Узбек O'zbek
Mourino «Arsenal» direktori bilan tushlik qildi
Yakshanba, 03 Noyabr
6590

«Manchester Yunayted»ning sobiq bosh murabbiyi Joze Mourino «Arsenal» direktori Raul Sanlei bilan tushlik qildi. Bu haqda The Times manbasi xabar tarqatdi.

Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, londonliklar klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi Unai Emeri va futbolchilar o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashib borayotganidan, shuningdek murabbiy va futbolchilar o‘rtasida til muammosi mavjudligidan tashvishlanishmoqda. Jamoaning so‘nggi o‘yinlaridagi natijalari ispaniyalik mutaxassisga nisbatan ishonchni so‘ndirmoqda.

Ayni vaqtda «Arsenal» APLni yaxshi biladigan va mashhur bo‘lgan, jamoa bilan yaxshi natijalarga erisha oladigan mutaxassisni yangi bosh murabbiy etib tayinlashni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, «kanonirlar»ga futbolchilar bilan muloqotda til borasida muammo sezmaydigan murabbiy kerak.

«Arsenal» direktori bilan uchrashuv vaqtida portugaliyalik mutaxassis jamoani kelgusida qanday holatda ko‘rayotgani va tarkibda qanday o‘zgartirishlar qilinishi kerakligi haqida fikrlarini bildirgan. Mourinoning rejalari Sanleida katta taassurot uyg‘otgani aytilmoqda. 

Bundan avvalroq, Joze Mourino «Arsenal» taklifini ko‘rib chiqishga tayyorligi, u uchta ingliz klubi bilan sovrin yutishni istayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ammo unga klubni sovrinlar uchun kurashuvchi jamoaga aylantirish uchun direktorlar kengashi tomonidan yetarli miqdorda mablag‘ ajratilishi kafolatlangan bo‘lishi kerak.

So‘nggi ish joyi «Manchester Yunayted» bo‘lib qolayotgan Mourino ushbu jamoa bilan Yevropa Ligasida va Angliya ligasi kubogida g‘alaba qozongan. Undan avvalroq ikki marta «Chelsi»ni boshqarib jami 8ta sovrin qo‘lga kiritgan (3ta — APL, 1ta — Angliya Kubogi, 3ta — Angliya Ligasi kubogi va 1ta — Angliya Superkubogi).

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz