Узбек O'zbek
Ko‘ngli bo‘shlar ko‘rmasin (+18): Gomesh, Messi va jahon futbolidagi eng dahshatli yana 5 jarohat
Dushanba, 04 Noyabr
15213

Angliya Premer-Ligasi 11-turi doirasidagi “Everton” – “Tottenxem” (1:1) uchrashuvida noxush voqea yuz berdi. Mezbonlarning portugaliyalik 26 yoshli futbolchisi Andre Gomesh 78-daqiqada dahshatli jarohat olib, o‘yinning 10 daqiqa to‘xtab qolishiga sabab bo‘ldi. Son Xin Minning chetlatilishiga sabab bo‘lgan qo‘polligidan keyin ham Serj Ore bilan to‘qnashgan Gomeshning o‘ng oyog‘i sindi. Tribuna.uz quyida futboldagi eng dahshatli jarohatlarni yodga oladi.

 Lyuk Shou («Manchester Yunayted»)

Angliya terma jamoasi hamda «MYU» himoyachisi Lyuk Shou uchun 2015/16 yilgi Chempionlar Ligasi 1-turi dahshatli tarzda yakunlandi. “PSV”ga qarshi o‘yinda Ektor Morenoning qo‘polligi natijasida Lyuk Shouning chap oyog‘i ochiq sindi. 20 yoshli futbolchiga kislorodli maska kiydirib, maydonda uzoq vaqt tibbiy yordam ko‘rsatildi. 24-daqiqada maydonni zambilda tark etgan Shou, darhol Eyndxovendagi shifoxonada yotqizilib, oyog‘ining ikki joyidan ochiq sinishi tashxisi qo‘yilgan. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng, Shou oradan 8 oy o‘tib, mashg‘ulotlarga kirishgandi.

 Lionel Messi («Barselona»)

2010 yilning 19 sentyabr kuni o‘tkazilgan “Atletiko” – “Barselona” uchrashuvining 90+2-daqiqasida Lionel Messi faoliyatidagi eng qo‘rqinchli jarohatga yo‘lliqandi. O‘yin yakunida hujumga o‘tayotgan argentinalikni madridliklarning chexiyalik futbolchisi Tomash Uyfalushi oyog‘ini o‘ta qo‘pol tarzda bosib oldi. Ko‘rinishidan jarohat qo‘rqinchliga o‘xshasa-da, Messining baxtiga bu faoliyatiga ta’sir qilarli jarohat bo‘lmadi. Pay cho‘zilishi tashxisi qo‘yilgach, Messi ikki haftalik tiklanishdan keyin yana safga qaytdi.

 Franchesko Totti («Roma»)

2006 yilning 19 fevral kuni Italiya A Seriyasi doirasidagi “Roma” – “Empoli” o‘yinida “Bo‘rilar” yetakchisi Franchesko Totti jiddiy jarohat oldi. “Empoli” futbolchisining qo‘polligidan keyin futbolchiga chap oyog‘ini sinishi hamda mushak paylarining shikastlanishi tashxisi qo‘yildi. O‘shanda Tottining bir yilga safdan chiqqani va JCH-2006ga bora olmasligi taxmin qilingandi. Ammo italiyalik shifokorlarning say’-harakatlari bilan “Imperator” 4 oyda jarohatini tikladi va Germaniyadagi jahon chempionatiga yo‘l oldi. Yakunda esa Tottining muvaffaqiyatli o‘yini “Moviy gvardiya” chempionligi bilan tugagandi.

 Jabriel Sisse («Liverpul»)

2006 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida Fransiya terma jamoasi Xitoy termasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi. Afsuski, bahsning boshlanishi futboldagi eng dahshatli jarohat bilan yodda qolgan. 10-daqiqada Xitoy terma jamoasi sardori bilan to‘qnashuvda Fransiya terma jamoasi hujumchisi Jabriel Sisse og‘ir jarohatga yo‘liqdi. Fransuz forvardining oyog‘i sindi. Jarohatga moyil hujumchi o‘shanda jarrohlik amaliyotidan keyin yarim yildan ko‘proq vaqtni tiklanish bilan o‘tkazgan.

 Xenrik Larsson («Seltik»)

1998/99 yilgi UEFA Kubogi doirasidagi «Lion» – «Seltik» uchrashuvida Xenrik Larsson to‘p uchun kurashda fransiyalik himoyachi Serj Blan bilan to‘qnashdi va muvaffaqiyatsiz yiqilish sabab chap oyog‘ining ikki qismidan suyak sinishi kuzatildi. O‘shanda shvetsiyalik hujumchi 8 oyni davolanish bilan o‘tkazdi.

 Eduardo da Silva («Arsenal»)

Eduardo da Silva haqida gap ketsa, “braziliyalik xorvat”ning o‘ta og‘ir jarohati “Arsenal” muxlislarining hali-hamon ko‘z o‘ngidan ketmasa kerak. Angliya Premer-Ligasi uchrashuvi - “Arsenal” – “Birmingem” o‘yinida mehmonlar himoyachisi Martin Teylorning Eduardo da Silvaga nisbatan qaqshatqich “podkat”i natijasida “To‘pchilar” hujumchisi oyog‘idan ayrilishiga sal qoldi. Suyak ochiq sinishi oqibatida futbolchining butsasi osilib qolgandi... O‘shanda londonliklar forvardi qariyb bir yil yashil maydonga qadam qo‘ya olmagandi.

 Andre Gomesh (“Everton”)

3 noyabr kungi APL doirasidagi “Everton” – “Tottenxem” bahsining kulminatsion voqeasi 78-daqiqada sodir bo‘ldi. Mehmonlarning koreyalik futbolchisi Son Xin Min qanotdan hujumga o‘tgan “Everton” a’zosi Andre Gomeshning oyog‘i ostiga otildi, yiqilayotgan futbolchi Serj Orening ham zarbasini qabul qilishga majbur bo‘ldi. “Qizil”ga loyiq ko‘rilgan Son raqibi jarohatini ko‘rib, o‘zini yig‘idan to‘xtata olmagan bo‘lsa, Ore qo‘lini duoga ochishdan boshqa chora topolmadi. 10 daqiqalik yordamdan keyin futbolchi “Gudison Park”in qarsaklar ostida tark etdi.

Dushanba kuni “Everton” Andre Gomeshning jarohati borasida bayonot berarkan, futbolchining to‘pig‘ida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishini tasdiqladi.

“O‘tkazilgan dastlabki tekshiruv natijalari Andre Gomeshning o‘ng oyog‘idagi to‘pig‘i joyidan chiqib ketganligini tasdiqladi. U noma’lum muddatgacha safdan chiqdi”, - deyiladi rasmiy xabarda.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz