Узбек O'zbek
Janub bo‘linmay qoldi. «Buqalar» iroda ko‘rsatgan super derbidan fotogalereya
Dushanba, 04 Noyabr
2067

Rossiya chempionati 15-turidan o‘rin olgan «Krasnodar» — «Rostov» o‘yini chinakam derbiga mos dramatik tarzda o‘tdi. Rossiya janubining eng zo‘ri kim degan savolga javob izlagan «Krasnodar» va «Rostov» muxlislarga super o‘yinni taqdim etishdi.

O‘yinga bo‘lgan qiziqish juda katta edi. Buni Rostovdan Krasnodarga 4 mingdan ko‘proq muxlis kelganidan ham bilish mumkin edi. O‘yin boshlanishi oldidan «Krasnodar» stadioni atrofidagi ko‘rkam bog‘ rostovlik muxlislar bilan gavjum bo‘ldi. Shu o‘rinda JCH-2018 oldidan ochilgan Krasnodardagi stadion juda chiroyli ekanini ham ta’kidlash kerak.

To‘rt tomoni har xil bog‘ va xiyobonlar bilan o‘ralgan stadionga o‘yindan 3-4 soat oldin kelsangiz ham, achinmaymiz. Chunki stadion atrofida xiyobonlar juda ko‘p va ko‘rkam. Stadion atrofida minglab odamlar o‘tirishi mumkin bo‘lgan har xil dizayndagi o‘rindiqlar haqida alohida gapirsa bo‘ladi. «Krasnodar» stadioni chindan Rossiyadagi eng ko‘rkam arenalardan biri ekaniga guvoh bo‘ldik.

Endi o‘yinga kelsak. Karpin «Spartak»ga qarshi kubok bahsida asosiy tarkib futbolchilariga dam berib, «Krasnodar»ga qarshi o‘yinga yaxshiroq holatda yetib kelishni maqsad qilgandi. Bir qarashda shunday bo‘ldi ham...

Bir-birini juda yaxshi tushunadigan Eldor Shomurodov va Aleksey Ionov 34-daqiqada chiroyli golni uyushtirishdi. Eldor qanotga qarab ketayotgandek harakat qilib, to‘pni orqasidan ochilayotgan Ionovga tashlab berdi va Lyosha uzoq burchakni aniq nishonga oldi — 0:1.

41-daqiqaga kelib «Rostov» yana bitta gol urdi. Himoyachilar jarima maydonchasiga uzatilgan to‘pni qaytarishda xatoga yo‘l qo‘yishdi va to‘p Ionovga kelib tushdi. Aleksey bu gal chap oyoqda darvozani ishg‘ol qildi — 0:2.

Ikkinchi bo‘limda ham bir qarashda Karpin jamoasi o‘yinni nazorat qilayotgandek edi, ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda hammasi o‘zgarib ketdi. 90+3-daqiqada Ivan Ignatev darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib borib, gol urdi. Bu gol VAR ko‘rilgach ham bekor qilinmadi. 90+5-daqiqada esa Urosh Spayich bosh bilan gol urib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi.

Shu tariqa butun o‘yinni qahramonlarcha o‘tkazgan va xotirjam g‘alaba sari odimlayotgandek ko‘ringan «Rostov» qandaydir ikki daqiqa ichida yil kambeki «qurboniga aylandi». Kun.uz muxbiri o‘yinni stadiondan kuzatdi va quyida «Krasnodar» va «Rostov» o‘rtasidagi super o‘yindan tayyorlangan katta fotogalereyani e’tiboringizga havola qilamiz.

Muhammadjon G‘aniyev olgan suratlar

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz