Узбек O'zbek
Neymar: «Kamgaplikdan qutulmoqchiman»
Seshanba, 24 Sentabr
3967

«PSJ» hujumchisi Neymar Daily Mail muxbiri bilan suhbatda ruhiy salomatligi va xatolardan xoli bo‘lish imkonsizligi haqida gapirib o‘tdi.

«Tabiatan juda kamgapman, ko‘p ham gapiravermaslikka harakat qilaman. Oqibatda esa bu xafsalam pir bo‘lishiga, jahlim yig‘ilib qolishiga, portlashimga va odamlar bilan to‘g‘ri muomalada bo‘la olmasligimga sabab bo‘lyapti.

Buni yaxshilashga harakat qilyapman. Kim bilandir suhbatda bo‘lishimga to‘g‘ri kelib qolsa, ko‘proq gapirishga urinyapman. O‘ylashimcha, bu samara beryapti.

Ruhan tetik bo‘lsang, hammasi tabiiy ravishda ketaveradi, ko‘proq to‘g‘ri qarorlar qabul qila olasan. O‘zingni yaxshi his etmayotgan bo‘lsang, voqealar sen o‘ylaganchalik bo‘lib chiqavermaydi.

Sendan doim mukammal shaxs bo‘lishni kutishadi. Lekin inson bunday bo‘la olmaydi.

Bir necha marta xatoga yo‘l qo‘ydim. Bu xatolarimdan keyin o‘zimga ishonchimni tiklab olishim oson bo‘lmadi. Lekin menimcha, muvaffaqiyatsizlikka uchrash normal holat. Bu ham hayotning bir qismi. Xatolar orqali o‘sib, o‘rganib borasan kishi.

Ota-onam, singlim, oilam va do‘stlarim – men ular uchun futbol o‘ynayman, ular uchun har kuni mashq qilaman. Chunki ular doim yonimda bo‘lishlarini bilaman. Hech vaqom yo‘qligida menga yordam berganlar shular bo‘ladi. Meni ruhlantirib turishadi.

Har bitta o‘yin oldidan musiqa tinglayman. Doim ibodat qilaman, ba’zida otam bilan birga. Ibodat o‘zimni yaxshi his etishimga yordam beradi, deb o‘ylayman», – dedi Neymar.

Eslatib o‘tamiz, hujumchi La Ligaga qaytishi ehtimoli borligi sabab mavsumning dastlabki o‘yinlarini o‘tkazib yuborgan, Parij klubi bosh murabbiyi Tomas Tuxel klubdagi kelajagi masalasi hal bo‘lguniga qadar uni maydonga tushirmasligini aytgan edi.

U «PSJ»ning Fransiya chempionatidagi so‘nggi ikki o‘yinida so‘nggi daqiqalarda g‘alaba gollari muallifi bo‘ldi.

Teglar

O'xshash yangiliklar

Tavsiya etamiz