Узбек O'zbek
Klopp yoki Sulsher? Kim zo‘r?
Seshanba, 22 Oktabr
4799

Durang bilan yakunlangan «Manchester Yunayted» – «Liverpul» o‘yini haqida juda ko‘p narsa yozildi, aytildi, muhokama qilindi. Gap hakamning qarorlari yoki «Liverpul»ning mavsumda ilk bor ochko yo‘qotishi emas, aynan murabbiylarning taktik kurashi haqida ko‘proq bo‘lmoqda. Bu tabiiy, chunki o‘yin derbilarga xos emotsiya, kurash va chiroyli gollardan ko‘ra, aynan taktik yurishlar, murabbiylarning qarorlari bilan yodda qoldi.

Aksariyat holatlarda mezbonlar ustozi Sulsherga nisbatan maqtovlar yog‘ilganini ko‘rmoqdaman. To‘g‘ri, bu fikrlarga qo‘shilaman, rostan ham «iblislar» murabbiyining o‘yinga bo‘lgan tayyorgarligi, raqibning eng ustun taraflarini yo‘qqa chiqarib, qurolsizlantirish borasidagi rejalari tahsinga loyiq. Aynan Sulsherning o‘yinga tanlagan rejasi aslida orasida katta masofa bo‘lgan ikki jamoa o‘rtasidagi farqni qisqartira oldi – bugun, kuch borasida yer bilan osmon bo‘lgan ikki klub o‘rtasidagi durang hech kimni hayron qoldirmayapti.

Masalan, bir oycha oldin «Liverpul» mehmoni bo‘lgan «Arsenal» murabbiyi Emeri aynan o‘yinga tanlangan boshlang‘ich taktikada adashgan – romb shaklidagi yarim himoya bilan maydonga tushgan «Arsenal» raqibning asosiy quroli bo‘lmish qanot himoyachilariga haddan tashqari erkinlik berib yuborgandi. Natijada, deyarli hujum uchligi bilan bir chiziqda harakat qilgan Robertson – Trent juftligi bilan 5 hujumchidan iborat qarshilikka londonliklar dosh bera olishmagandi.

Sulsher esa, mavsumda ilk marta 3-4-1-2 bilan o‘ynadi va buning yordamida, «Liverpul»ning qanotlari butkul yopildi. Robertson ham, Aleksandr-Arnold ham o‘zlarining sevimli uslubida harakatlana olmadi. Nafaqat qanotlar, balki «Liverpul»ning har bir o‘yinchisi mana shunday bosimga duch keldi, Sulsher personal ta’qibni tanlagani uchun. Masalan, birinchi bo‘limda mehmonlar yetakchisi Sadio Mane tarkibda eng kam to‘p bilan muomala qilgan futbolchi bo‘ldi, ikkinchi o‘rinda esa, aynan hujumlarni boshlash va o‘yinni tashkil qilishga mas’ul bo‘lgan Fabino – atigi 14 marta. O‘yin haqida fikr bildirgan Joze Mourino haq – «Klopp menyudan norozi bo‘ldi, u go‘sht kutgandi, baliq keltirishdi».

Faqatgina Yurgen Kloppning raqibning rejasiga bergan javobi, ya’ni almashtirishlar orqali maydon markazini kuchaytirish qarori uchrashuv kartinasini o‘zgartira oldi. Bu yerda «Manchester Yunayted» zaxira o‘rindig‘ining kuchsiz ekani ham pand berdi. Aynan markazda yordam bera oladigan futbolchilar yo‘qligi tufayli, Sulsher Kloppga munosib javob qaytara olmadi. Ya’ni, agar jamoalar tarkibining ahvoli, jarohatlar, ya’ni murabbiylar qo‘l ostidagi masalliq nuqtayi nazaridan fikrlasak, aslida durang Sulsherning yutug‘i bo‘lib chiqadi, to‘g‘rimi?

Endi asosiy fikrga kelamiz. Xo‘sh, nima bo‘libdi shunga? Bu o‘yin murabbiy sifatida Sulsherning Kloppdan aqlliroq ekanini ko‘rsatadimi? Nima, norvegiyalik mutaxassis o‘yinga yaxshiroq tayyorlanadi, taktik tomondan kuchliroqmi? Yo‘q.

Murabbiylar odatda, ikki yo‘nalishni teng olib borishlari lozim. Birinchisi, alohida o‘yinlarga tayyorgarlik, ayniqsa, katta o‘yinlarga mos rejalarni ishlab chiqa olish bo‘lsa, ikkinchisi, jamoaning avtomatlashtirilgan o‘yinini yaratish, ya’ni doimo ishlaydigan, suyansa bo‘ladigan poydevorni qurish. Birinchi yo‘nalish – aynan bir o‘yindagi vazifalar, Maneni qanday yopish, Fabinoni qanday zararsizlantirish, Robertsonni qanday cheklash, qaysi nuqtadan hujum qilish bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalishda, umuman, o‘yinlarda qanday qilib hujumni boshlash, to‘pni nazorat qilish, pozitsion hujum, standart vaziyatlar va hokazolar ustida ishlanadi.

Sulsher reja ishlab chiqayotganda aynan «Liverpul»ning ustunliklariga urg‘u berishi, Kloppning esa, ko‘proq o‘z jamoasi o‘yini haqida o‘ylashi, bu murabbiylar o‘rtasidagi farq yoki Kloppning xatosi emas. Shunchaki, yuqorida tilga olganim ikkinchi vazifa Klopp tomonidan yaxshiroq hal qilinganidir. Ya’ni, «Liverpul»ning o‘yini bor, «Liverpul» kuchli, «Liverpul» har tomonlama ustun, shuning uchun Klopp aynan «Manchester Yunayted» bilan o‘yinda raqib haqida kamroq qayg‘uradi – «Liverpul»da har qanday raqibga qarshi ishlashi mumkin bo‘lgan tizim bor.

Biz Kloppni masalan, «Barselona» yoki «Bavariya» kabi kuchliroq raqiblarga qarshi ham ko‘rganmiz. Aslida u ham alohida o‘yinlarga tayyorlanishda benazir murabbiylardan biri. Shunchaki, «Liverpul» oldida bugungi «Manchester»ning darajasi shunday – Klopp bunday o‘yinlarga qalqon bilan emas, qilich bilan kira oladi.

Biz ko‘p ko‘ramiz, aynan Pep Gvardiola yoki Yurgen Klopp kabi murabbiylarning raqib qopqoniga tushib qolishlari, kuchsizroq jamoalar aynan murabbiy ko‘rsatmalari asosida «Manchester Siti» yoki «Liverpul»ni yengib ketishlari. Bu tabiiy holat, chunki «Liverpul» hamma bilan natijaga erishish mumkin bo‘lgan o‘z o‘yiniga ega bo‘lgandan keyin, albatta, bugun yoki ertaga o‘ziga qarshi mukammal tayyorlangan raqibga duch keladi. Durang yoki mag‘lubiyatga uchraydi. Lekin qarang, bunday holatlar juda kam foizni tashkil qiladi, peshqadamlarning «o‘z o‘yini» aksariyat o‘yinlarda g‘alaba olib keladi.

Endi Sulsherga qaytamiz. Xo‘p, raqibga qarshi ajoyib tayyorgarlik, bu uchun maqtaymiz. Go‘yoki, «Liverpul» bilan durang, endi har qanday jamoani yengish mumkinligidan dalolat qiladigandek. Ammo Sulsher har bir o‘yinga shunday tayyorlana oladimi? Ertaga «Norvich» bilan «Pukkining ustunligi shunda», «Kantvelni mana bunday yopish kerak» deb detalli reja tuzadimi? Yo‘q, birinchidan, «Norvich» «Liverpul» emas, ular ham o‘z navbatida «Manchester Yunayted»ga nisbatan taktika belgilashga urinishadi, ikkinchidan esa, har raqibga har xil vazifa va sxemalar bilan o‘ynash futbolchilarning yoki umuman jamoaning o‘sishiga olib kelmaydi.

Bir paytlar Vasiliy Utkin Joze Mourinoinng har qanday jamoasini top klublar qatoriga kiritmaslik kerakligini aytgandi. «Chunki, Mourino urf bo‘la olmaydi, uning o‘yini doim raqibga qarab quriladi, bunday jamoani etalon deyish mumkin emas» deb izohlagandi Utkin fikrini. Mourino xuddi shunday detalli tayyorgarlikni har bir jamoaga nisbatan qo‘llashga harakat qiladi. Menimcha, uning futbolchilari uchinchi yilga bori u bilan ziddiyatga kirishishi ham shundan. Axir futbolchi doim kurashishdan zerikadi, futbol o‘ynashni xohlaydi, shunday emasmi?

Albatta, buni Sulsher bilishi va doimiy ishlaydigan, «Norvich» bilan ham, «Bornmut» bilan ham bir xil tayyorgarlik ko‘rishga zamin yaratadigan o‘z uslubini yaratishi birlamchi vazifa ekanini tushunishi shubhasiz. Bu borada hali Sulsher hech narsani isbotlamadi, bu yo‘nalishdagi harakatlar natijasini bergani yo‘q.

Buni tushuntirish uchun, Frenk Lempard va «Manchester Yunayted» qarama-qarshiligini eslatish kifoya. Bir yil oldin u «Derbi Kaunti» bilan «Old Trafford»ga tashrif buyurgan va mezbonlarni kubokdan chiqarib yuborgan. O‘shanda uning qo‘l ostida «Derbi» edi, tabiiyki, bu jamoa bilan «MYU»ga pastdan turib qaralardi. Raqibga qarshi yaxshi taktik tayyorgarlikka ega murabbiy kerakli natijani qo‘lga kiritgandi. Keyin esa, u «Chelsi» bilan keldi «Old Trafford»ga. Endi tarkib va kuch jihatidan «Chelsi» ustunroq, Lempard bemalol avvalo, o‘z o‘yini haqida qayg‘urish sharoitiga ega edi. Va «Chelsi»ga detalli shaklda tayyorlangan Sulsherning qopqoniga tushdi. O‘z navbatida, juda ko‘p marta Sulsherning o‘z o‘yini bilan o‘ynamoqchi bo‘lgani va kuchsizroq klublar qopqoniga tushib qolganini ham ko‘rganmiz.

Aytmoqchimanki, Sulsherning taktik tomondan Kloppni yengani undan aqlliroq, ustaroq ekanini anglatmaydi. Va yana qo‘shimcha qilish mumkinki, bunday alohida o‘yinlar «Manchester Yunayted»ga faqat top-uchrashuvlarda qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan qandaydir ko‘nikma va tajriba nuqtayi nazaridan foydali, xolos. Ya’ni, bu o‘yinni «MYU»da ishlab ketgan qanaqadir tizim yoki burilish nuqtasi deb qaramaslik kerak. «Manchester Yunayted» kutilmagan bir ochko va o‘z kuchiga nisbatan ishonchga ega bo‘ldi xolos, asosiy mehnat hali oldinda.

Ha aytgancha, o‘sha mehnat uchun qo‘shimcha vaqt ham yutdi Sulsher.

Qahramon Aslanov

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz