” ushbu turda Londonning “Arsenal” klubiga qarshi maydonga tushadi. “Tulkilar”ning so‘nggi 8 ta o‘yindan faqatgina “Enfild”da “Liverpul”ga so‘nggi soniyalardagi penalti evaziga mag‘lub bo‘lganligini aytmasa, qolgan 7 ta uchrashuvda g‘alabaga erishishdi. Buning evaziga Rojers jamoasi Premer-ligada 3-o‘ringa chiqib olgan bo‘lsa, klub yetakchisi Jeymi Vardi eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi. Qizig‘i, yil boshida “Lester” yetakchi himoyachisi Xarri Maguyrni rekord summada “MYU”ga transfer qilgan bo‘lsa-da, hozirga kelib aynan “Tulkilar” himoya qo‘rg‘oni Premer-ligada eng yaxshici bo‘lib turibdi – 11 o‘yinda 8 ta gol o‘tkazishgan.

“Lester”dan ikki pog‘onada pastda borayotgan “Arsenal” esa so‘nggi uchta o‘yinda yuta olmadi – safarda “Sheffild”ga mag‘lubiyat, Londonda esa “Kristal Pelas” va “Vulverxempton” bilan durang. Emeri jamoasi o‘tgan 11 tur davomida faqat 1-turda safardan g‘alaba bilan qayta olishgan, xolos (“Nyukasl”, 0:1). Oradan 10 tur o‘tib, “To‘pchilar” bu muvaffaqiyatni takrorlashga urinishadi.

 Fakt: «Lester» joriy mavsumda hali uyida mag‘lubiyatga uchragani yo‘q.

 Lesterdagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:
2018/19. Lester – Arsenal 3:0
2017/18. Lester – Arsenal 3:1
2016/17. Lester – Arsenal 0:0

«BAVARIYA» – «BORUSSIYA» D
Germaniya Bundesligasi. 11-tur
9 noyabr (shanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
22:30
TV-translyatsiya: «Sport TV»

Ushbu haftada muxlislarni Germaniyada so‘nggi yillarda “yil o‘yini” maqomini olgan “Bavariya” – “Borussiya” uchrashuvi kutib turibdi. O‘tgan 10 turdan buyon peshqadamlar juda ko‘p almashayotgan Bundesligada hozircha kamida 9 jamoa sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borayotgan bo‘lsa-da, mutaxassislar mavsumning yarmiga kelib aynan “Bavariya” va “Borussiya” Dortmund raqobatchilaridan o‘zishini taxmin qilishayotgandi. Ammo, so‘nggi turda “Ayntraxt”dan qabul qilib olingan 5:1 hisobidagi qaqshatqich zarbadan so‘ng bosh murabbiy Niko Kovach iste’foga chiqarilgach, «Myunxen klubi avvalgi gegemonligini saqlab qola oladimi?» qabilidagi savollar yangramoqda. “Bavariya” aynan Dortmund klubiga qarshi o‘yindayoq yuqoridagi savollarga chek qo‘yish imkoniyatiga ega.

Lyusen Favr boshchiligidagi “Borussiya” 2-o‘rinda borayotgan bo‘lsa-da, Bundesliga doirasida so‘nggi va safardagi yagona g‘alabasiga avgust oyida erishgandi. O‘shandan buyon safarda g‘alaba qozona olmayapti. “Asal arilar” Myunxen klubidagi murabbiylar almashinuvi va “nokaut” ta’siridan foydalanib qolishsa, peshqadamlik uchun katta qadam tashlagan va besh yillik noxush an’anaga chek qo‘ygan bo‘lishadi.

 Fakt: “Borussiya” Dortmund Bundesliga doirasida so‘nggi marta 5 yil avval - 2014 yilda “Bavariya”ni Myunxenda mag‘lub eta olgan - 0:3.

 Myunxendagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:
2018/19. Bavariya – Borussiya D – 5:0
2017/18. Bavariya – Borussiya D – 6:0
2016/17. Bavariya – Borussiya D – 4:1

 «YUVENTUS» – «MILAN»
Italiya A Seriyasi. 12-tur
10 noyabr (yakshanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
00:45
TV-translyatsiya: «Futbol TV»/«UzReport TV»

 Italiya A Seriyasining ushbu azaliy raqiblari o‘rtasidagi uchrashuv jarangdor yangrasa-da, bugunga kelib jamoalar o‘rtasidagi farq kattalashib ketgan. Apenin yarim orolida gegemonlikni o‘rnatgan Turin klubiga “Milan”dan ko‘ra, Milanning hamshahri – “Inter” ko‘proq raqobat uyg‘otmoqda. “Yuventus” turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa-da, birorta uchrashuvda osonlik bilan g‘alaba qozona olmayapti. Sarri shogirdlari minimal g‘alabalar evaziga “Inter”ni ortda qoldirishmoqda. “Keksa sinoralar” so‘nggi marta A Seriya doirasidagi o‘z maydonlarida 2017-18 yilgi mavsumda “Napoli”ga (0:1) mag‘lub bo‘lishgan. O‘shandan buyon A Seriyada bu ishni takrorlaydigan jamoa topilayotgani yo‘q.

“Milan” esa Pioli bosh murabbiyga aylangach, o‘tkazilgan 4 uchrashuvdan faqat bittasida “SPAL”ni mag‘lub etgan bo‘lsa, “Roma” va “Latsio”ga mag‘lub bo‘ldi, “Lechchi” bilan durang qayd etdi. Turindagi g‘alaba “Yuve” peshqadamligini mustahkamlasa, “Milan”ni yanada quyiroq o‘rinlarga “uloqtirishi” mumkin.

 Fakt: “Yuventus” so‘nggi marta Turinda “Milan”ga 8 yil avval, 2011 yilda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan.

 Turindagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:
2018/19. Yuventus – Milan - 2:1
2017/18. Yuventus – Milan - 3:1
2016/17. Yuventus – Milan - 2:1

«LIVERPUL» - «MANCHESTER SITI»
Angliya Premer-ligasi. 12-tur
10 noyabr (yakshanba)
O‘yin boshlanish vaqti:
21:30
TV-translyatsiya: «Futbol TV»/«UzReport TV»

Angliya Premer-Ligasida nafaqat ushbu haftaning, balki mavsumning eng muhim o‘yinlaridan biri yakshanba kuni o‘tkaziladi. Mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan Yurgen Klopp jamoasi Pep Gvardiolaning “Manchester Siti”siga qarshi saf tortishadi. Ikki mavsumdan buyon chempionlik uchun asosiy da’vogar sifatida gavdalanayotgan bu klublar o‘rtasidagi “jang” ikki tomon uchun ham juda muhim. “Enfild”da “Qizillar” g‘alaba qozongan taqdirda, 12-turdayoq eng yaqin ta’qibchilaridan 9 ochkolik masofani ta’minlashadi. O‘tgan mavsum yakunida bu jamoalar o‘rtasidagi chempionlik farqi 1 ochkoni tashkil etganligini inobatga olsak, bu mersisaydlarga katta ustunlik berishi mumkin. “Shaharliklar”ning g‘alabasi esa hozirgi 6 ochkolik farqni 3 tagacha qisqartirishi mumkin. Shunday ekan, Gvardiola chempionlik intrigasi davom etishi uchun ham uch ochkodan boshqa natijani ko‘zlamasa kerak. Ayniqsa, Kloppni o‘zidan boshqa murabbiylar mag‘lub eta olmayotgan bir paytda. Ko‘ramiz, Gvardiola “Liverpul”ning mag‘lubiyatsiz seriyasini buza olarmikan?

 Fakt: “Liverpul” so‘nggi marta Premer-Liga doirasida “Enfild Road”da “Manchester Siti”ga 2002/03 yilgi mavsumda mag‘lub bo‘lgan. 16 yildirki, “Manchester Siti” “Liverpul”ni safarda mag‘lub eta olmayapti.

 Liverpuldagi o‘zaro so‘nggi 3 ta o‘yin:
2018/19. Liverpul – Manchester Siti – 0:0
2017/18. Liverpul – Manchester Siti – 4:3
2016/17. Liverpul – Manchester Siti – 1:0

Usmon Ibodov tayyorladi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz