Узбек O'zbek
Uoker darvozabonga aylandi, «Real» o‘ziga kelmoqda, Son yana bir bor uzr so‘radi — YeCHLda kun o‘yinlari
Payshanba, 07 Noyabr
5332

Chorshanba oqshomida Yevropa Chempionlar ligasida guruh bosqichining 4-turi doirasida yana 8ta o‘yin bo‘lib o‘tdi.

A guruhi
«Real» — «Galatasaroy» — 6:0
(Rodrigo, 4, 7, 90+2. Ramos, 14 — penalti. Benzema, 45, 81)

Chempionlar ligasining bu mavsumida «Galatasaroy» juda g‘arib ko‘rinmoqda. Yozda Radamel Falkao bilan tarkibni kuchaytirgan Fotih Terim jamoasidan «Real» va «PSJ» kabi grandlar bilan bir guruhda bo‘lsada boshqa natija kutilgandi. Ammo istanbulliklar 4 o‘yinda bitta ham gol ura olishmadi va bir ochko bilan so‘nggi o‘rinda joylashishdi.

Terim o‘yindan oldin matbuot vakillarini bu o‘yin finalga teng bo‘lishiga, «Galatasaroy»ning yo‘qotadigan hech narsasi yo‘qligi va jamoa g‘alaba uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishiga ishontirgandi. Ammo 14-daqiqadayoq uchrashuv g‘olibi qaysi jamoa bo‘lishi oydinlashib qoldi.

Aftidan Zinedin Zidan boshchiligidagi «Real» asta-sekin o‘ziga kelmoqda. Bu turda eng ko‘p golni ushbu jamoa urdi. Endi jamoa Chempionlar ligasi pley-off bosqichiga chiqishiga hech kim shubha qilmaydi.

«PSJ» — «Bryugge» — 1:0 (Ikardi, 21)

Tumas Tuxel jamoasi amalda uchinchi turdan keyinoq pley-off yo‘llanmasini hal qilib qo‘ygandi, ammo nazariy jihatdan intriga saqlanib qolgandi. Hech kim «PSJ» o‘z maydonida «Bryugge»ga yutqazishi haqida o‘ylamayotgandi. Garchi belgiyaliklar «Santyago Bernabeu»da qahramonlik ko‘rsatishgan bo‘lishsada, uchinchi turda fransuzlar qarshisida ojiz qolishgandi.

Parijdagi javob o‘yini ham o‘xshash ssenariy bilan boshlandi: «PSJ» katta kuch sarflamasdan yaxshigina vaziyatlarga ega bo‘ldi va faqat ulardan bittasidan foydalandi. Ikardi odatdagi ishini qildi - gol urdi.

Ikkinchi bo‘lim zerikarli kechdi. Mezbonlar ortiqcha kuch sarflashni istashmadi, mehmonlarning qo‘lidan hech narsa kelmadi. «PSJ» rasman YeCHL pley-off bosqichiga chiqdi.

B guruhi
«Bavariya» — «Olimpiakos» — 2:0
(Levandovski, 69. Perishich, 89)

«Bavariya» futbolchilari ham rahbariyat bilan birgalikda Niko Kovach ketishini istagani tabiiy, ammo Chempionlar ligasidagi natijalar uchun undan minnatdor bo‘lsa arziydi. Uch turdagi uch g‘alaba myunxenliklarga qolgan turlardagi natijalardan ko‘pam qayg‘urmasdan o‘ynashga imkon berdi, jamoa «Olimpiakos»ga qarshi o‘yinga xotirjam holda tushib keldi.

Greklar jamoasi uchun bu o‘yin juda muhim edi. «Olimpiakos» guruhda so‘nggi o‘rinni egallashni va Yevropa Ligasidan quruq qolishni istamayapti.

Kovachsiz «Bavariya» o‘yinning dastlabki 20 daqiqaligida o‘z o‘yinini topolmadi. Lekin keyin jamoa to‘pni o‘z nazoratiga oldi, Levandovski esa yangi rekordlar sari harakat boshladi. U, Koman va Kimmix birinchi bo‘limdayoq gol urishlari mumkin edi, ammo bu vaziyatlarda «Olimpiakos»ning omadi keldi.

Tanaffusdan keyin esa «Bavariya»ni to‘xtatib bo‘lmay qoldi. Yakunda — ishonchli g‘alaba va Levandovskining yangi rekordi.

U 2019 yilda 39 gol urishga ulgurdi — bu Yevropadagi istalgan futbolchining natijasidan yaxshiroq.

«Bavariya» qatorasiga 12-mavsumda Chempionlar ligasining pley-off bosqichida o‘ynaydi.

«Srvena Zvezda» — «Tottenhem» — 0:4 (Lo Chelso, 34. Son Xyong Min, 58; 61. Eriksen, 85)

«Srvena Zvezda»ga qarshi birinchi o‘yinda Maurisio Pochettino jamoasi hujum chizig‘idagi kombinatsiyalarni yaxshilab o‘zlashtirgandi. Inglizlar Londondagi o‘yinida beshta gol urishgan, ammo serblar o‘z maydonida mudofaada juda yaxshi harakatlanishi kutilgandi. Londonliklar bu mavsumda safarda o‘zlarini yaxshi his qila olishmayapti. Shu tufayli jamoa APLda 11-o‘rinda bormoqda. Bu o‘yindagi mag‘lubiyat jamoani ikkinchi o‘rindan ham tushirib yuborishi mumkin edi.

«Tottenhem»ning birinchi goli — juda ajabtovur chiqdi. Xuddi bunaqasi faqat kompyuter o‘yinlarida bo‘ladigandek edi.

O‘z navbatida «Srvena Zvezda» ham birinchi bo‘limda bir necha qulay vaziyatga ega bo‘ldi, ammo Paulo Gassaniga «Tottenhem»ni qutqardi.

Tanaffusdan keyin esa londonliklar juda tezlik bilan ikkinchi golni ham urishdi. APL doirasida «Everton»ga qarshi o‘yinda Andre Gomeshga qo‘pollik qilgach, raqib futbolchisi og‘ir jarohat olganidan keyin aybdorlik hissidan bir muddat tushkunlikka tushib qolgan koreyalik hujumchi Son Hyong Min telefonini o‘chirib tashlagan va ruhshunos qabulida bo‘lgandi. U Belgraddagi o‘yin qahramoni bo‘ldi (holbuki Pochettino uning holatini hisobga olib uni safar o‘yiniga olib ketmaslik haqida ham o‘ylagandi), birinchi golda ham ishtirok etgan hujumchi ikkinchi bo‘limda 4 daqiqa ichida dubl qayd etdi. U Allining pasidan keyin urgan birinchi golini nishonlamadi, kamera qarshisiga keldi va Gomeshdan uzr so‘radi.

«Shporlar»ning keyingi hujumida Denni Rouz koreyalik hujumchini bo‘sh qolgan darvoza qarshisiga chiqardi. O‘yin yakunida Eriksen yakuniy natijani o‘rnatdi. O‘tgan mavsum finalchisi guruhdagi ikkinchi o‘rinni mustahkamladi va pley-off masalasini amalda hal qildi.

C guruhi
«Atalanta» — «Manchester Siti» — 1:1
(Pashalich, 50 — Sterling, 7)

«Manchester Siti» xotirjamlik bilan g‘alaba qozonishi kutilgan o‘yin turning eng qiziq o‘yinlaridan biriga aylandi. 81-daqiqada, hisob 1:1 ko‘rinishida ekanida inglizlar jamoasi darvozaboni Klaudio Bravo qizil kartochka oldi — u Chempionlar ligasi tarixidagi zaxiradan tushib maydondan chetlatilgan ilk darvozabonga aylandi. Gvardiolada darvozabon qolmagandi, chunki Ederson birinchi bo‘limda jarohat olib almashtirilgandi. Natijada darvozani himoyachi Kayl Uoker qo‘riqlaydigan bo‘ldi.

Qiziq jihati, u maydonga xavfli jarima zarbasi ijro etilishi arafasida tushirildi (Bravo yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelgan raqibni jarima maydoni tashqarisiga chiqib to‘xtatgandi). Uoker esa raqibning aniq zarbasini avval qaytarib, keyin to‘pni ushlab oldi.

Qolgan 10 daqiqa davomida uni bir necha bor bezovta qilishdi, ijtimoiy tarmoqlarda Ederson va Bravo o‘yin davomida birorta seyv qilmagani, Uoker esa darvozasini goldan saqlash uchun jonbozlik qilayotgani to‘g‘risida hazillar yozildi.

«Manchester Siti»ni bu durang ranjitmagani aniq. Chempionlar ligasi guruh bosqichida bu jamoaga raqib yo‘q. Lekin Edersonning jarohati Gvardiolani tashvishga solgani aniq - APLda navbatdagi o‘yin «Liverpul»ga qarshi kechadi. Axir u chempionlik uchun asosiy raqibga qarshi o‘yinda darvozani Uokerga topshira olmaydiku?

«Dinamo» (Zagreb) — «Shaxtyor» — 3:3 (Petkovich, 25. Ivanushets, 84. Ademi, 90. Patrik, 12. Morayes, 90+3. Tete, 90+8)

O‘yin yakunida dahshatli voqealar ro‘y berdi. 80-daqiqada o‘yinda burilish yuz berdi, hakam har ikki jamoaning bittadan futbolchisini chetlatdi, bu ikki jamoaning kuchiga kuch qo‘shdi. Xorvatlar qarshi hujumda ikki gol urib, g‘alabani cho‘ntakda his qila boshlashdi.

Ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda xorvatlar avvaliga jarima maydonida Morayesni qo‘riqlay olishmadi, keyin ahmoqona penalti ro‘y berdi.

Hakam hatto videotakrorga murojaat qilishga majbur bo‘ldi va ukrainlar darvozaboni Pyatovga qarshi qo‘pollik qilingan deb topib, «nuqta»ni ko‘rsatdi.

«Shaxtyor» durang evaziga guruhdagi ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi.

D guruhi
«Bayer» — «Atletiko» — 2:1
(Partey, 41 — avtogol. Folland, 55 — Morata, 90+4)

O‘yinning ilk daqiqalaridanoq «Atletiko» Germaniyaga durang uchun kelganini namoyish qila boshladi. Ispanlar jamoasi futbolchilari butun tarkib bo‘lib «Bayer»ning hujumlarini buzish bilan shug‘ullandi, o‘zlari esa maydonning ikkinchi qismiga o‘tishga shoshilishmadi. Madrid klubi o‘z maydonida «Bayer»ga qarshi kechgan birinchi uchrashuvda ham shu uslubda harakat qilgan, lekin minimal g‘alabaga erishgandi. Ikkinchi o‘yinda ular osonlik bilan maqsadga erisha olmasligi avvalboshdanoq ko‘rinib turgandi.

Peter Bosh jamoasi esa oxirigacha kurashmoqchi va Yevropa Ligasi yo‘llanmasini «Lokomotiv»ga boy berib qo‘ymoqchi emas.

«Bayer»ning birinchi gol kulgili tarzda urildi. To‘p Tomas to‘pga noto‘g‘ri teginishi oqibatida Oblak qo‘riqlayotgan darvozaga borib tushdi.

Tanaffusdan keyin ham «Atletiko» o‘z uslubini o‘zgartirmadi va ikkinchi golni qabul qilib oldi. Bosh vazminlik bilan o‘yinni davom ettirdi, madridliklar esa kech uyg‘onishdi. «Atletiko» ikkinchi golni o‘tkazgach o‘yinni kuchaytira boshladi, Lemar va Korrea xavfli zarbalar yo‘lladi. Ammo keyin yana o‘yin tempi pasaydi. Jamoa o‘yin yakunida bor kuchi bilan yana bir bor oldinga tashlandi va bu Morataning goli bilan yakunlandi.

«Bayer» «Atletiko»ni nafaqat ishonch bilan mag‘lub etish mumkinligi, balki bunga ortiqcha kuch sarflamasdan erishish mumkinligini ham ko‘rsatib qo‘ydi.

«Lokomotiv» — «Yuventus» — 1:2 (Al. Miranchuk, 12 — Remzi, 4. Diyego Kosta, 90+3)

«Loko» qariyb 90 daqiqa davomida deyarli ideal o‘yin ko‘rsatdi.

«Lokomotiv» ko‘proq zarba berdi – 18taga qarshi 16ta. «Lokomotiv» himoyachilari raqib uzatmalari manziliga yetib borishiga qo‘yishmadi. «Lokomotiv» yana gol urishi va g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishi mumkin edi. 78-daqiqada Chorluka raqib hujumini to‘xtatib, to‘pni oldinga tashladi. Lekin Miranchuk ikki himoyachi ta’qibidan qochib keta olmadi.

O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Diyego Kostaning individual harakatlari o‘yin taqdirini hal qildi.

Endi guruhda vaziyat bunday: «Yuventus» (10 ochkov), «Atletiko» (7), «Lokomotiv» (3), «Bayer» (3). Moskvaliklarda nazariy jihatdan ikkinchi o‘rin uchun ham imkon bor: buning uchun keyingi ikki o‘yinda 6 ochko olishi kerak («Bayer»ni uyda qabul qiladi, «Atletiko»ga mehmon bo‘ladi, lekin bu o‘yinda to‘plar nisbati ustunligi uchun ispanlarni 3 gol farqi bilan mag‘lub etish talab etiladi).

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz