Узбек O'zbek
«Ovga chiqqan» «oq bo‘rilar» xohlaganicha gol urgan o‘yindan fotogalereya
Payshanba, 10 Oktabr
9519

O‘zbekiston milliy jamoasi JCH-2022 saralashidan o‘rin olgan Yamanga qarshi o‘yinda chiroyli o‘yin ko‘rsatib, g‘alaba qozondi. Vadim Abramov boshchiligida ilk o‘yinida maydonga tushgan «oq bo‘rilar» raqib darvozasiga beshta gol urdi.

O‘yin boshlanishida yigitlarimiz qiyinchilikka duch kelishi kutilgandi, chunki Singapur va Saudiyaga ikkitadan gol urib durang o‘ynagan Yaman bizga ham jiddiy qarshilik mumkin edi, ammo Sanjar Qodirqulov 3-daqiqadayoq gol urib, vaziyatni yengillashtirdi.

O‘yin davomida futbolchilarimiz sensatsiya ko‘rsatish uchun bel bog‘lagan Yamanga hech qanday imkoniyat qoldirishmadi desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Yamanliklar murabbiyi Shomurodovni qo‘riqlash uchun alohida rejamiz bor degandi, ammo Eldor bu rejani 33-daqiqada yo‘qqa chiqardi. Farrux Sayfiyevning zargarona uzatmasini Rossiya chempionati to‘purari bosh bilan darvozaga joylab qo‘ydi.

Ikkinchi bo‘lim Jamshid Iskandarovning super goli bilan boshlandi. Uzoq vaqt milliy jamoaga chaqirilmay qolgan Jamshid Yaman bilan o‘yinni yuqori saviyada o‘tkazdi. U birinchi golda hujumni boshlab bergandi, Jamshidning goli esa juda ajoyib chiqdi. Keyingi ikkita gol Islom To‘xtaxo‘jayev va Igor Sergeyev hisobida yozildi.

Shu tariqa O‘zbekiston milliy jamoasi juda muhim o‘yinda g‘alaba qozonib, saralashdagi ochkolar hisobini ochdi. Quyida O‘zbekiston — Yaman o‘yinidan tayyorlangan fotogalereyani e’tiboringizga havola qilamiz.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz