Узбек O'zbek
Chempion hikoyalari: Nemanya Matich. Qabristondan «Old Trafford»gacha...
Dushanba, 04 Noyabr
11158

Muxlislarga «Chelsi» va «Manchester Yunayted»dagi o‘yinlari orqali tanish bo‘lgan, serbiyalik yarimhimoyachi Nemanya Matich «MYU» rasmiy sayti uchun o‘z bolaligi, hayoti haqida so‘zlab berdi.

To‘p devordan oshib ketayotganini ko‘rib, bir zum qotib qolasan. «Tosh, qaychi, qog‘oz»dan boshqa umid qolmadi. To‘pni olib kelish uchun faqat shundan foydalanish mumkin, chunki hech kim naryoqqa o‘tishni istamaydi. Axir kim ham qabriston hovlisiga tushishga rozi bo‘lardi? O‘zim katta bo‘lgan serb qishlog‘idagi ilk futbol maydonim o‘sha bo‘lgan. Qabristonga tutashgan loyqa yer.

U yerda o‘t o‘smasdi, shuning uchun maydon ob havoga qarab, yo juda loy yoki juda qattiq bo‘lardi. Shu darajada do‘ng, o‘nqir-cho‘nqir ediki, to‘p aytilgan joyga yetib bormasdi, yoki kutilmaganda sening oldinga kelib qolishi mumkin edi. Doim to‘pni kuzatib, hamma narsaga tayyor turish shart edi.

Men aholisi 1500 kishi bo‘lgan kichik qishloqda katta bo‘lganman. Do‘stlarim ko‘p edi, butun yoshligim futbol bilan o‘tgan, shuning uchun maydon tanlash imkoniyati yo‘q edi – shunchaki, o‘sha yerga borib o‘ynardik, shu. Uyga qaytganimda esa, ota-onam faqat ko‘zlarimdan tanib olishar, chunki butun vujudim loyga botgan bo‘lardi. 

Ammo bu hayot menga yoqardi. Futbol oilamiz uchun ham muhim edi. Otam futbolchi bo‘lgan. Akam ham futbolchi, hozir u «APOEL»da o‘ynaydi, tabiiyki, men ham ularning yo‘lidan ketdim. Otam mening birinchi murabbiyim bo‘lgan, lekin uning qo‘l ostida shug‘ullanishni yomon ko‘rardim. Hatto bir o‘yinda beshta gol ursam ham, u yomon o‘ynaganimni aytar, doim nimadandir kamchilik topardi. Boshqa bolalarga, hatto akamga nisbatan ham bunchalik qattiqqo‘l emasdi, lekin mendan nuqul ko‘prog‘ini kutardi. Doim.

Bir kuni nihoyat u menga yaxshi o‘ynaganimni aytdi. Albatta, buni juda yaxshi eslayman. Yevropa Ligasi yarim finalidagi «Benfika» – «Fanerbahche» uchrashuv edi. «Sen yaxshi o‘ynading» – dedi u o‘yin tugagach. Bu birinchi va oxirgi marta edi. Men hech qachon nega u menga bu qadar talabchan ekanini tushunmasdim, ammo keyinchalik, ortga qaraganimda, hammasi mening foydamga bo‘lganini tushundim. Lekin yetti yoshli Nemanya, albatta, otasi qo‘l ostida shug‘ullanishni yomon ko‘rardi.

Yozgi ta’tillarda biror yerga sayohatga borishga qurbimiz yetmasdi, lekin bu men uchun yaxshi ham edi. U paytlarda mamlakatimiz og‘ir iqtisodiy ahvolda bo‘lgan, shunday bo‘lsa-da, o‘z uyimda o‘tkazgan ta’tillarim menga juda yoqardi. Biz futbol, voleybol, basketbol o‘ynardik, qo‘shni qishloqlar bilan birgalikda har xil turnirlar uyushtirish bilan vaqt o‘tkazardik. Butun yoz mana shunday musobaqalar bilan o‘tardi. Ayniqsa, boshqa qishloqlardan jamoalar kelganida, turnir yanayam qizir, ko‘nglimizda xuddi «Partizan» va «Srvena Zvezda» qarama-qarshiligi kabi, judi shiddatli olov yonardi. Biz o‘z qishlog‘imiz uchun o‘ynar ekanmiz, boshqa joydan kelib, mag‘lub etishlariga chiday olmasdik.

O‘n yoshimda, mana shunday turnirlarning birida, uyimizga yaqin bo‘lgan bir stadionda o‘z o‘yinlarini o‘tkazadigan klubning treneri meni payqab qoldi. Oldimga kelib, yoshimni so‘radi. Men 1988 yilda tug‘ilganimni aytdim.

«Yo‘g‘-ye, sen aniq yoshingni bilmasang kerak», - dedi u. Menimcha, yoshimni kattaroq deb o‘yladi. U otamning tanishlarini topib, telefon qildi. Otam ham aytgach, mening 1988 yilda tug‘ilganimga ishondi. Uning jamoasi Yugoslaviyaning eng kuchli klublaridan biri edi. Otamga mening mamlakatning eng kuchli 16 jamoasi qatnashadigan musobaqada sinab ko‘rmoqchi ekanini aytdi.  

Biz o‘sha turnirda g‘olib chiqdik, men esa, eng yaxshi o‘yinchi deb topildim. So‘ng, «Srvena Zvezda» va «Partizan» menga taklif bilan chiqishdi. «Srvena Zvezda»ni tanladim.

U yerda to‘rt yil o‘ynagach, men u qadar yaxshi o‘ynay olmayotgaimni va jamoani tark etishim mumkinligini aytishdi. Men Belgradga joylashib olgan va shu yerdagi maktabga qatnashim bois, shu shahardan o‘zimga boshqa klub izlay boshladim. Bo‘sh ekanimni bilgan «Partizan» murabbiyi ham meni o‘ziga chaqirdi. Bir yil o‘tib esa, u yerda ham ketishim mumkinligini aytishdi. Bunday paytlarda nima qilishing mumkin? Albatta, ularning nohaq ekanliklarini isbotlashing kerak.

Keyin, ilk boshlagan klubimga qaytdim. Oradan biroz vaqt o‘tib, 18 yoshga kirganimda, Serbiyaning uchinchi divizioniga bordim. Yarim yilni o‘tkazib, Slovakiyaning birinchi ligasidagi «Koshitse»ga joylashdim.

Ikki yarim yil o‘tib «Chelsi», keyin «Benfika», so‘ngra Londonga qaytib, nihoyat «Manchester Yunayted» o‘yinchisiga aylandim. 

Men ayniqsa, onamdan minnatdorman. U doim yaxshi o‘qishimni istardi, darslardan ko‘ra futbolga e’tibor berishimni yoqtirmasdi. Esimda, klubda o‘ynay boshlaganimda, o‘qituvchimga ba’zi darslarga kela olmasligimni, o‘yinlar borligini aytganimda u, «Yaxshi, lekin bu haqida ota-onang menga aytishlari kerak. San hali bolasan», dedi.

Bu haqida onamga aytishim osonmasdi. Uning maktabimga borib, futbol uchun bir nechta dars qoldirishimni so‘rashi, aql bovar qilmas ish edi. U yig‘lab yuborayozdi. Qarorimni qabul qilishi, meni quvvatlashi oson emasdi. Lekin onam o‘z orzulariga qarshi bordi va aytganimni qildi. Aynan u tufayli men futbolda qoldim.

Ushbu mavsum oldidan men ta’tilni o‘z vatanim – Ubeda o‘tkazdim. Bu men uchun eng uzoq ta’til edi. Ubedagi eng yaxshi narsa – u yerning odamlari. Singapur, Xitoy yoki boshqa joylarda turnelar qilganimizda uchratgan odamlarimiz boshqacha, ular uchun bizni ko‘rib qolishning o‘zi katta voqea bo‘lardi. Ubeda esa, hammasi oddiy. Hamqishloqlarim oldimga kelishadi va «Nemanya, qalaysan, ishlar joyidami?» deb so‘rab, o‘tib ketishadi. Bunday muomala meni xursand qiladi. O‘zimni uydagidek his qilaman. Ertalab turib, bolalar bilan basseynga boramiz, keyin men o‘g‘limni futbol o‘ynashga olib boraman. Rafiqam bilan yaqinroqdagi kafeda o‘tirib, kuzatamiz. Bu yerda hamma qatori oddiy insonga aylanaman.

Men hali ham bolalikdagi do‘stlarim bilan aloqadaman. Birgalikda futbol klubiga asos soldik. Bir kuni kechki ovqatda birga o‘tirib, shunaqa qarorga keldik – «kelinglar, bir klub tashkil qilamiz va eng quyi ligadan yuqorida olib chiqamiz».

Dastlabki ikki yilda biz hamma o‘yinda g‘olib chiqdik. 47 g‘alaba bizni birdaniga uch liga yuqoriga, to‘rtinchi divizionga olib chiqdi. O‘tgan yili u yerda sakkizinchi o‘rinni oldik. Uyog‘i nima bo‘ladi, hali ko‘ramiz. 

Serbiyada ko‘pchilik xorij klublariga muxlislik qilishadi, asosan serb futbolchilari to‘p suradigan jamoalarni tanlashadi. Shuning uchun ko‘p serblar «Yunayted»ga ishqiboz. Bitta men uchun emas, bir paytlar Nemanya Vidich ham to‘p surgani uchun. Branislav Ivanovich tufayli «Chelsi» muxlislari ham ko‘paygan. Ilgari Deyan Stankovich o‘ynab yurganda «Inter»ga ham muxlislik qilishardi va hokazo.

Bolaligimda men ham shunga qarab o‘zimga klub tanlardim. Serbiyada «Srvena Zvezda»ga, Yevropada esa, ko‘proq «Valensiya»ga muxlis edim. Chunki Valensiyada otamning do‘sti Miroslav Jukich to‘p surardi. Jukichning o‘g‘li hozir Manchesterda yashaydi va biz do‘stmiz. Dunyo qanchalar tor, shunday emasmi?

Menga Serbiyada bo‘lish yoqadi, lekin Ubedagi ko‘chalardan biriga mening nomimni berishganida chindanam hayron qoldim. Avvaliga, ilk eshitganimda ishonmagandim, lekin keyinroq, o‘sha ko‘chadan o‘tib borayotganimda biroz g‘alati ko‘rindi. Haligacha tushunmayman. Balki 20-30 yildan keyin, o‘z o‘tmishimga qarab, ha, nimadir yaxshi ishlar qilganman, derman, lekin hozir hammasi biroz boshqacha. Albatta, hamqishloqlarim meni qadrlashidan, ular uchun nimadir qilgandek hisoblashlaridan faxrlanaman ham.

O‘sha qabriston devoridan oshib, ancha uzoq yo‘l bosishimga to‘g‘ri keldi.

Nemanya Matich

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz