Узбек O'zbek
Fransiyalik vazir UEFAdan Turkiyani jazolashni so‘radi
Seshanba, 15 Oktabr
11605

Fransiya yoshlar va sport vaziri Roksana Marasinyanyu UEFAdan Turkiya terma jamoasini turk futbolchilari Yevro-2020 saralashi doirasida Fransiyaga qarshi kechgan o‘yinda namoyish etgan harbiychasiga salomlashish harakati uchun jazolashni so‘radi.

«Fransiya futbol federatsiyasi va politsiya sa’y-harakatlari tufayli o‘yin vaqtida xavfsizlik ta’minlandi. Turkiyalik futbolchilar sportga xos bo‘lmagan holda harbiycha salomlashib vaziyatni izdan chiqarishga harakat qilishdi. Men UEFAdan sanksiya qo‘llashni so‘rayman.

Yevro-2020 saralashi o‘z yakuniga yetmagan, ammo Fransiya to‘g‘ri yo‘lda ketmoqda. Olive Jiruni ajoyib gol bilan tabriklayman, bu gol uni Platiniga yaqinlashtirdi», — deya yozgan Marasinyanyu tvitterdagi sahifasida.

Turkiyalik futbolchilar Suriya hududida kurdlarga qarshi harbiy amaliyot o‘tkazayotgan Turkiya armiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida terma jamoa o‘yinlari vaqtida harbiycha salomlashishmoqda. Avvaliga Yevro-2020 saralashida Albaniyaga qarshi o‘yindan (1:0) keyin shunday harakat sodir etgan futbolchilar Fransiyaga qarshi o‘yindan keyin ham bu harakatni takrorlashdi.

Bu harakat Turkiya muxlislari joylashgan fan-sektorda ham kuzatildi. 

UEFA bunday holatlarga tanqidiy yondashadi. Katta ehtimol bilan, UEFA Turkiya terma jamoasiga nisbatan axloqiy sanksiyalar qo‘llaydi.

Turkiya terma jamoasi ayni vaqtda 19 ochko to‘plagan holda H guruhida birinchi o‘rinni egallab turibdi, shuncha ochkoga ega, faqat to‘plar nisbati ko‘rsatkichi yomonroq bo‘lgan Fransiya ikkinchi o‘rinda bormoqda.

Albaniyaga qarshi o‘yinning so‘nggi daqiqalarida g‘alaba goli urilgach, turk futbolchilari tribunadagi muxlislarga qarata harbiycha salom yo‘llashdi.

O‘yindan keyin kiyim almashtirish xonasida ham futbolchilar va terma jamoaning boshqa xodimlari bu harakatni takrorlashdi. Bu surat terma jamoaning tvitterdagi sahifasida joylashtirildi.

Rasmiy akkauntdagi tvitda «g‘alaba bizning jasur jangchilarimiz va birodarlarimizga bag‘ishlanadi», deya yozilgandi.

Jasuri jangchilar – 9 oktyabr kuni Suriya shimoli-sharqiga bostirib kirgan turkiyalik harbiylardir. Bu hududdagi qurolli nizo tufayli 190 mingdan ortiq kishi boshpanasiz qolgan.

Bu hujumdan maqsad – kurdlarni janubroqqa surib tashlashdir. Turkiya kurdlarni terrorizmda ayblaydi va ular o‘zining janubiy chegaralaridan uzoqroqda bo‘lishini xohlaydi, turklar ular yashab kelayotgan joylarda – Suriya ichkarisiga qarab 30 kilometrlik hududda «xavfsiz hudud» tashkil qilishni mo‘ljallashgan.

Turkiya va kurdlar qarama-qarshiligi tarixi uzoqqa borib taqaladi. Kurdlar – o‘z davlatiga ega bo‘lmagan eng yirik xalq. 1920 yilda Turkiya va Antanta ittifoqi o‘rtasida tuzilgan Sevr tinchlik kelishuviga ko‘ra mustaqil Kurdiston davlati tuzilishi ko‘zda tutilgandi. Ammo hujjat kuchga kirishga ulgurmadi va 1923 yilda Lozanna kelishuvi imzolanishi bilan yo‘qqa chiqdi.

Kurdlar Turkiya tarkibidagi muxtoriyatga erishish uchun 1984 yildan buyon kurashib kelmoqda.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz